Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuraturaga qaytganiga bir yil to‘ldi. Tizim korrupsiya botqog‘idan chiqdimi?
Tahlil
−
22 iyun 2020
166612019 yilning 21 iyuni. Xuddi shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlat rahbari ushbu yig‘ilishda ko‘pchilikni hayron qoldirgan xabarni e’lon qildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov poraxo‘rlikda ayblanib hibslangani edi. So‘nggi yillarda esa bu sobiq Bosh prokurorlar bilan bog‘liq uchinchi holat edi. Bundan avval Bosh prokuror lavozimida faoliyat yuritgan Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev ham katta miqdorda pora olishda ayblangan edi.
Shu kunning o‘zida davlat rahbari 2015 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga tayinladi.
O‘shanda davlat rahbari Nig‘matila Yo‘ldoshevga prokuratura tizimini mutlaq isloh qilish, tizimda korrupsiyaga qarshi qattiq kurashishni bosh vazifa sifatida qo‘ygandi. Prokuratura xalq ishonchini oqlashi, chinakam “xalq prokuraturasi”ga aylanishi kerakligini buyurgandi.
Har holda Yo‘ldoshev bu tizimga begona emas edi. U prokuratura tizimida quyidagi lavozimlarda ishlagan:
• 1985-1986 – Toshkent viloyati Olmaliq shahar prokuraturasining ish o‘rganuvchisi.
• 1986-1991 - Toshkent viloyati Olmaliq shahar prokuraturasining tergovchisi.
• 1991-1992 – Toshkent shahri Yunusobod tumani prokuraturasining tergovchisi.
• 1992-1995 - Toshkent shahar prokuraturasining katta tergovchisi.
• 1995-1997 - O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ichki ishlar vazirligi idoralarida tergov va surishtiruv ustidan nazorat boshqarmasi prokurori.
• 1997-2000 - O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Tergov Bosh boshqarmasining tashkiliy-uslubiy bo‘limi boshlig‘i.
• 2000-2003 – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasining boshlig‘i.
• 2003-2006 – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatining prokuratura idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori.
• 2006-2008 – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i.
• 2008-2011 – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari.
• 2011-2015 - O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri
• 2015 yil 20 yanvarda Senat a’zoligiga Prezident tomonidan tayinlandi. 23 yanvar kuni Senat raisi etib saylandi. 2019 yil 20 iyunda Senat a’zoligidan olindi.
• 2016 yil 2 sentyabrda Oliy Majlis palatalarining qarori bilan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. 8 sentyabr kuni Prezident vakolatlarini bajarish mas’uliyatini vaqtinchalik Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirishini e’lon qildi.
Bugun Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ish boshlaganiga 1 yil to‘ldi. O‘zbekistonda prokuratura tizimi o‘zgardimi? U chinakam “xalq prokuraturasi” bo‘la oldimi? QALAMPIR.UZ ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu savollar bilan so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 19 mingdan ortiq respondent ishtirok etdi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 3486 nafari yoki 18 foizining fikricha, Yo‘ldoshev rahbarligida prokuratura tizimi haqiqatan ham o‘zgargan, u “xalq prokuraturasi”ga aylangan.
6391 kishi yoki umumiy ishtirokchilarning 33 foizi savollarga yo‘q deya javob bergan.
3805 kishi yoki umumiy respondentlarning 20 foizi qayd etishicha, prokuratura tizimi o‘zgarishi va u chinakam “xalq prokuraturasi”ga aylanishi uchun hali ancha vaqt kerak.
Ishtirokchilarning 5536 nafari yoki umumiy qatnashchilarning 29 foizi o‘tgan vaqt mobaynida prokuratura organlarining faoliyatini kuzatmagan.
So‘rovnoma natijalaridan ko‘rinib turibdiki, hali prokuratura organlaridan odamlar mamnun emas, ular “xalq prokuraturasi” degan nomga to‘la loyiq bo‘lmagan. Darvoqe, ushbu so‘rovnomada Prezident qo‘ygan asosiy talab – korrupsiya masalasida so‘z ochilmagan. 3 ta sobiq rahbar boshchiligida korrupsiya botqog‘iga botgan tizimni bir yilda bu botqoqdan olib chiqib ketib bo‘lmaydi. Yo‘ldoshev va uning jamoasini bu borada katta-katta ishlar kutmoqda.
Darvoqe, QALAMPIR.UZ Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuror lavozimida ish boshlagandan olti oy o‘tib “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maxsus filmni e’lon qilgandi.
Ushbu filmda 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon etilgandi.
Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazib, qiynoqqa solgani ma’lum qilingandi.
Ushbu film va unda yoritilgan masala hozirgacha jamoatchilik, siyosiy elita diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Mazkur filmda jamoatchilik o‘z munosabatini bildirdi. Deputatlar Rasul Kusherboyev va Xurshid Do‘stmuhammad Ombudsmanni so‘roqqa tutdi. Xurshid Do‘stmuhammad Bosh prokuratura tergovidagi qiynoqlarni “fashistik azob” deb atadi. Tanqidlar va deputatlar so‘roviga javoban Muhammadiyev ushbu masala o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Afsuski, bugungacha natijalarini e’lon qilgani yo‘q.
Film e’lon qilingandan bir kun o‘tib, 22 fevral kuni Bosh prokuratura rasmiy bayonot berib, holat bo‘yicha tekshirish harakatlari boshlangani va natijasi e’lon qilinishini aytdi.
“Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyilgandi bayonotda. Oradan 4 oy vaqt o‘tdi hamki, na Bosh prokuratura, na Ombudsman va boshqa vakolatli idoralar ushbu ish haqiqatlarini oshkor etgani yo‘q. O‘ylaymizki, Nig‘matilla Yo‘ldoshev ushbu ishning oxiriga yetadi.
LiveBarchasi