Nazarboyev ta’ziya bildirganlarga murojaat yo‘lladi

Olam

image

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ukasi Bolat Nazarboyevning munosabati bilan ta’ziya bildirganlarga minnatdorlik izhor etdi. Uning murojaati birinchi prezident saytida e’lon qilindi. 

“Ukamning bevaqt vafoti munosabati bilan menga bildirgan iliq qo‘llab-quvvatlash va samimiy tilaklar uchun minnatdorligimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Mana shu og‘ir damda sizning qo‘llab-quvvatlashingiz men uchun kuch va hayot manbai bo‘ldi”, deb boshlanadi sobiq prezidentning murojaati. 

Uning qayd etishicha, ukasi ancha vaqtdan buyon og‘ir dard bilan kurashgan va buni yaqinlariga sezdirmaslikka harakat qilgan. 

“Yaqin insoningni yo‘qotish har doim og‘ir va undan xalos bo‘lish qiyin. Ukam men uchun nafaqat qondosh jigarim, balki sodiq do‘st ham edi. U uzoq vaqtdan beri og‘ir kasal edi, lekin o‘z azoblarini bizga ko‘rsatmadi. Ammo biz hamma narsani juda yaxshi tushunardik...” deydi Nazarboyev. 

U, shuningdek, so‘zida davom etib, o‘zining ijtimoiy tarmoqlarda ham mavjudligini qistirib o‘tgan. 

“So‘nggi bir necha kun ichida menga ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab xat va telegrammalar keldi. 

Bir qator davlat va hukumat rahbarlari, taniqli siyosat va jamoat arboblari, parlament va diplomatik korpus vakillari, mamlakatning din arboblari va ishbilarmon doiralari, shuningdek, Qozog‘istondan do‘stlarim hamda fuqarolar menga hamdardlik va matonat tilashdi. 

Sizning mehrli so‘zlaringiz men va oilam uchun haqiqiy tasalli bo‘ldi. Har biringizga g‘amxo‘rligingiz va tushunishingiz, mehribonligingiz, ushbu qiyin damda biz bilan birga bo‘lishga tayyorligingiz uchun chin yurakdan minnatdorlik bildiraman. 

Iliqlik va samimiylik uchun barchangizga katta rahmat”, deydi birinchi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyev olamdan o‘tdi. U 70 yoshda edi. Birinchi prezident matbuot kotibi Bolat Nazarboyevning o‘limiga uzoq davom etgan kasallik sabab bo‘lganini aytdi. 

Bolat Nazarboyevning vafoti munosabati bilan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Nazarboyevga hamdardlik bildirdi, ammo janoza marosimida ishtirok etmadi. Hukumat nomidan dafn marosimida Bosh vazir Alixon Smailov qatnashdi

Noyabr oyi boshida Bolat Nazarboyev Olmaota shifoxonalaridan biriga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Uning ahvoli barqaror ekanligi qayd etildi. 

Bolat Nazarboyevda 2015 yilda xavfli o‘sma (buyrak karsinomasi) aniqlangan. Keyin transplantatsiya amalga oshirilgan. Kasallik progressiv og‘ir qandli diabet bilan murakkablashgan. 2021 yilda shifokorlar yana bir tashxisni – halqum saratonini qo‘ygan. 2021 yil 29 iyul kuni Germaniyada Qozog‘iston Birinchi Prezidentining ukasi halqumni olib tashlash bo‘yicha operatsiya qilingan, shundan so‘ng ko‘plab asoratlar paydo bo‘lgan. Sentyabr oyida sepsis va tromboz rivojlanib, uning ahvoli og‘irlashgan. U komaga tushgan va klinik o‘limdan omon qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Bolat Nazarboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing