“Gulnoraning jinoyatlaridan O‘zbekiston davlati va xalqi ham jabr ko‘rgan”. Toshkent Shveysariya sudi qaroriga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
24 dekabr 2021
39532Avvalroq Shveysariya federal jinoiy sudi O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan Takilant kopmaniyasiga qariyb 70 million dollarni qaytarishga qaror qilgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Adliya vazirligi Shveysariya sudining qarori bo‘yicha ayrim tafsilotlarni e’lon qildi.
Vazirlik 2012 yilda Shveysariya Federal prokuraturasi Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy mablag‘larni legallashtirish va qalbakilashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tergov boshlaganini eslatgan. Gap O‘zbekiston bozoriga kirish va to‘siqsiz ishlash evaziga xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan noqonuniy yo‘l bilan olingan yirik mablag‘larni legallashtirish haqida ketmoqda.
Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan olib borilgan jinoiy tergov ishlari doirasida Shveysariya Federal prokuraturasi tomonidan ushbu davlat banklarida joylashgan “Takilant Ltd.” kompaniyasiga tegishli 350 mln AQSH dollaridan ortiq mablag‘lar musodara qilingan.
Joriy yilning 22 dekabrida e’lon qilingan bayonotida Shveysariya sudi Gulnora Karimova va uning sheriklarini noqonuniy mablag‘larni og‘irlashtiruvchi holatlarda legallashtirishda aybdor deb tan olgani va shu sabab 293 mln dollaridan ortiq mablag‘ musodara qilingani haqida xabar bergan.
“Bu Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun muhim g‘alaba hisoblanadi, chunki u mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun imkoniyat ochadi.
Shu bilan birga, sud qaroriga ko‘ra 70 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar protsessual xarajatlar chiqarib tashlanganidan so‘ng “Takilant Ltd.” Kompaniyasiga qaytarilishi mumkin. Ayrim OAV sud qarorining ushbu qismini noto‘g‘ri talqin qilgan holda asossiz ma’lumotlar tarqatishmoqda”, deyiladi Adliya vazirligi xabarida.
Ta’kidlash joizki, Shveysariya federal jinoyat sudining 2021 yil 17 dekabrdagi qarori hali yakuniy qaror emas. Hususan, Shveyyariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari sudning ushbu qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Bundan tashqari, ushbu mablag‘larga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlarning vakolatli organlari tomonidan ularni hibsga olish to‘g‘risida da’vo va order ham mavjud, bu esa Shveysariya sudining ko‘rsatilgan qarori kuchga kirgan taqdirda ham ushbu mablag‘larni kompaniyaga qaytarish imkonini bermaydi, deya ta’kidlanmoqda.
“Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari Shveysariya va AQSH rasmiylari bilan Gulnora Karimova va uning sheriklarining jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan aktivlarini qaytarish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Chunki ushbu jinoyatlardan O‘zbekiston davlati va xalqi ham jabr ko‘rgan”, deya munosabatini yakulagan Adliya vazirligi.
Gulnora qayerda?
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi