Shavkat Mirziyoyev “Avaza”da qanday tashabbuslarni ilgari surdi?
Jamiyat
−
17:03 868 3 daqiqa
Bugun, 8 oktyabr kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev savdo, transport, energetika va boshqa sohalarga oid yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Maslahat uchrashuvidagi nutqidan asosiy fikrlar:
- So‘nggi yillarda Markaziy Osiyodagi munosabatlarning muhiti o‘zgardi, yetakchilar tez-tez uchrashib, masalalarni ochiq muhokama qilib, yechimlar topib, bir-birini qo‘llab-quvvatlay boshladi;
- XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayonlarining yakunlanishi tarixiy voqea bo‘ldi;
- Mintaqa xalqaro maydonda ancha ishonchli va sezilarliroq tarzda namoyon bo‘lmoqda;
- Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichini belgilab olish kerak. Bugun ularni yanada mustahkamlash va aniq mazmun bilan boyitish imkoniyati paydo bo‘lmoqda;
- Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish taklif etildi;
- Iqtisodiy hamkorlik yangi darajaga ko‘tarilishi kerak. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmining o‘sishi bo‘yicha jiddiy maqsadlar qo‘yilgan. Endi bu o‘sish nimaning hisobiga ta’minlanishini belgilab olish zarur;
- Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035 yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur umumiy geografiyamizdan foydalanishda yordam beradigan amaliy vositaga aylanishi kerak;
- Davlatlar bilan odatdagi savdo-sotiq qilish endi yetarli emas, birgalikda yakuniy mahsulot yaratish lozim. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi qanday marraga intilish kerakligini yaxshi ifodalaydi. Bu boradagi ishlarni rivojlantirish uchun 2027 yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif etildi;
- Qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platforma yaratish muhimligi ta’kidlandi;
- Mintaqa global savdoning quruqlikdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkinligi qayd etildi;
- Bunday muvofiqlashtiruv uchun Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tuzishni tezlashtirish va uning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi;
- Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, energiyani saqlashning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish va yangi energetika yo‘laklarini yaratishni yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beruvchi kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlash taklifi bildirildi;
- Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar o‘n yilligi to‘g‘risidagi umumiy tashabbusni to‘liq amalga oshirish muhimligi qayd etildi;
- O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida raislik davridan Jamg‘arma ishini yanada samarali tashkil etish, yangi ekologik loyihalarni ishga tushirish va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish uchun foydalanish niyatida;
- Suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha Afg‘oniston bilan muloqotga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu muloqot doimiy va aniq mazmunga ega bo‘lishi, mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishi shart;
- O‘zbekistonning Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyansni tashkil etish borasidagi tashabbusiga muvofiq ishlarni faollashtirish taklif qilindi. Markaziy Osiyoning muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish bu borada birinchi qadamlardan biri bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi;
- Mamlakatlarning imkoniyatlarini birlashtirish va Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash taklif qilindi;
- Talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish taklif etildi. Unda bugungi kunda mutaxassislar tanqisligi sezilayotgan va yaqin yillarda talab o‘sib boradigan yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatlarning prognoz ma’lumotlarini birlashtirish mumkin;
- “So‘nggi yillarda biz ko‘p narsaga erishdik. Endi bu o‘zgarishlarni mustahkamlash va hamkorligimizni kelgusi o‘n yilliklar davomida barqaror qilish muhimdir. Formula oddiy: taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch”;
- “Kelgusi avlodlarga qanday mintaqa qoldirishimiz uchun javobgarmiz. U tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli bo‘lishi va odamlarga munosib yashash, mehnat qilish, o‘qish hamda farzandlarni voyaga yetkazish imkoniyatlarini berishi kerak”.
Live
Barchasi