“Parashok”dan “qazi”gacha. Bolalar televizorda nima ko‘ryapti?
Tahlil
−
13:55
3028“Mazza qilib reklama ko‘rib o‘tirsang, orasiga kino qo‘yib yuborishadimi-ye. Reklama kerak-ku, bizga kinoning nima keragi bor?” qiziqchi Hojiboy Tojiboyev bir necha yillar oldin aytgan so‘zlari hozir ham dolzarb. Sababi, hanuz o‘zbek telekanallarida “boshi-keti ko‘rinmaydigan”, oilaviy televizor tomosha qilganda odamni xijolatga qo‘yadigan reklamalar efirga uzatilyapti. “Reklama telekanal daromad manbai-da, uning ko‘pligi ham tabiiy”, deyishga shoshilmang. To‘g‘ri, kattalar ko‘radigan kanallardagi reklamalar uchun bu oddiy holdir. Ammo bolalar telekanalida-chi, mablag‘ sabab istalgan narsani reklama qilish qanchalik to‘g‘ri? To‘g‘riligini ham qo‘ying mumkinmi o‘zi? QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha izlanishlar olib bordi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda O‘zbekistonda bolalar uchun mo‘ljallangan 2 ta telekanal mavjud. Bular “Bolajon” va “Aqlvoy”.
“Bolajon” telekanali 2013 yil 1 iyundan e’tiboran o‘z ish faoliyatini boshlagan. Kanal 3-10 yoshdagi bolalar uchun qiziqarli va zarur bo‘lgan, ular ongini shakllantirish, dunyoqarashini kengaytirish, bilimi va ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladi.
“Aqlvoy” telekanali 2021 yil 22 martda ilk efirini boshlagan. “Bu sening vaqting” so‘zini shior qilib olgan ushbu telekanal ham 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan.
“Bolajon”mi yo “onajon”?
Internatdagi “bo‘lar-bo‘lmas” kontentlardan bolasini himoyalash maqsadida farzandiga bolalarga mo‘ljallangan davlat telekanallarini ko‘rsatayotgan onalar oramizda talaygina. Ushbu telekanallarning dasturlari saviya jihatidan, balki belgilangan talablarga javob berar, ammo, ulardagi reklamalar kuzatilganda, bu kanallarning bolalar uchun faoliyat yuritayotganiga shubhalanib qoladi kishi. Sababi efirga uzatilayotgan deyarli hamma mahsulot yoki xizmat turidan bolalar emas, onalar foydalanadi.
Biz buni “marketingoviy xod” deymiz. Kir yuvish mashinasining yaqiniga ham bormaydigan bolalarga ular ko‘radigan kanalda kir yuvish kukunlariyu gellarini tinimsiz ravishda, qayta va qayta efirga uzatib, ta’rifiyu tasnifini chuqur tushuntirish nechog‘lik to‘g‘ri?
Bu savolga siz ham izoh yozib ketishingiz mumkin, biz bolasi ana shu reklamalarni ko‘rayotgan ota-onalarga yuzlanamiz.
“Bolalar telekanallariga “parashok” reklamalari umuman kerak emas. Shundoq ham reklama to‘lib yotibdi televizorda. 45 daqiqali ko‘rsatuv ko‘raman desangiz, 10 daqiqa reklama bo‘ladi. O‘zim 30 yillik tarbiyachiman. Pedagogik tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bolalar telekanallarida bolalarning yoshiga mos mahsulot reklamalari berilishi kerak”, deydi pedagog Shahnoza Umarova.
Qanday rangdagi kirga qaysi kukun yaxshi ekanini bolaligidan bilib olayotgan go‘daklar kasal bo‘lganda qaysi dorini ichish kerakligini ham aynan oynayi jahondan o‘rganyapti.
Ba’zida bolalar efirga ketayotgan reklamalarni ko‘rib, “O‘zbekistonda faqat kasal odamlar yashaydi” degan fikrga kelib qolmasmikan deya qo‘rqadi odam. Sababi efirga ketayotgan har ikki reklamaning birida kasal odamlar-u ularga shifo berayotgan dori reklamasiga ko‘zingiz tushadi. Ularni ko‘rayotgan yosh tomoshabin go‘yoki o‘zini dorixonada sayr qilayotganday his qiladi.
“Telekanallarda kerak-kerakmas reklamalar ko‘p, bolalar multfilm ko‘rayotganda reklama qo‘yib yuborishadi. Bu bolalarni chalg‘itadi. Bilamiz reklama kanalga daromad keltiradi. Lekin bo‘lar-bo‘lmaslarini kamaytirish kerak”, deydi onalardan biri.
Bolalar telekanalidagi ba’zi reklamalarni tomosha qilarkanmiz, telekanal ijodkorlari faqat yosh bolalarni emas, balki, ona qornidagi va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ham unutmaganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, reklama efiri vaqtida yo‘q deganda 2-3 bor namoyish etilayotgan homiladorlar iste’moli uchun mo‘ljallangan dori preparati yoki ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotdan tabiiyki yosh bolalar emas, homilador va emizikli farzandi bor onalar foydalanishadi.
Bolalar telekanalidagi “kolbasa” reklamalarini to‘g‘ri tushunish mumkindir, chunki bolalar bu kabi mahsulotlarni yaxshi ko‘rib iste’mol qilishadi(aslida bu mahsulotni iste’mol qilish ham sog‘lom turmush tarziga zid), lekin bolalarga mo‘ljallangan reklamalar orasida “qazi” go‘sht mahsulotining borligi birmuncha kulgili holat.
“Mening fikrim salbiy. Bolalarga dori vositalari yoki “qazi” kabi mahsulotlarning qizig‘i yo‘q. Bolalarning fikrini buzadi bunday mahsulotlar, bolam reklama ko‘rishni yaxshi ko‘radi, lekin ko‘rsatmayman. Bolalar kanallarida reklamalar noto‘g‘ri qo‘yilyapti. Bolami? Bolaning aqlini rivojlantiradigan reklama qo‘yish kerak. Televizor ko‘rib bo‘lmaydigan zamon bo‘lib qoldi”, deydi 3 yoshli bolaning onasi Lobar Rixsiboyeva.
Bolalar go‘sht mahsulotini ham iste’mol qilar, lekin aniq aytish mumkinki, ular sochlarini bo‘yashmaydi. Ha, to‘g‘ri tushundingiz, bolalar uchun mo‘ljallangan “Aqlvoy” kanalida bolalarga umuman kerak bo‘lmagan aqlingizni shoshiradigan ayollar uchun mo‘ljallangan soch bo‘yoqlari reklamasi efirga uzatiladi.
“Bolam “Aqlvoy” va “Bolajon” kanallarini ko‘radi. Unda efirga uzatiladigan reklamalarga mening ham ko‘zim tushgan. To‘g‘rirog‘i, farzandim nima tomosha qilayotganini nazorat qilib boraman. Kanal bolalarga umuman aloqasi bo‘lmagan reklamalarni qo‘yadi. Eng kulgilisi, multfilm va ko‘rsatuvlar orasida ayollar uchun mo‘ljallangan soch bo‘yoqlari reklamasi ham efirga ketadi. Menimcha, reklamalarni tartibga solish vaqti keldi”, deydi onalardan biri.
Reklama narxlari
Yuqorida aytganimizdek, ko‘pchilik telekanallar o‘zini-o‘zi “boqadi”. Reklama ular uchun daromad manbayi va reklamalar arzon ham turmaydi. 2023 yildagi ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, bugungi kunda bolalar telekanallaridagi reklamalar narxi quyidagicha:
- “Bolajon” telekanalida bir kunda filmlar, seriallar, informatsion-ko‘ngilochar dasturlar, tok-shou va boshqa teleko‘rsatuvlar orasida tungi 00:00 dan 17:59 gacha bo‘lgan oraliqda efirga ketadigan 10 sekundli reklama narxi: 650 000 so‘m;
- 18:00 dan 23:59 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida esa 10 sekundli reklama narxi: 2 600 000 so‘m.
- Telekontent anonslarida efirga beriladigan 10 sekundli reklama narxi tungi 00:00 dan 17:59 gacha vaqt oralig‘ida 150 000 so‘m;
- 18:00 dan 23:59 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida esa, 400 000 so‘mni tashkil etadi.
Bir oy muddatda Teledasturlar anonslari bloki “zastavkasi”da, tungi 00:00 dan 17:59 gacha vaqt oralig‘ida efirga uzatiladigan reklama narxi 120 000 000 so‘mni tashkil etadi.
“Bolajon” telekanalida Off praym-taym vaqtida, ya’ni 07:00 dan 17:59 gacha vaqt oralig‘idagi 1 daqiqalik reklama narxi 5 750 000 so‘mni tashkil etadi.
Praym-taym, ya’ni 18:00 va 23:59 oralig‘idagi 1 daqiqalik reklama narxi esa 10 000 000 so‘mni tashkil qiladi.
