Nursulton Nazarboyev shifoxonadan chiqdi
Olam
−
24 yanvar 2023
4224Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev yurak jarrohligidan so‘ng shifoxonadan chiqdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.
“Uning ahvoli barqarorlashishi va yaxshilanishi munosabati bilan shifoxonadan chiqarildi”, deydi Milliy ilmiy yurak xirurgiyasi markazi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 yanvar kuni Aleksandr Aksyutits Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostonadagi shifoxonalardan biriga yotqizilgani haqida xabar bergan edi.
Keyinroq Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay Prezidentning yuragi 2,5 soat operatsiya qilinib, muvaffaqiyatli o‘tganini aytgan edi.
Shundan so‘ng, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yuragi operatsiya qilingan Qozog‘istonning sobiq rahbari Nursulton Nazarboyevning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni 30 yildan ortiq boshqargan. U 2019 yil mart oyida Qozog‘iston Prezidenti lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan edi. Shundan so‘ng Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh-qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi.
Oradan deyarli 3 yil o‘tib, joriy yilning 12 yanvar kuni Nursulton Nazarboyevga ilgari berilgan faxriy senator maqomi parlament reglamentidan olib tashlandi.13 yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti deputatlari palatalarning qo‘shma majlisida “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni bekor qildi. Shunday filib, Nazarboyev Elboshi unvonidan va alohida huquqlaridan mosuvo qilindi.
17 yanvar kuni esa Qozog‘iston hukumati madaniyat sohasida beriladigan davlat stipendiyasi nomidan respublikaning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev nomini olib tashladi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi