Samarqandda futbol jamoasi yutqazgan erkak mashinasini odamlar ustiga haydadi (video)
3-sahifa
−
09 aprel
25784Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi umumta’lim maktabi oldidagi futbol maydonchasida Nexia rusumli transport vositasi haydovchisi mashinasini odamlarning ustiga haydagani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu qoidabuzarliklarni sodir etgan haydovchi hamda transport vositasi topilib, haydovchiga nisbatan qonuniy tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
“Jamoam yutqazib qo‘ygani sababli jahlim chiqdi. Mashinamga o‘tirib, o‘sha futbol maydonchasiga kirib, qo‘pollik qildim. Barcha haydovchilardan haydovchilik madaniyatiga amal qilib, avtoulovlarini boshqarishlarini so‘rab qolaman. Menga o‘xshab mana shu holatga tushib qolmanglar. Qilgan ishimdan pushaymonman. Kechirim so‘rayman”, deydi haydovchi.
Qayd etilishicha, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida haydovchining mahallasidagi 35-sonli umumta’lim maktabida keng qamrovli, tanqidiy ruhda yig‘ilish ham o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida Captiva rusumli avtomobil haydovchisi futbol o‘yinidagi kelishmovchilik sabab odamlar ustiga mashinasini haydagan edi. Keyinchalik, garchi jabrlanuvchilar sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, aholining hayotiga xavf tug‘dirgani va voqea joyidan qochib ketgani uchun unga nisbatan 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi