O‘xshash taqdirlar: Bosh prokuror bo‘lganlarning tanglayi pora bilan ko‘tarilganmi?

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi lavozimida ishlab kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev egalladi. 

Prezident Mirziyoyev bugun, 21 iyun kuni Otabek Murodovning lavozimidan ozod etilishi sabablarini ochiqladi. Uni poraxo‘rlikda aybladi. 

Xo‘sh, Otabek Murodov kim edi? Biz u haqda nimalar bilardik? Bosh prokuror bo‘lgunga qadar qanday yo‘lni bosib o‘tgan?

Otabek Murodov 2018 yilning 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning PF-5320-sonli farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlandi. Bungacha uning nomi jamoatchilikka u qadar tanish bo‘lmagan. Murodov panadagi mutasaddilardan edi. 

U 1975 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 1997 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 

1998 yildan 2010 yilgacha O‘zbekiston Respubblikasi Bosh prokuraturasida turli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi bo‘lgan. 

2010-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 

2015-2017 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 

2017 yil 1 martdan 2018 yilning 31 yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan. 

Otabek Murodov 3-darajali davlat adliya maslahatchisi hisoblanadi. 

U 2002 yili Prezident farmoniga ko‘ra, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

Otabek Murodov mustaqil O‘zbekiston tarixida beshinchi Bosh prokuror bo‘ldi. Bungacha ushbu lavozimda Bo‘ritosh Mustafoyev, Usmon Xudoyqulov, Rashid Qodirov, Ixtiyor Abdullayev faoliyat yuritgan. 

Otabek Murodov mamlakat tarixida lavozimidan olinganidan keyin poraxo‘rlikda ayblanib jinoiy javobgarlikka tortilgan uchinchi Bosh prokuror bo‘ldi. O‘tgan yili, 2000 yilning aprel oyidan 2015 yilning aprel oyiga qadar – 15 yil davomida ishlagan mamlakatning uchinchi Bosh prokurori Rashid Qodirovga nistaban Jinoyat kodeksining 165, 205 va 210 moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi

Rashid Qodirovdan lavozimni qabul qilib olgan Ixtiyor Abdullayev 2015 yildan 2018 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘laroq Prezident Mirziyoyevning ishonchiga kirib, 2018 yilda Milliy xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil mart oyida imzolagan qaroriga binoan MXX Davlat xavfsizligi xizmati nomini oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, o‘xshash taqdirlar qissasi davom etdi. DXX raisi, sobiq Bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev salomatligi yomonlashgani tufayli lavozimidan ozod etilgani aytildi. Oradan ko‘p o‘tmay, u ham jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi

Hozirgacha Ixtiyor Abdullayev qaysi moddalar bilan jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum emas edi. Bugun, 21 iyun kuni o‘tgan Oliy Majlis Senatining 21 Yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning qayd etishicha, ularning ikkisi poraxo‘rlikda ayblanib jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlari ildizidan chirishni boshlaganmi? Ularning tanglayi pora bilan ko‘tarilganmi? Oxirgi 19 yilldikdagi uchinchi Bosh prokuror ham poraxo‘rlikda ayblanganidan dalolatki, soha allaqachon korrupsiya botqog‘iga aylanib bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, inson huquqlari ana shundaylar qo‘liga topshirilgan.Nega? Nega ular Prezident, xalq ishonchini oqlashga harakat qilmaydi? Prezidentning aytganidek, qilmishlari uchun katta muddat o‘tashlari kerak. 


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Murodov Ixtiyor Abdullaev Rashid Qodirov

Baholaganlar

600

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing