OTMlarga kirish imtihonlari yakunlandi. Endi abituriyentlar yo‘nalish tanlaydi
Jamiyat
−
24 iyul 4429 2 daqiqa
Kecha, 23 iyul kuni davlat oliy ta’lim va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlari yakuniga yetdi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, test sinovlarining so‘nggi o‘ninchi kunida respublika bo‘yicha 45 ming nafardan ortiq abituriyent ishtirok etgan. Ushbu kunda test sinovi qoidalarini buzgan abituriyentlar qayd etilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kun davom etgan test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan jami 664 ming 609 nafar abituriyentdan 610 ming nafardan ortig‘i qatnashgan. Test sinovlari tartib-qoidalarini buzgan 70 nafardan ortiq abituriyent esa jarayondan chetlashtirilgan.
Agentlikning ma’lum qilishicha, test topshirgan abituriyentlar bugun, 24 iyul kuni test sinovlarining 10-kuni natijalari e’lon qilingach, 25 iyuldan 8 avgustga qadar (shu kuni ham) ikkinchi bosqich tanlovida ishtirok etishi mumkin.
Bu bosqichda abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari, ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim shakllari hamda ustuvorliklarini tanlaydi. Ma’lum qilinishicha, yakuniy mandat natijalari ikkinchi bosqich tanlovi yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yilida barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita oliy ta’lim muassasalariga qabul tanlovining keyingi bosqichiga o‘tkazilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 14–23 iyul kunlari bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi