Prokuratura IIBdagi qiynoq haqida jar soldi, lekin o‘zidagilarni unutdi

Jamiyat

Bugun, 13 iyun kuni Andijondan shum xabar keldi. Ichki ishlar bo‘limida qiynoqqa solingan fuqaro ikki hafta xushsiz yotib, vafot etdi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasman jar soldi.

Aslida, O‘zbekistonda bunga o‘xshash holatlar avval ham kuzatilgani ehtimoldan holi emas. Biroq bunday rasmiy xabar birinchi marta jamoatchilikka oshkor etilyapti. Va aynan, Bosh prokuratura tomonidan.

Yodingizda bo‘lsa kerak, bundan bir necha oy avval, aniqrog‘i, fevral oxirida Qalampir.uz`da "Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar" nomli film e’lon qilingan edi. 

Unda “Bekobod metallurgiya kombinati ishi” yuzasidan bir necha kishiga ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergovda ayblanuvchilar qiynoqqa solingani haqida faktlar keltirilgandi.

Oradan 3 oy vaqt o‘tdi. Sud ishi yakunlandi. Jinoiy javobgarlikka tortilganlarga jazo tayinlandi. Tergovda qatnashganlarning ba’zilari vafot etdi.

Ammo film e’lon qilinganning ertasigayoq bu bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlaganini aytib chiqqan Bosh prokuratura ushbu qiynoqlar bo‘yicha hamon izoh bergani yo‘q. Lekin ichki ishlardagi qiynoqlar bo‘yicha birinchi bo‘lib bong urib chiqqan Bosh prokuratura bo‘ldi. 

Ho‘sh, nega Bosh prokuratura o‘zidagi qiynoqlar bo‘yicha izoh bermay, ishni paysalga solib kelyapti. Aslida, O‘zbekistonda huquq-tartibot organlaridagi qiynoqlar bugun yo kecha paydo bo‘lgan emas. Biz Bosh prokuraturadan hamon izoh kutamiz. QALAMPIR.UZ unutmaydi, unuttirmaydi!

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 fevral kuni QALAMPIR.UZ’da “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maxsus film e’lon qilingandi. Ushbu filmda 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon etilgandi. 

Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazib, qiynoqqa solgani ma’lum qilingandi.

Ushbu film va unda yoritilgan masala hozirgacha jamoatchilik, siyosiy elita diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. 

Mazkur filmda jamoatchilik o‘z munosabatini bildirdi. Deputatlar Rasul Kusherboyev va Xurshid Do‘stmuhammad Ombudsmanni so‘roqqa tutdi. Xurshid Do‘stmuhammad Bosh prokuratura tergovidagi qiynoqlarni “fashistik azob” deb atadi. Tanqidlar va deputatlar so‘roviga javoban Muhammadiyev ushbu masala o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Afsuski, bugungacha natijalarini e’lon qilgani yo‘q.

Film e’lon qilingandan bir kun o‘tib, 22 fevral kuni Bosh prokuratura rasmiy bayonot berib, holat bo‘yicha tekshirish harakatlari boshlangani va natijasi e’lon qilinishini aytdi. 

“Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyilgandi bayonotda. Oradan 4 oyga yaqin vaqt o‘tdi hamki, na Bosh prokuratura, na Ombudsman va boshqa vakolatli idoralar ushbu ish haqiqatlarini oshkor etgani yo‘q. Kim bilsin, balki natija prokuratura tarafda bo‘lmagandir... Bu ham yetmagandek, aynan shu mavzuda so‘z ochilishi kerak bo‘lgan bugungi yig‘ilishga QALAMPIR.UZ taklif etilmadi.

Butun jamoatchilikning e’tiborini tortgan, 30 dan ortiq odamlarning hayotida tub burilish yasagan va o‘chmas, alamli, achchiq xotiralarni, yaralarni qoldirgan ushbu tergov haqidagi haqiqatlar yuzaga chiqishi kerak. Bosh prokuratura belni mahkam bog‘lab, haqiqat ortidan tushishiga umid qilamiz. Axir u yerda Ortiqovadek halol, vatanparvar, mehnatkash prokurorlar bor.

Darvoqe, bu orada jinoyat ishi bo‘yicha allaqachon sud hukmi o‘qildi. Tergovga tortilganlardan yana biri vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura qiynoq

Baholaganlar

360

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing