Nexammer Putinni qattiq ogohlantirdi

Olam

image

Ukrainada odamlar o‘lishda davom etarkan, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ham to‘xtamaydi. Bu haqda Avstriya kansleri Karl Nexammer bugun, 11 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda so‘z ochgan. 

Uchrashuv Rossiya davlat rahbarining Moskvadagi Novo-Ogaryovo qarorgohida, yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan. 

Bu Nexammer o‘tgan yil oxirida lavozimga kirishganidan beri ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ilk muloqot bo‘ldi. Avstriya kansleri, shuningdek, 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning Rossiyaga tashrif buyurgan birinchi rahbari bo‘ldi. 

Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, uchrashuvda asosiy mavzu Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘lgan, biroq, boshqa tomondan gaz masalalari ham muhokama qilingan. Peskovning qayd etishicha, bu mavzu Avstriya tomoni uchun juda dolzarb.  

Kansler Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng suhbat juda qattiq va ochiq bo‘lganini ochiqladi. Nexammer o‘z bayonotida aytganidek, “bu do‘stona tashrif emas edi”.  

“Mening Putinga eng muhim xabarim shu bo‘ldiki, bu urush nihoyat tugashi kerak, chunki urushning har ikki tomonida ham mag‘lub bo‘lganlar bor. 

Kansler [Ukrainaning] Bucha shahrida va boshqa joylarda og‘ir harbiy jinoyatlarda ishtirok etganlar javobgarlikka tortilishi kerak, degan fikrni qat’iyat bilan ilgari surgan.  

“Shuningdek, men Prezident Putinga Ukrainada odamlar halok bo‘lar ekan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar davom etishini va kuchaytirilishini aniq aytdim”, deya qo‘shimcha qildi Nexammer. 

Bundan oldin Nexammer Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazgandi. 

Avvalroq Nexammer o‘zining Twitter sahifasida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Germaniya kansleri Olaf Shols, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni Putin bilan uchrashish tashabbusi haqida xabardor qilganini yozgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Avstriya harbiy jihatdan betaraf, ammo Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga nisbatan aniq pozitsiyaga ega. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Karl Nexammer

Baholaganlar

132

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing