Onangni otangga bepardoz ko‘rsatma yoxud OAVdagi reklamalar kimga xalal beryapti? 

Tahlil

image

So‘nggi kunlarda yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ommaviy axborot vositalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir qiluvchi bir qancha cheklovlar mavjudligi va deputatlar tomonidan ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda 98,4 foiz ovoz bilan ma’qullangani media makonning xususiy sub’ektlarining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

1998 yildan buyon bugungi kungacha amalda bo‘lgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga 23 yil ichida 14 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Endi esa qonun media sohasining faoliyatiga jiddiy ta’sir qiluvchi normalar bilan yangi tahrirda qubul qilinish arafasida.

Bugungi kunda OAV xalqqa beminnat xizmat qilib, O‘zbekiston hamda xalqaro maydonda bo‘layotgan voqea va hodisalarni aholiga tezkor yetkazish, mamlakatda mavjud bo‘lgan muammolarni yechishda faol ishtirok etish, davlat siyosatini fuqarolarga aniq, to‘g‘ri yetkazish, shuningdek aholi va davlat o‘rtasidagi muloqotni bog‘lashda asosiy ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda.

Nodavlat OAV har doim o‘zini o‘zi moliyalashtirib kelgan. Buning yagona manbai – reklama. OAVning maqsadi halqqa xolis xizmat qilishdan iborat, lekin iqtisodchilarning mashhur iborasida “xarajatsiz harakat nolga teng” deyilgani bejiz emas. OAV o‘z faoliyatini to‘laqonli yuritishda, uni rivojlantirishda, albatta, moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lishi lozim. Ushbu qonun loyihasining kelgusida qabul qilinishi davlat tomonidan moliyalashtirilmaydigan OAVning jiddiy xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Negaki, O‘zbekistonda hozirgacha xususiy matbuot uchun byudjetdan hech qanday moliyaviy yordam yoki subsidiya ajratish belgilanmagan. Bunga o‘tgan yilgi pandemiya davrida ko‘plab sohalarga subsidiya ajratilib, OAV chetga qolgani yaqqol misol bo‘la oladi.

Chunki tadbirkorlik sub’ektlari va OAV bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shuningdek, xususiy OAV asosiy daromad manbai – reklama. OAV reklama orqali o‘zini moliyalashtiradi va ushbu daromad orqali davlat byudjetiga soliq to‘laydi. Bundan tashqari, tadbirkor media makonda turli yo‘llar bilan o‘z mahsulotini reklama qilib, xaridorlarni jalb qilishi – biznesning “oltin qoidasi”. Qolaversa, bu zamon talabi hamdir.

Amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda aslida qanday? 

1998 yilda qabul qilingan va hozirda amalda bo‘lgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonuning 22-moddasida ko‘ra, dori vositalari reklamasida quyidagilar bo‘lishi shart:
•    dori vositasining to‘liq nomi (shu jumladan xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi;
•    dori vositasidan foydalanish yoki uni qo‘llash haqidagi axborot bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan. 

Yangi tahrirdagi qonunda ushbu normalar olib tashlanmoqda va ushbu normalardan foydalanganlik uchun sankitsiya joriy qilinmoqda. 

Yangi tahrirdagi qonun loyihasida ba’zi qulayliklar ham mavjud. Masalan, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasida 45 minutdan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun to‘liq 45 minutlik vaqt oralig‘ida ko‘pi bilan bir marta uzib qo‘yilishi mumkin deb belgilangan bo‘lsa, yangi tahrirdagi qonun loyihasida esa 30 daqiqagacha davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun to‘liq 30 daqiqalik vaqt oralig‘ida ko‘pi bilan bir marta uzib qo‘yilishi mumkin. 30 daqiqadan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar boshlangandan so‘ng reklama joylashtirish uchun faqat har 15 daqiqada uzib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yiladi deyilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, qonunning yangi tahririga ko‘ra, 30 minutdan ortiq, masalan 45 minut davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlarni reklama uchun uch maratoba uzib qo‘yish mumkin bo‘ladi.  

Shuningdek, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda bolalar davrasiga (o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lganlarga) mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda (eshittirishlarda) reklama taqiqlanadi. Ushbu norma bolalar davrasiga (o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lganlarga) mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda  har qanday mahsulotni, hatto bolalar uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni reklama qilishni cheklaydi.  Yangi tahrirdagi qonun loyihasida esa bolalar televizion dasturlarida voyaga yetmaganlar sotib olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan mahsulotlar reklamasini tarqatish taqiqlangan. 

Ushbu normani tahlil qiladigan bo‘lsak, bolalar uchun ruxsat etilgan, foydali bo‘lgan mahsulotlarni reklama qilish mumkin bo‘ladi. Demak, faqat ushbu reklama qilinayotgan mahsulotlar voyaga yetmaganlar sotib olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan mahsulotlar bo‘lmasligi kifoya. Bu esa mamlakatdagi mavjud telekanallar va radiolarda yana bolalarga oid ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, multfilm va qiziqarli dasturlar soni ortishiga xizmat qilishi kutilmoqda. 

Yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nimalar o‘zgarmoqda?

Yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 18-moddasida shunday bandlar borki, unga ko‘ra, quyidagilarni tayyorlashda homiylik va hamkorlikka yo‘l qo‘yilmaydi:

•    yangiliklar to‘g‘risidagi axborot-tahliliy ko‘rsatuvlarda;
•    reklama roliklari va bloklarida;
•    teleradiodasturlarning anonslari va bloklarida.

Ushbu norma nafaqat OAVning, balki tadbirkorlarning faoliyatiga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Chunki reklama mahsulotini OAVda e’lon qilishda har ikkala tomon ham bir xilda manfaatdordir. Prezident tomonidan tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun teng sharoitlarni yaratish, oshkoralikni ta’minlashni amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilingan bir vaqtda yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasidagi mantiqsiz normalarni kiritish qanchalik to‘g‘ri?! 

Bundan tashqari, qonunning 29-moddasida dori vositalari reklamasida quyidagilar taqiqlanmoqda:

•    reklama qilinayotgan dori vositasining narxi yoki narx siyosati to‘g‘risida biror-bir eslatmadan foydalanish yoki ushbu dori vositasining qulay narxda ekanligi to‘g‘risida taassurot qoldirish;
•    taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi qiyofasiga o‘xshash shaxslar ishtirokidan foydalanish;
•    jamoatchilikning dori vositasining ta’siri haqidagi minnatdorlik, tavsiyalar va e’tiroflaridan foydalanish;
•    kasallik (jarohat) va (yoki) dori vositalarining inson tanasiga ta’sirida yuz beradigan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi videotasma, tasvirlar va vizual namoyishlardan foydalanish;
•    ulardan foydalanish yoki iste’mol qilish jarayonlarini tasvirlash.

Aslini olganda, ishlab chiqilgan dori vositalarini reklama qilishdan maqsad preparatning foydali tomonlari, hamyonbopligi, undan qanday foydalanilishi yoki iste’mol qilinishi haqida aholiga yetarlicha ma’lumot berishdan iborat. Dori vositasini xarid qilish yoki iste’mol qilish esa iste’molchining tanlovidir. Qonunning 29-moddasidagi cheklovchi normalar shu holatida qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida raqobatning muvozanati buzulishiga olib keladi. Chunki qabul qilinayotgan yangi qonun loyihasi tasdiqlangunga qadar reklama qilingan tovarlar yoki dori mahsulotlari, allaqachon bozor munosabatida o‘zining o‘rnini egallab ulgurgan. Bizni qiziqtirayotgan tomoni qonun loyihasi tasdiqlangandan so‘ng tadbirkorlar o‘rtasidagi tenglik prinsipi va raqobat masalalari nima bo‘lishidir.

Xalqaro tajriba qanday? 

Dunyo davlatlarining reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini oladigan bo‘lsak, masalan AQSHda reklama erkinligi shaxsiy so‘z erkinligi sifatida tan olingan. Darhaqiqat, tadbirkorning ishlab chiqargan tovarini reklama qilishi uning so‘zi hisoblanadi. Demak, ushbu normaning qabul qilinishi tadbirkorning reklamaga bo‘lgan “so‘z erkinligi”ni bo‘g‘ishdir.

To‘g‘ri, davlat tomonidan yolg‘on yoki chalg‘ituvchi reklama, noqonuniy tovarlar va xizmatlarning targ‘ibotini, shuningdek ishonchli reklamani tarqatishni tartibga solish borasida cheklovlar o‘rinli. Lekin, qonunda taqiqlanmagan mahsulotlarni reklama qilishni mantiqsiz normalar bilan murakkablashtirish o‘rinlimi?!

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 1893 ta OAV davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, bular orasida 642 ta gazeta, 482 ta jurnal, 17 ta byulleten-axborotnoma, 5 ta axborot agentligi, 72 ta telekanal, 37 ta radiokanal, 638 ta veb-sayt bor. Mamlakatdagi 2 mingga yaqin OAVning 1175 tasi xususiy sub’ektlar bo‘lib, ularning 304 tasi gazeta, 276 tasi jurnal, 6 tasi axborotnoma-byulleten, 36 tasi telekanal, 33 tasi radiokanal, 2 tasi axborot agentligi, 518 tasi veb-sayt ko‘rinishida faoliyat yuritadi.

Endi esa o‘ylab ko‘raylik: deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda 98,4 foiz ovoz bilan ma’qullangan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bersang yeyman, ursang o‘laman, deb o‘tirmay, o‘z aravasini o‘zi tortayotgan, minglab odamlarni ish bilan ta’minlab, davlat va xalq manfaatlariga xizmat qilayotgan 1175 ta xususiy OAVga qanchalik foyda keltiradi? Qonunlarda bunda yakdillik bilan qabul qilishdan oldin do‘ppini bir chetga qo‘yib o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimi? Qolaversa, xalqda onangni otangga bepardoz ko‘rsatma, degan naql bor. Tadbirkorlarning qo‘lidan o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotni reklama qilish imkoniyati olib qo‘yilsa, ularning qo‘lida yana nima qoladi? Masalaning nozik jihati shundaki, O‘zbekistonda farmatsestika sohasi u qadar rivojlangan emas. Hamon eng oddiy dorilarni ham xorijdan xarid qilamiz. Shunday vaziyatda dori reklamalarining taqiqlab qo‘yilishi farmatsevtika sohasining rivojiga qanchalik xizmat qilarkin? 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing