Netanyaxu G‘azoni falastinliklardan tozalamaslikka so‘z berdi – Blinken
Olam
−
10 yanvar
4286Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu muzokaralarda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni yahudiy davlati hukumati falastinliklarni G‘azo sektoridan majburan chiqarib yubormasligiga ishontirdi. Bu haqda Amerika diplomatiyasi rahbari kecha, 9 yanvar kuni Tel-Avivdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Falastinlik tinch aholi imkon bo‘lishi bilan uylariga qaytishlari kerak. Ular G‘azodan chiqib ketishga majbur qilinmasligi lozim. Bosh vazirga aytganimdek, Qo‘shma Shtatlar falastinliklarni G‘azodan tashqariga joylashtirish bo‘yicha har qanday taklifni so‘zsiz rad etadi”, deydi Blinken.
Shuningdek, Blinkendan yahudiy davlatining Falastin soliq daromadini ushlab qolishiga izoh berishi so‘ralgan. U esa Isroil hukumati Falastin byudjeti uchun mo‘ljallangan soliq tushumlarini ushlab qolishni bas qilishi kerakligini aytgan.
“Falastin ma’muriyatining daromadiga kelsak, bu ularning puli. Ular o‘z haqini muntazam ravishda olishlari kerak”, degan Amerika diplomatiyasi rahbari.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Falastin o‘zining muhim xizmatlarini, jumladan, G‘arbiy Sohildagi muhim ishlarni bajaradigan xodimlariga, xususan, xavfsizlik kuchlariga haq to‘lashi kerak.
“Ular G‘arbiy Sohilda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga harakat qilishda juda muhim rol o‘ynaydi, bu Isroilning manfaatlariga juda mos keladi. Shuning uchun biz bu daromadlar ularga qaytarilishi va Isroil uchun muhim bo‘lgan narsalarga ishlatilishi kerakligiga ishonamiz”, dedi Blinken.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorini boshqarish va mojaro tugaganidan keyin anklavni tiklash uchun “odamlarga pul to‘lash kerak”.
Qayd etish joizki, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos 2023 yil 15 dekabr kuni Ramallohda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan bilan uchrashuvda Isroil Falastin byudjeti ololmayotgan soliq tushumlarini blokdan chiqarishi kerakligini aytgan. Abbos aniq miqdorni ochiqlamagan. Falastin rasmiylari Isroilning bu masaladagi yondashuvini “qaroqchilik va Falastin xalqini jamoaviy jazolash” deb atagan.
Ma’lumot uchun, Blinken G‘azoda urush boshlanganidan beri mintaqaga to‘rtinchi safari davomida Turkiya, Gretsiya, Iordaniya, Qatar, BAA va Saudiya Arabistonida bo‘lgandi. Bundan tashqari, Blinken G‘arbiy Sohilga ham borishni rejalashtirgan. Uning Yaqin Sharqqa safari esa Misrga tashrif bilan yakunlanadi.
Blinken Isroilga safari avvalida Tashqi ishlar vaziri Israel Kats, Prezident Isxak Gersog va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bilan gaplashdi. Blinken Isroil TIV rahbari bilan uchrashuvda G‘azodagi urushdan keyin yahudiy davlati Yaqin Sharq mintaqasi mamlakatlari bilan munosabatlarini yaxshilashi mumkinligini aytdi. Isroil Prezidenti esa Blinkenga Janubiy Afrikaning Isroilni “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya“ni buzganlikda ayblab, Gaagadagi Xalqaro Sudga bergan da’vosini ”dahshatli va kulgili” deb bilishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va Moliya vaziri Betsalel Smotrich “G‘azo aholisining mintaqadan ixtiyoriy migratsiyasini qo‘llab-quvvatlashini” aytgan edi. Ikki vazirning bu kabi bayonotlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, BMT va Yevropa Ittifoqi kabi dunyoning ko‘plab davlatlarida norozilik uyg‘otdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Isroilni “ayniqsa Livanda” keskinlashuvdan qochishga chaqirgandi.
LiveBarchasi