Putinning samolyoti Turkmanistondan qaytishda muammoga uchradi
Olam
−
15:48 965 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samolyoti Turkmanistondan qaytishda Ukraina dronlarining hujumlari sababli Moskvaga qo‘na olmadi va Sankt-Peterburgga borishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “FlightRadar24” servisi ma’lumotlariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 9 oktyabr kuni Rossiya poytaxtiga qilingan dron va havo sharlarining keng ko‘lamli hujumi paytida yuz bergan. Ushbu hujum davomida Moskvaning barcha aeroportlari faoliyati bir necha soatga to‘xtatilgan. Bu vaqtda shaharga bir nechta hukumat samolyotlari uchib kelgan bo‘lib, parvozlar haqidagi ma’lumotlardan ko‘rinishicha, ularning bortida Turkmanistondagi MDH sammitidan qaytayotgan Putin va uning yordamchilari bo‘lgan.

“FlightRadar24” ma’lumotlariga ko‘ra, laynerlar yo Moskva osmonida aylanib yurgan, yoki Peterburgdagi zaxira aerodromiga yo‘l olgan. “Novaya pload” Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, “Rossiya” maxsus uchish otryadining to‘rtta borti (ulardan uchtasi Turkmanistondan qaytayotgan bo‘lgan) “Moskva yaqinidagi kutish zonasida” manyovrlar qilishga majbur bo‘lgan va bu “maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan beri ilk bor” sodir bo‘lgan. “FlightRadar24” ma’lumotlariga ko‘ra, oqibatda Turkmanboshidan dastlabki ikkitasidan kechroq uchib chiqqan 96025 raqamli bort Sankt-Peterburgga, zaxira aerodromiga yo‘l olgan va muayyan vaqt o‘tgachgina Moskvaga uchib ketgan. Putinning o‘zi joriy yilning 8 oktyabr kuni Turkmanistonda aynan ushbu Prezident layneri trapidan tushgan.
NYT’ning yozishicha, Rossiya prezidenti ixtiyorida bir nechta Il-96-300PU samolyotlari mavjud bo‘lib, ular yadroviy nizo sharoitida bevosita havodan turib qo‘mondonlik markazini boshqarish imkonini beradi. “Uchar Kreml” deb ataluvchi Prezident layneri Putinning xavfsizligini ta’minlash uchun soxta nishon vazifasini o‘tovchi bir xildagi samolyotlar hamrohligida parvozlarni amalga oshiradi.
Biroq Putin Turkmanistondagi sammitdan Peterburgga uchib ketishga majbur bo‘lgan aynan o‘sha samolyotda qaytgani yoki qaytmagani hozircha noaniqligicha qolmoqda. Rossiya rasmiylari ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh bergani yo‘q.
Live
Barchasi