Deputatlar OAV norozi bo‘lgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
28 dekabr 2021
6519O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qulladi. Loyiha bugun, 28 dekabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida reklamaning aylanishi sohasida Vazirlar Mahkamasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi (reklama sohasidagi vakolatli davlat organi), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining aniq vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Mazkur hujjat bilan reklama va OAV sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlar hamda ularning faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish maqsadida ayrim normalar bekor qilinmoqda.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasining jamoatchilik uchun e’lon qilingan tahririda 18-moddasida shunday bandlar bor ediki, unga ko‘ra, quyidagilarni tayyorlashda homiylik va hamkorlikka yo‘l qo‘yilmaydi:
• yangiliklar to‘g‘risidagi axborot-tahliliy ko‘rsatuvlarda;
• reklama roliklari va bloklarida;
• teleradiodasturlarning anonslari va bloklarida.
Biroq ushbu norma nafaqat OAVning, balki tadbirkorlarning faoliyatiga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi bilan ahamiyatli.
Bundan tashqari, qonunning 29-moddasida dori vositalari reklamasida quyidagilar taqiqlanishi ko‘zda tutilgandi:
• reklama qilinayotgan dori vositasining narxi yoki narx siyosati to‘g‘risida biror-bir eslatmadan foydalanish yoki ushbu dori vositasining qulay narxda ekanligi to‘g‘risida taassurot qoldirish;
• taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi qiyofasiga o‘xshash shaxslar ishtirokidan foydalanish;
• jamoatchilikning dori vositasining ta’siri haqidagi minnatdorlik, tavsiyalar va e’tiroflaridan foydalanish;
• kasallik (jarohat) va (yoki) dori vositalarining inson tanasiga ta’sirida yuz beradigan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi videotasma, tasvirlar va vizual namoyishlardan foydalanish;
• ulardan foydalanish yoki iste’mol qilish jarayonlarini tasvirlash.
Bu norma ham tadbirkorlar va reklama tarqatuvchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Negaki, ishlab chiqilgan dori vositalarini reklama qilishdan maqsad preparatning foydali tomonlari, hamyonbopligi, undan qanday foydalanilishi yoki iste’mol qilinishi haqida aholiga yetarlicha ma’lumot berishdan iborat. Dori vositasini xarid qilish yoki iste’mol qilish esa iste’molchining tanlovidir.
Mazkur bahsli normalar deputatlar ma’qullagan loyihada qolddirildimi yoki tahrirlandimi bunisi hozircha noma’lum.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr