Berdimuhamedovning o‘g‘li Prezident bo‘lsa, nimalar qilishini aytdi

Olam

image

Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li, 12 mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari saylovlarda hukmron partiya tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan Sardor otasining tashabbuslarini amalga oshirishni maqsad qilgan. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni kuni Turkmaniston TDH davlat agentligi xabar berdi.

Hukmron Demokratik partiyaning kecha bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari qurultoyida Berdimuhammedov nomzodi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Agentlik xabariga ko‘ra, Bosh vazirning amaldagi o‘rinbosari Berdimuhamedov yig‘ilganlarga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, agar u prezidentlikka saylansa, “u ajdodlarning ma’naviy tamoyillari va merosiga amal qilishda davom etishiga, bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini ayamaslikka, Vatan va xalq farovonligi, millat rahbarining tarixiy va’dalarini hayotga tatbiq etishga qunt va ijodiy yondashishiga” ishontirgan.

Davlat agentligining ta’kidlashicha, nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha kampaniya davom etmoqda va “boshqa ariza beruvchilarning ismlari tez orada ma’lum bo‘ladi”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida qatnashgan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash, o‘z o‘rnini yosh kadrlarga topshirish niyatida ekanini aytgandi. 

Kecha, 14 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, uning birinchi bosqichi nomzodlarni ko‘rsatish bo‘ladi. Nomzodlar siyosiy partiyalar yoki fuqarolar guruhlari tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Mamlakatda uchta partiya bor: Demokratik partiya, Agrar partiya va Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi.

Mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq prezidentlikka nomzodlar 40 yoshga to‘lgan, shu mamlakatda tug‘ilgan va unda so‘nggi 15 yil davomida doimiy yashayotgan va ishlagan fuqarosi bo‘lishi kerak. U yetti yilga saylanadi.

Sardor Berdimuhamedov 2021 yil fevralidan beri Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shuningdek, u Axalteke yilqichilik xalqaro uyushmasi va “Turkman Alabay” xalqaro uyushmasiga rahbarlik qiladi.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonni 2007 yildan beri asli kasbi shifokor bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov boshqarib kelmoqda. U bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi raisi, Parlament yuqori palatasi raisi va Oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston Sardor Berdimuhamedov

Baholaganlar

511

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing