Nazarboyev yana bir maqomidan mahrum etildi
Olam
−
12 yanvar 2023
11901Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga ilgari berilgan faxriy senator maqomi parlament reglamentidan olib tashlandi. Bu haqda Qozog‘iston Senati (parlament yuqori palatasi) raisi Maulen Ashimbayev bugun, 12 yanvar kuni jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
“Gap faxriy senator maqomi haqida ketmoqda. Konstitutsiyadan [mamlakatning birinchi prezidentining maqomi va vakolatlari to‘g‘risidagi moddalar] olib tashlanganini hisobga olib, [Birinchi prezident to‘g‘risidagi] qonun bekor qilinishini hisobga olib, reglamentimizdan faxriy senator unvonini olib tashladik. Ertaga parlament palatalarining qo‘shma majlisida “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni muhokamaga qo‘yamiz”, deydi Senat raisi Nazarboyev faxriy senator maqomini saqlab qolganmi yoki yo‘qmi, degan savolga javob berib.
Ashimboyev bungacha bu maqom faqat bir kishiga – respublikaning birinchi prezidentiga berilganini aytdi.
Deputatlar o‘tgan yilning 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan palatalarning qo‘shma majlisida parlament ishining yangi reglamentini qabul qildi. Biroq Nazarboyevga berilgan faxriy senator maqomi bekor qilingani haqida avval xabar berilmagan.
Qozog‘iston parlamentining yuqori palatasi 2019 yilning 30 mayida respublikaning birinchi prezidentining qizi Darig‘a Nazarboyeva Senat raisi bo‘lgan paytda Nazarboyevga faxriy senator maqomini bergan edi. Bu maqomga ko‘ra, Nazarboyev parlament yuqori palatasi majlislarida qatnashishi mumkin edi.
Birinchi prezidentning maqomi
5 iyun kuni Qozog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. O‘zgartirishlardan biri mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning maqomi va vakolatlari haqidagi moddaning, shuningdek, Prezidentning ketma-ket ikki martadan ortiq davlat rahbari lavozimiga saylanishiga imkon beruvchi moddaning o‘chirilishi bo‘ldi. Bundan tashqari, Nazarboyevning millat yetakchisi maqomining o‘zgarmasligi to‘g‘risidagi norma chiqarib tashlandi.
Endilikda mamlakatda Nazarboyevning, shuningdek, uning oila a’zolarining maqomi va imtiyozlarini tartibga soluvchi “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonun amal qilmoqda. Nazarboyev xalqqa murojaat qilish, parlament va hukumat yig‘ilishlarida nutq so‘zlash huquqiga ega. Birinchi prezident daxlsizlikka ega – uni hibsga olish yoki ushlab turish mumkin emas. Daxlsizlik Nazarboyevga tegishli bo‘lgan va u bilan birga xususiy mulk asosida yashovchi oila a’zolariga tegishli bo‘lgan barcha mulkka nisbatan qo‘llaniladi.