Toshkentda narkotik reklamasi uchun graffiti chizgan yigitlar qamaldi 

3-sahifa

image

Toshkent shahrida giyohvand moddalarning oldi-sotdisiga jalb qiluvchi yozuvlarni graffiti tarzida chizgan voyaga yetmagan fuqaroning  onasiga chora ko‘rildi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 15 yanvar kuni taxminan soat 22:45 larda Yunusobod tumanidagi do‘konlardan birining orqa devoriga qora bo‘yoq bilan joylashtirilgan yozuv tadbirga jalb etilgan xodimlarning e’tiborini tortgan. Olib borilgan tekshiruvlar natijasida uni 2004 yilda tug‘ilgan A.D. va 2005 yilda tug‘ilgan A.A. yozganligi ma’lum bo‘lgan. Ularning yonidan 2 ta rangpurkagich ballonlar topilib, guvohlar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Dastlabki surishtiruvlarda ular ushbu giyohvand moddalarining oldi-sotdisiga jalb qiluvchi yozuvlarni graffiti tarzida chizish orqali daromad topishni taklif qiluvchi guruhni ijtimoiy tarmoqlardan topib, har bir yozuv uchun kelishilgan ma’lum summani plastik kartasiga tashlab berilishi evaziga amalga oshirganini ma’lum qilgan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56 prim 4-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga yuborilgan.

Sud ularga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Xuddi shu kabi noqonuniy xatti-harakat voyaga yetmagan G.D. tomonidan Yunusobod tumanining boshqa hududlarida ham sodir etilganligi aniqlangan. Ashyoviy dalillar bilan ushlangan G.D.  maktab o‘quvchisi ekanligi inobatga olinib, uning onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli chora ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  poytaxtda 2024 yil davomida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar yuzasidan 3 447 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingandi. Ushbu jinoyatlarning 2 413 tasi yoki 70 foizi internet tarmog‘i bilan bog‘liq holda sodir etilgan. Tadbirlar natijasida 238 kg 815 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent reklama graffiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing