Ostin urush boshlangandan beri birinchi marta Shoygu bilan muzokara o‘tkazdi

Olam

image

Bugun, 13 may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya Mudofaa vazirlari urush boshlanganidan beri ilk bor muzokara o‘tkazdi. Pentagon Rossiyani Ukrainada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pentagon rahbari Lloyd Ostin 13 may kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bu AQSH va Rossiya mudofaa idoralari rahbarlarining 18 fevraldan beri birinchi suhbati bo‘lgan.

“Ostin Ukrainada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va aloqa liniyalarini saqlab qolish muhimligini ta’kidladi”, deyiladi Pentagonning muzokaralar yakunlari bo‘yicha bayonotida.

Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida, o‘z navbatida, suhbat Amerika tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgani qayd etilgan.

“Xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari, jumladan, Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi”,  deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Mudofaa vazirligi mart oyi oxirida RF Mudofaa vaziri Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Gerasimov qo‘ng‘iroqlarga javob bermayotganini aytib, Rossiya Ukrainadagi urushda muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun Shoygu ishlardan chetlatilganini da’vo qilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

27

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing