Nazarboyev alohida huquqlaridan mosuvo qilindi. U endi Elboshi emas

Olam

image

Qozog‘iston parlamenti deputatlari bugun, 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan palatalarning qo‘shma majlisida “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni bekor qildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.  

Har ikki palata oldida so‘zga chiqqan deputat Yerlan Sairov o‘tgan yili umumxalq referendumi natijasida mamlakatda yangi Konstitutsiya qabul qilinganini, unga Qozog‘iston aholisining 77 foizi ovoz berganini eslatdi. 

“O‘zgartirishlarga ko‘ra, Konstitutsiyaning 46-moddasidan birinchi prezident Elboshining maqomi va vakolatlari Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonun bilan belgilanishini belgilovchi 4-bandi olib tashlandi. 

Qozog‘istonning demokratiya va plyuralizm sari chuqur siyosiy o‘zgarishlari davrida hokimiyatni xususiy guruhlar tomonidan egallab olishga olib keladigan har qanday mexanizmlarning oldini olish muhim ahamiyatga ega”, deydi majlis deputati. 

O‘z navbatida, Senat (parlament yuqori palatasi) a’zosi Vladimir Volkov Konstitutsiyaning 46-moddasi va “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 6-bobida belgilangan umumiy kafolatlar endi birinchi prezidentga ham tatbiq etilishini ta’kidladi. Unda mamlakatning sobiq rahbarlariga tegishli alohida qoidalar mavjud.

Xususan, 34-moddada sobiq prezident, uning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi belgilangan. Shuningdek, 36-moddada: 

“Respublikaning sobiq prezidenti respublika prezidentining vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas, davlatga xiyonat qilish hollari bundan mustasno”. 

2000 yilda “Birinchi Prezident to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, Elboshi unvoniga ega Nursulton Nazarboyev alohida mavqega ega edi – birinchi prezidentni hibsga olish, ushlab turish, tintuv qilish, so‘roqqa chaqirish va qamoqqa olish mumkin emas. Qonun Nazarboyev va uning oila a’zolariga tegishli mulk va bank hisob raqamlari daxlsizligini kafolatlagan. Ularning barchasiga umrbod himoya, aloqa, transport va boshqa imtiyozlar berildi. 

Qozog‘iston Adliya vaziri Azamat Yeskarayevning so‘zlariga ko‘ra, birinchi prezident haqidagi qonun bekor qilinganidan keyin uning oila a’zolariga daxlsizlik huquqi berilmaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing