Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefonda gaplashdi
Jamiyat
−
18:54 460 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 oktyabr kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston tomonidan Avazada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, MDH sammiti hamda Kaspiy ekologik forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan.
Mazkur tadbirlar Turkmanistonning mintaqaviy muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini yana bir bor namoyon etgani ta’kidlangan.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Xususan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika aloqalarini mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligi qayd etilgan.
Shuningdek, Avazada O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu mexanizm ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
“Avazada O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganiga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.
Suhbat yakunida tomonlar ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga asoslangan O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini izchil rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga intilishlarini tasdiqlagan.
Live
Barchasi