Reklamalar vaqti qancha?
Bolalar uchun mo‘ljallangan kanallarda reklamalar u qadar ko‘p emas, deyayotganlar ham bordir orangizda. Endi shuni ko‘rib chiqamiz.
2024 yil 23 oktyabrda “Bolajon” teledasturlari ro‘yxatida 11:10 dan 12:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida “multipanorama” efirga uzatilishi yozilgan. Shu 50 daqiqaning 3 daqiqasida 2 bora elektron xarid xizmat turi, vitaminlar va ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, 4 bora 3 turdagi dori vositalari, bir martadan “kolbasa” go‘sht mahsuloti va kir yuvish mashinasi reklamalari efirga uzatildi.
2024 yil 30 oktyabrda “Aqlvoy” teledasturlari ro‘yxatida 9:40 da boshlanishi kerak bo‘lgan “Sehrli oshxona” multfilmi 9:46 da boshlandi. Sababi 9:42 dan 9:46 gacha telekanal ekranlarida 11 bora 6 turdagi dori preparati, 2 bora kir yuvish kukuni, 1 martadan “kolbasa” go‘sht mahsuloti va soch bo‘yog‘i reklamalari efirga uzatildi.
2024 yil 30 oktyabrda “Bolajon” teledasturlari ro‘yxatida 10:20 da “multipanorama” efirga uzatilishi belgilab qo‘yilgan. Ammo u 10:25 da boshlandi. Chunki 10:21 dan 10:25 gacha telekanalda 13 bora 5 turdagi dori vositasi, 1 martadan elektron xarid xizmat turi, ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulot reklamalari efirga uzatildi.
“Amaldagi” qonun
Orangizda bolajon yo boshqa kanallar ham o‘zidan-o‘zi reklama bermayotgandir, ruxsati bordir, deyayotganlar ham bor, keling, endi reklama qonunchiligiga yuzlanamiz.
Reklama to‘g‘risidagi qonun ilk bor 1998 yil 25 dekabrda 723-son bilan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan. Qonun 2022 yil 7 iyunda 776-son bilan O‘zbekiston Respublikasi amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangilangan.
Reklama to‘g‘risidagi qonunning 4-bob 17-modda (Voyaga yetmaganlarni reklamada himoya qilish)sida shunday deyiladi:
“Voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanadi”.
Ammo bolalar uchun mo‘ljallangan telekanallarda bolalar iste’mol qilishi taqiqlangan dori vositalari efirga uzatilmoqda.
Bundan tashqari, bolalar foydalanganda sog‘ligiga zarar yetkazuvchi, soch uchun mo‘ljallangan bo‘yoq reklamalari ham bolalar telekanallari ekranini “bezab” turibdi.
Ushbu qonunning 7-bob 36-moddasida esa “ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi” deb belgilab qo‘yilgan. Lekin hozirda bolalar telekanallarida ochiq-oydin ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulot “maromiga yetkazilib” reklama qilinmoqda.
Reklama to‘g‘risidagi qonunning 8-bob 47-moddasida:
“Voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan reklamaga, dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari, shuningdek bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga doir talablarni buzganlik – bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi” deya qayd etilgan.
Bundan tashqari, 51-moddada “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin” deb belgilab qo‘yilgan.
18 yoshdan kattalar ichadigan dorilar, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar va umuman qonun bilan taqiqlangan boshqa vositalarni reklama qilgan kanallar bugungacha javobgarlikka tortilganmi yo‘qmi bilmadik-ku, lekin kanallarda bu kabi reklamalar efirga uzatilyapti.
Xullas, reklama bozorini tartibga solish, nimani qayerda efirga uzatilishi yoki mumkin emasligini nazorat qilish vaqti allaqachon keldi, o‘tib ham bormoqda. Har bir sohani tartibga solish bo‘yicha bir nechta hujjatlar imzolangani bilan uning amalda ishlamasligi esa doimiy muammoligicha qolmoqda. Aslida reklamalarning sifati, daqiqasi va umuman o‘sha mahsulotning ma’lum bir kanalda efirga uzatilishi mumkin yoki mumkinmasligini nafaqat bolalar kanallarida, balki boshqa kanallarda ham nazorat qilish juda muhim.
Yuqorida tilga olganimiz reklamalarning “Aqlvoy” va “Bolajon” telekanallarida efirga uzatilishi qonunga qanchalik zidligi masalasini tegishli tashkilotlar o‘rganishiga umid qilamiz.
Iroda Mirvohidova
LiveBarchasi