Gulnora Karimova, Ixtiyor Abdullayev va Rashid Qodirov sudi nega yopiq eshiklar ortida ko‘rilgan?
Jamiyat
−
28 yanvar 2022
19796O‘zbekistonda sudlar mustaqil, barcha ishlarni ko‘rish davomida ochiqlik-oshkoralik ta’minlanyapti. Bu kabi gaplarni Oliy sud rahbarlari va xodimlari og‘zidan ko‘p va xo‘p eshitamiz. Jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan holatlar tergovi tugab, ish sudga oshirilgani haqida rasmiy bayonotlar beriladi, katta-katta mansabdorlar, masalan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev, ana boring Fond Forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaga oid ishlar yopiq eshiklar ortida, OAV ishtirokisiz ko‘riladi. Buni yuqorida aytilgan ochiqlik, oshkoralik, tenglikka tenglashtirishimiz mumkinmi? QALAMPIR.UZ aynan shu savollar bilan Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovga yuzlandi.
“Haqiqatan ham sudlarning ochiqligi, shaffofligi ta’minlanyapti. Bugungi kunda Sobiq ittifoq davlatlari ichida yoki biz taqlid qiladigan g‘arb davlatlari, qo‘yingki, demokratik davlat sifatida e’tirof etiladigan AQSHda ham sudning faoliyati O‘zbekistondagichalik shaffof emas. AQSHda ham jurnalist yoki fuqaro telefon bilan sudda qatnasholmaydi. O‘zbekistonda esa bu imkoniyat bor”, deydi Muslimov
Oliy sud raisi o‘rinbosari so‘zida davom etarkan, “davlat siri degan gap borligi, ba’zi ishlar yopiq eshiklar ortida ko‘rilishi muhim ekanini” urg‘uladi.
“Bir narsani to‘g‘ri tushunish zarur. Davlat siri degan tushuncha bor. Maxfiy informatsiya degan gap bor. Uni oshkor qilish davlatning nufuzi va mudofaa, davlatning ijtimoiy qudratlariga ta’sir qiladi va biz buni yopiq sud majlislarida ko‘rishga majbur bo‘lamiz”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari Muslimov.
Eslatib o‘tamiz, sud hukmiga ko‘ra, sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
2019 yil 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilingandi.
Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarda ishlagan M.Mirzayev, J.Fayziyev, U.Sunnatov, R.Pulatov, A.Musashayxov, U.Xurramov, Yu.Gaipov, A.Mirzayev, M.Mirzayeva, fuqarolar S.Kosimov, A.Ikramov va X.Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan deb topildi.
Ular bir guruh bo‘lib pora olish, pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi