Futbolga “masxaraboz”lar nega kerak?
Sport
−
28 mart
32915Video boshlanishidan avval ogohlantirib qo‘yaman va bu videoda qo‘shimcha lavhalarning guvohi bo‘lmaysiz, chunki bugun biz so‘z yuritadigan mavzu qahramoni o‘ziga oid videolarni tarmoqlardan o‘chirtirmoqda.
Konsert zali sahnasi nega muxlislar o‘tirgan qatordan 1 metr balandda? Nega oktagonning atrofi o‘ralgan? Nega futbol maydoniga futbolchilar va hakamlardan boshqalar yo‘latilmaydi? Chunki sahna va sport maydonida san’at yoki sport tomoshasi ko‘rsatayotganlar va muxlislar o‘rtasida masofa bo‘lishi, muxlis sahna yo maydonga chiqib, istagan harakatini qilmasligi, mashhur shaxsning faoliyatiga qiziqishi, uning faoliyatiga muxlislik qilishi, shaxsiga daxl qilmasligi, chegaralarni bosib o‘tmasligi bilan bog‘liq.
Butun dunyoda mashhurlar, xususan, futbolchilar alohida protokollar, aniq tasdiqlab olingan shartnomalar, hujjatlar bilan qo‘riqlanadi. Ularning shaxsiy hududi, tibbiy va ruhiy holati, xavfsizligi uchun alohida jamoalar ishlaydi. Istalgan odam ularning yoniga yaqinlashib, xuddi bizdagidek xurmacha qiliqlarini qilolmaydi. Har holda “Manchester Siti”, “Real”, “Barselona”da kimdir futbolchilarga bu qadar yaqin bo‘lib, ular bilan bachkana videolar ulashib borishiga guvoh bo‘lmaganmiz. Bunaqasi faqat O‘zbekistonda!
O‘zbek sportida, xususan futbolida, futbolchilar muhofazasi bilan bog‘liq holatlarda xalqaro qoidalar unutilganiga ancha bo‘lgan. Futbolchilarga hamma oshna, hamma do‘st, ularni istalgan joyda ko‘rish imkoniyati keng, ular bilan istalgan mahsulotni reklama qilish mumkin, ularni amallab, yo‘lini topib, xuddi qorboboni uyingizga chaqirgandek, mahallangizga chaqirishingiz ham qiyin emas. Bu – ayni kunlarda futbolda “Manchester Siti”da o‘ynayotgan Milliy terma jamoamiz a’zosi Abduqodir Husanov bilan sodir bo‘layotgan voqealar fonida to‘plangan xulosalar.
O‘zbekistonda muxlislar borki, yo‘q, aniqroq aytsam, shunday tanlangan muxlis borki, u futbolchi bilan birga bitta mehmonxonada tura oladi, bitta avtobusda yura oladi, bitta samolyotda ucha oladi. Va bu imkoniyatlar, chegarasizlikdan foydalanib, daxlsizlikni unutib, futbolchilarni yo‘q deya olmaydigan sharoitga tushirib, surbetlarcha ular yuzi orqali o‘zining yashirin reklamalari bilan ijtimoiy tarmoq uchun kontent oladi.
O‘zbekistonning xalqaro o‘yinlarida futbolchilar bilan samolyotda uchayotib ham bir necha mahsulotni reklama qiladigan ham, ular bilan bir mehmonxonada yashab, hatto, yotog‘ida futbolchilarga shokolad tarqatib, yashirin reklamadan foydalanadigan ham, har uchrashuvda o‘ziga berilgan vakolatlarni suiiste’mol qilib, u yoki bu mahsulotni sportchilar orqali reklama qilib olishga urinadigan ham aynan O‘zbekistonda. Chunki boshqa davlatlarda bunday arzon piarlarga ruxsat berilmaydi. Aksincha, bunday odamlar yoki blogerlar, ularga reklama bergan kompaniyalar ham futbol tashkilotlari tomonidan bir necha millionlik jarimaga tortiladi. Faqat bizda emas!
Abduqodir Husanov haqida ko‘p gapirdik. Hamon bu futbolchi atrofida bo‘layotgan voqealarni tahlil qilishyapti. Uning Eronga qarshi ko‘rsatgan o‘yini haqiqatda kutilmagan bo‘ldi. Hech kim “Manchester Siti” a’zosi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasining eng yomon o‘yinchisi bo‘ladi, deb o‘ylamagandi. Hatto, Eron bilan o‘yinda ayrim epizodlarda Husanovdagi konsentratsiyaning qochishi oqibatida O‘zbekiston terma jamoasi gol o‘tkazib yuborgani ham bor gap.
Albatta, odatda xorijiy klublarda o‘ynaydigan futbolchilar MTJ uchrashuvlariga kelganda xalqaro shartnomalari, u yerdan keladigan daromadlarni o‘ylab, jarohat olmaslik uchun ham o‘zini qiynamay o‘ynashi haqida gaplar yuradi, bular ba’zan o‘z isbotini topgan ham. Biroq, Husanovga hozir bu kerak emas, Husanov hozir har o‘yinda, u qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zini ko‘rsatadigan sharoitda. Faqat bunga jismoniy imkoniyatlari yo‘l bersa bas.
Eron bilan uchrashuvdan keyin Husanovdek futbolchi, “Manchester Siti” a’zosi nahotki, shunaqa ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ysa, nega u o‘ziga o‘xshamayapti, degan savollar o‘rtaga tashlandi. Bu oddiy muxlisning emas, mutaxassislarning ham fikri edi.
Ha, Husanov ham xato qiladi, qachonki futbolchi keragidan ortiq ruhiy yuklamalar olsa, o‘zi ishtirok etishi kerak bo‘lmagan davralarda ko‘rinish bersa, hamma u bilan suratga tushsa, hamma uni o‘rab olsa, istagan odam uni videoga olsa, u bilan kontent tayyorlasa. Husanov Jahon Chempionati saralashidek muhim davrda atigi bir necha kungagina Toshkentga kelganida futboldan boshqa hamma narsa bilan shug‘ullangandek, go‘yo. Masalan, u Toshkentda bo‘lsa turib, 17 mart kuni Qirg‘iziston bilan o‘yin oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotda qatnashmadi. U o‘sha kuni shaxsiy oilaviy tadbirda edi.
Libos tikuvchining ham kontentida Husanov, Navro‘z bayramida ham Husanov, to‘ylarning videosini oluvchilar lavhasida ham Husanov, garchi bu uning shaxsiy oilaviy marosimi bo‘lsa ham. Sartaroshning chiqishida ham Husanov. Blogerning videosida ham Husanov. Husanovni to‘satdan uchratish, u bilan suratga tushish va biror narsani reklama qilib olish oson bo‘lib qoldi, qadri qolmadi.
Xo‘sh, Husanovning bu darajada daxlsiz bo‘lib borayotganiga sabab nima? O‘FA degan tashkilot istalgan insonni terma jamoa mehmonxonasiga o‘z uyida yurgani kabi kirib chiqishiga qarshilik qila olmasa, lavozimiga ko‘ra faqat tribunada futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan shaxs aeroportda terma jamoaning asosiy figurasini kutib olsa, u bilan mashinada, avtobusda yursa, kontentlar olsa, reklamalarida futbolchining “face”idan foydalanib, uning shaxsiy imijini hurmat qilmasa, ha bunday hollarda Husanov ham xato qilishi, Husanovdan ancha nomdor bo‘lgan to‘p ustalari ham o‘yinda o‘ziga o‘xshamasligi turgan gap.
Fozilovning aytishi bo‘yicha, uning aeroportda kutib olinishini shaxsan Abduqodir Husanovning otasi Hikmat Hoshimov iltimos qilgan. Hikmat Hoshimov ham buni QALAMPIR.UZ’ga ham tasdiqladi. Fozilov o‘z tanishlariga pul to‘lab, Husanovni aeroportda umumiy zaldan, vip zalga o‘tkazgan va aeroport eshigigacha mashina kirishini ta’minlab, Husanovni uyi tomon olib ketgan.
Bu O‘FA sharmandali holat emasmi. Qanday qilib O‘zbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqish uchun, Manchesterdan Toshkentga kelgan futbolchining kutib olish ishlarini butunligicha oddiy muxlisga ishonib topshirish mumkin. Fozilovning O‘FAdagi vazifalariga o‘zi nimalar kiradi?
Ma’lumki, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) o‘z ustavlarida futbolchilarning terma jamoadagi faoliyatiga oid tegishli bandlarni kiritib qo‘ygan.
FIFA’ning milliy terma jamoalarga oid qoidalari futbolchilarning yig‘inlar va rasmiy uchrashuvlar davomida qayerda va kimlar bilan bo‘lishi masalalarini tartibga soladi. Ushbu qoidalarga ko‘ra, futbolchilar yig‘inlar va o‘yinlar davomida terma jamoa murabbiylari va ma’muriyati tomonidan belgilangan joylarda bo‘lishlari talab etiladi. Bu, odatda, mehmonxonalar, mashg‘ulot maydonlari va stadionlarni o‘z ichiga oladi. Futbolchilarning yig‘inlar davomida shaxsiy tashriflar yoki jamoa faoliyatidan tashqari uchrashuvlar o‘tkazishi cheklangan bo‘lishi mumkin, bu esa jamoa intizomi va tayyorgarligini ta’minlashga qaratilgan.
Futbolchilarning yig‘inlar davomidagi faoliyati va intizomi milliy futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilangan ichki qoidalar va FIFA’ning umumiy reglamentlari asosida tartibga solinadi. Bu qoidalar futbolchilarning tayyorgarligi, sog‘lig‘i va jamoa natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish maqsadida ishlab chiqilgan.
FIFA’ning milliy terma jamoa futbolchilari uchun belgilangan qoidalariga ko‘ra, klublar o‘z futbolchilarini xalqaro o‘yinlar va yig‘inlar davomida terma jamoa ixtiyoriga taqdim etishlari shart. Bu davrda futbolchilarning qayerda va kimlar bilan bo‘lishi terma jamoa rahbariyatining nazoratida bo‘ladi. FIFA’ning rasmiy nizomlarida bu masalalar batafsil yoritilgan. “Regulations on the Status and Transfer of Players” nomli nizomda bu haqda batafsil keltirilgan.
O‘FA yuqorida keltirilgan ayrim bandlarga, ya’ni futbolchilarning e’tibor bering, bu davrda futbolchilarning qayerda va kimlar bilan bo‘lishi terma jamoa rahbariyatining nazoratida bo‘ladi, degan bandga amal qilmadi.
O‘FA oddiy futbol muxlisiga, bloger, ta’bir joiz bo‘lsa o‘sha bloger orqali boshqa blogerman deganlar, futbolga yarim gramm ham aloqasi bo‘lmaganlarga Abduqodir Husanovni bemalol kutib olish, futbolchilar turgan mehmonxonaga kirib, ularni yetarlicha bezovta qilish va kontentlar olishga qarshilik ko‘rsatmadi. Aksincha, sharoit yaratib berdi. Bu Ravshan Ermatovni ham, O‘FAdagi boshqa janoblarni ham bezovta qilmadi.
Yuqorida aytganimdek, Husanovdan hamma foydalandi, reklama oldi, uning sochini tekislab qo‘ygan sartarosh ham, unashtiruv marosimini suratga olgan videokompaniya ham, bozori chaqqon bo‘lishi uchun kimdir unga soat sovg‘a qildi, kimdir “plystation”. Hatto yangi avtomobiliga benzin quyib berganlar ham uning otasi, ukasi, mashinasi bilan video oldi. Hech kim ularga o‘chir, kamerangni demadi, yoqib tushdi.
Xo‘sh, Husanovga agar ular tekinga xizmat ko‘rsatgan, tekinga sovg‘a bergan yoki tekinga benzin quyib bergan taqdirda ham, Abduqodir bularni o‘z puliga ololmaydigan sharoitdami? Aksincha, o‘sha 1000 dollarlik soatni tekinga olganidan ko‘ra, uning reklamasida rasman suratga tushib berishi qimmatroq turadi. Yoki baxtli kunini rasm va videoga olib berganlar aslida uning shaxsiy tadbirini ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilib, shaxsiy daxlsizligi bo‘yicha qoidalar, mavjud xalqaro qonunlarni buzayotgan bo‘lishi mumkinligini bilarmikan?
Tan olaylik, shu joyda hamma o‘zini o‘yladi, hech kim bu vaziyatda Husanovning shaxsiy imiji haqida bosh qotirgani yo‘q. Hatto, unga eng yaqinlar ham. Gap so‘zidan juda tarbiyali, andishali yigitga o‘xshaydigan 21 yoshli Abduqodir Husanov hech kimga rad javobini bera olmayapti. O‘zi umuman, Milliy terma jamoadagi futbolchilar ham, boshqa sportchilar ham, xususan Olimpiada o‘yinlari ishtirokchi va g‘oliblari ham atrofida izg‘ib yurgan, qaysi eshikni ochsa o‘sha yerdan kanadek vizillab kirib kelayotgan ayrim kimsalarga yo‘q deya olmayapti, ularni sport oilasining o‘ta vakolatli shaxslaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Husanovning O‘zbekistonga kelishi, kutib olinishi va unga bo‘lgan tashqi ta’sirga to‘xtalsak. Bu borada QALAMPIR.UZ doimiy hamkori Telegram’dagi Samvel Karlenovich sahifasi bilan ba’zi jihatlarga e’tibor qaratdi. Jumladan, tadbirlar blogerlarning o‘yinchiga salbiy ta’siri haqida misollarni to‘pladi.
Mart oyidagi terma jamoa yig‘inida Abduqodir Husanovning Eronga qarshi o‘yindagi past ko‘rsatkichi muxlislar uchun kutilmagan holat bo‘ldi. “Manchester Siti” safidagi futbolchi maydonda o‘zini namoyon eta olmadi. Bu holatni yaxshiroq anglash uchun uning bir haftalik faoliyatini zamonaviy sport psixologiyasi tadqiqotlari bilan qiyos qilamiz.
Futbolchini charchatuvchi ijtimoiy yuklamalar
Tanaffussiz hayot
Smith & Green (2019): Tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, futbolchilar jamoat ishlariga ko‘p vaqt ajratsa, bu ularning tiklanish, uxlash va davolanish imkoniyatlarini keskin kamaytiradi. Bu holat jarohat xavfini va jismoniy pasayishni kuchaytiradi.
17-mart – Husanov Toshkentda:
- Husanovning kutib olinishi va blogerlar qurshovi
- Mercedes-Benz G-Class kaliti va bloger Abdurahmon Fozilovning “chexol” sovg‘asi
- Shaxsiy “Marry me” marosimi – to‘ydan avvalgi romantik tadbir
Ta’siri: Ushbu yuklama faqat vaqtni emas, balki tiklanish imkonini ham olib qo‘ydi. Husanov terma jamoaning birinchi kungi mashg‘ulotiga qo‘shila olmadi.
Ruhiy charchoq va diqqatning pasayishi
Weinberg & Gould (2019): Muntazam ijtimoiy faollik, ayniqsa, “qalbaki qiyofa” saqlash — ya’ni hammaga yoqish uchun doimiy ochiq va xushmuomala bo‘lish — miya uchun juda charchatuvchi. Bu qaror qabul qilish qobiliyatini pasaytiradi, ruhiy hordiqning yetishmasligiga olib keladi.
18-mart:
- Terma jamoa yig‘ilishida sport jurnalistikasiga xos bo‘lmagan savollar berildi.
- Tarmoqlarda tanqid va muhokamalar ko‘paydi.
Abdurahmon Fozilovning Instagram’dagi rolini unutmang: u Husanovni shaxsiy PR kontenti uchun taklif qildi, selfilar, videolar, “kontent” olish uchun foydalandi. Bu miyaga doimiy “yo‘q demaslik” tartibini yukladi.
Ta’siri: Ruhiy charchoq, emotsional tuyilish va diqqat pasayishi. Har bir maydondagi qaror bevosita miya faolligi bilan bog‘liq.
Uyquning buzilishi
Kristiansen & Roberts (2010): tadbirlar, nurli muhit va stress uyqu gormoni (melatonin) ishlab chiqarilishini buzadi. Bu mushak tiklanishi, immun tizimi va umumiy sport samaradorligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.
20-mart – Qirg‘izistonga qarshi o‘yin:
- Juda yaxshi harakat qildi, ammo o‘yindan so‘ng suratga tushish, intervyu, muxlislar bilan muloqotda juda uzoq qoldi.
- 21-mart – Navro‘z tantanasi:
- 90 daqiqa futbol, kam uxlashdan keyin, ertalab “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi ommaviy tadbirga jalb qilindi.
Ta’siri: Uyquning yetishmasligi va mushaklar tiklanishining buzilishi, sportchiga navbatdagi kunda kuch qaytarish imkonini bermaydi.
O‘yinda samarasizlik
Johansson & Andersson (2020): Ijtimoiy faolligi yuqori bo‘lgan futbolchilarning maydondagi samaradorligi pasayishi kuzatilgan. Futbolchi jismoniy tayyorgarlikka emas, tashqi ko‘rinishga, fanatlar bilan muloqotga ko‘proq energiya sarflaydi. Bu qarorlarni sekinroq qabul qilish, xatolar va kuch yetishmasligi bilan yakunlanadi.
22-mart:
- “Real Madrid” formasiga dastxat berishdan bosh tortdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi – unga nisbatan yana bosim yuzaga keldi.
25-mart – Eronga qarshi o‘yin:
- Termada eng past reyting – charchoqning natijasi.
Ta’siri: Psixologik charchoq, ortiqcha yuklama va uyqusizlik – buning barchasi uning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Nima qilish kerak?
- Futbolchining vaqti va himoyasi hurmat qilinishi kerak. Tashkilotchilar, blogerlar, muxlislar har kim istagan paytda unga yaqinlasha olmasligi lozim.
- O‘FA PR faoliyatini tartibga solishi kerak. Futbolchining shaxsiy hayoti, mashg‘ulotlari va ijtimoiy tadbirlari bir-biri bilan to‘qnashmasligi zarur.
- Imijmeyker yoki media-menejer kerak. Husanovga o‘xshagan yulduzlar himoyalangan shaxs bo‘lishi kerak. Har PR post – sport natijasiga ta’sir qilishi mumkin.
Futbolchiga “PR qurboni” sifatida qarash katta xatodir. Abduqodir Husanovning bir haftalik voqealari – har bir kichik kontent ortida qanday salbiy oqibatlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ilmiy tadqiqotlar shunga ishora qilmoqda: ortiqcha ijtimoiy yuklamalar sportchiga maydondagi natijaga erishishda to‘siq bo‘ladi.
Balans – muvaffaqiyatning yagona kafolati.
O‘FA va Abduqodir Husanov bilan bog‘liq holat, blogerlarning bemalol futbolchilarga yaqin bo‘lib, ularga ortiqcha ruhiy yuklamalar paydo qilishi bo‘yicha QALAMPIR.UZ mutaxassis fikriga qiziqdi.
San’at Sharipov:
“O‘FAni vazifalariga to‘xtalsak, albatta, ularning vazifasi o‘yinchining xavfsizligini ta’minlash. Lekin O‘FAda professionallar ishlamaydi-daa. Aks holda, bunaqa narsalarga yo‘l qo‘ymas edi. Chunki, ularning o‘ziyam Instagram yulduziga aylanib qolgan. Aftidan, bu narsa ularning o‘ziga yoqadi. O‘zini hurmat qiladigan tashkilot rahbarlari bo‘lganida, fanatlarniyu-tanishlarni hatto maydon maysasiga yaqinlatmasdi. Bu blogerlar, terma bilan hatto bitta avtobusda, bitta samolyotda, bitta mehmonxonada yuradi. O‘zbekning andishasi bor, futbolchilar yo qo‘rqadi yoki uyaladi “aka, bizni tinch qo‘ying”, deyishga. Boshqa biror bir mamlakat terma jamoasi fanatlarini o‘yinchilar bilan bu darajada yaqin bo‘lib yurganini uchratmaysiz. Babayan ham bu narsalarga qattiq e’tibor berardi. U ham termaga tashqi omillar xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymas edi”.
Taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov esa o‘yin sharhida bahs davomida o‘yini chiqmayotgan Abduqodir Husanovning xatolarini imkon qadar kam gapirishga, futbolchining samarali o‘ynay olmasligiga, albatta, tashqi ta’sir katta ekanligiga ishora qildi.
“Abduqodir Husanovning Toshkentdagi “sarguzashtlari” baribir uning o‘yiniga ta’sir qildi. Buni ko‘pchilik aytyapti, buni birgina odamga yo‘llamoqchimasman. Men kecha bir narsani eshitib xursand bo‘ldim. Ya’ni to‘g‘ri xulosalar chiqarilgan, deb o‘ylayman. “Zo‘r TV” telekanaliga o‘yindan oldin mehmon taklif qilinishi kerak edi. Mehmonga turli xil variantlarni keltirishdi. Oxiri Muhammadali O‘rinboyev keldi va u birinchi bo‘limda Hasan Turdaliyev bilan o‘yinni sharhladi. Muhammadalidan oldin juda ko‘pchilikka taklif bildirildi. Takliflar orasida Husanovning otasi Hikmat Hoshimov ham bor edi. Telekanal mas’ullarining aytishicha, Hikmat aka rozi bo‘lmabdi va intervyu berishni to‘xtatibdilar. Men xursand bo‘ldim. Birinchidan, bu otaning to‘g‘ri xulosa chiqargani. Chunki bo‘ldi, voqealar bo‘lib o‘tdi. Balki boshqa narsalar bo‘ladi, deb o‘ylagan bo‘lishi ham mumkin. Toshkentga kelishidagi Husanovning avtomobil bilan bo‘lgan voqeasi negativ effekt berib yuborishidan to‘g‘ri xulosa chiqardi”, deydi Hamidov.
Abduqodir Husanov hozirgi kunda turli vaynerlar va blogerlarning e’tibor markazida turibdi, kerak bo‘lsa ular bilan og‘a-ini. Agar choyxonada birga osh oshalamayotgan bo‘lsa, juda yaqin. U haqida turli kontentlar tayyorlanib, masxaraomuz videolar ham olinmoqda. Bunday holatlarga duch kelganda futbolchilar ba’zi strategiyalarni qo‘llashlari tavsiya etiladi.
- Rasmiy imijni nazorat qilish – Har bir futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z faoliyatini professional darajada olib borishi lozim.
- Tanqidlarga javob bermaslik – Mish-mishlarga yoki blogerlarning manipulyativ xabarlariga rasmiy javob bermaslik, faqat natijalar bilan gapirish.
- PR mutaxassislar bilan ishlash – Futbolchilar o‘z imijini himoya qilish uchun professional PR mutaxassislarni jalb qilishlari kerak.
- Ijobiy kontent yaratish – O‘z sahifalarida futbolga oid motivatsion va ijobiy kontent joylashtirish.
- Ushbu strategiyalar orqali Abduqodir Husanov kabi yosh futbolchilar o‘z obro‘sini himoya qilishi mumkin.
Dunyodagi mashhur futbolchilar ham doimo jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bosimi ostida bo‘lgan. Ularning tajribasi o‘zbek futbolchilari uchun foydali bo‘lishi mumkin:
- Lionel Messi – mish-mishlarga e’tibor qaratmaslik va faqat natijalar orqali javob berish taktikasidan foydalanadi.
- Krishtianu Ronaldu – ba’zan rasmiy bayonot berib, ammo asosan o‘z muvaffaqiyatlari orqali manipulyatsiyalarga barham beradi.
- Kilian Mbappe – o‘z sahifalaridan sport rivoji va jamiyat uchun foydali loyihalar haqida yozish uchun foydalanadi.
- Neymar – asosan tijorat va futbol faoliyatini targ‘ib qilib, ortiqcha tortishuvlardan qochadi.
O‘zbek futbolchilari ham ana shunday tajribalarni o‘rganib, o‘z brendini to‘g‘ri boshqarishni o‘rganishlari lozim.
Agar yosh o‘zbek futbolchilari ushbu strategiyalarga amal qilsa, nafaqat maydonda, balki ommaviy axborot vositalarida ham o‘z obro‘sini saqlab qolishi mumkin. Va yana unutmaslik kerak, ularning o‘rni, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda va reklamalarda emas, maydonda. Maydon o‘zidan uloqtirgan sportchini esa na muxlis, na OAV, na o‘sha blogerlar tan oladi.
Husanovning o‘yini chiqmaganiga to‘laqonli aybdor sifatida blogerlarni ko‘rsatish biroz noto‘g‘ridir. Ammo sabab va sababchilar doim bor. Hammaning, ayniqsa, bloger va muxlislarning Husanovga bemalol yaqin bo‘la olishiga to‘sqinlik qila olmagan O‘FA, futbolchining agenti va agar bo‘lsa Husanovning imijmeykeri bu tahlilimizni albatta, ko‘rib chiqishi kerak chog‘i.
Ana shunaqa gaplar. O‘sib kelayotgan yosh futbolchilarni ijtimoiy tarmoqdagi kontenti uchun qurbon qilib yuborayotgan blogerlar, O‘zbekistondagi asosiy futbol tashkiloti hisoblanmish O‘FA, bugun odamlarning sizga bo‘layotgan adolatli e’tirozi, mutaxassislarning professional tanqidlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishingizni istaymiz. Husanov va boshqalar kimningdir yashirin mo‘may daromadi va mas’ullarning shunchaki befarqligi qurboni bo‘lmasin.
LiveBarchasi