Ot izini toy bosadiyov... Berdimuhamedovning o‘g‘li prezidentlikka nomzodini qo‘ydi

Jamiyat

image

Turkmanistonning amaldagi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li 40 yashar Sardor Berdimuhamedov 12 mart kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda Turkmanistonning mahalliy nashrlari xabar bermoqda.  

“Bugun Turkmaniston jamoat tashkilotlari markazida Turkmaniston demokratik partiyasining navbatdan tashqari IX qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Uning kun tartibiga ko‘ra, Turkmaniston Prezidenti lavozimiga Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Sardor Gurbanguliyevich Berdimuhamedov nomzodi ilgari surildi”, deyiladi xabarlarda. 

Qayd etilishicha, Sardor Berdimuhamedovning nomzodi Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qiluvchi “Turkmaniston demokratik partiyasi”dan ilgari surilgan. 

Yig‘ilish ishtirokchilari Sardor Berdimuhamedovning nutqini tinglab, uning mamlakat prezidentligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlaganlar. 

Bugun, 14 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, uning birinchi bosqichi nomzodlarni ko‘rsatish bo‘ladi. Nomzodlar siyosiy partiyalar yoki fuqarolar guruhlari tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Mamlakatda uchta partiya bor: Demokratik partiya, Agrar partiya va Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi.

Mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq prezidentlikka nomzodlar 40 yoshga to‘lgan, shu mamlakatda tug‘ilgan va unda so‘nggi 15 yil davomida doimiy yashayotgan va ishlagan fuqarosi bo‘lishi kerak. U yetti yilga saylanadi.

Sardor Berdimuhamedov 2021 yil fevralidan beri Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shuningdek, u Axalteke yilqichilik xalqaro uyushmasi va “Turkman Alabay” xalqaro uyushmasiga rahbarlik qiladi.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonni 2007 yildan beri asli kasbi shifokor bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov boshqarib kelmoqda. U bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi raisi, Parlament yuqori palatasi raisi va Oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida qatnashgan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash, o‘z o‘rnini yosh kadrlarga topshirish niyatida ekanini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Berdimuhamedov

Baholaganlar

231

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing