Nazarboyev xalqqa murojaat qildi

Olam

image

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev xalqni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashishga chaqiradi. Bu haqda uning Matbuot kotibi Aydos Ukibay ma’lum qildi.

“Elboshi barchani hozirgi qiyinchiliklarni yengib o‘tish va mamlakatimiz yaxlitligini ta’minlash uchun Qozog‘iston Prezidenti atrofida birlashishga chaqiradi”, deydi Matbuot kotibi.

Aydos Ukibayga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonga do‘st bo‘lgan davlatlarning rahbarlari bilan bir necha bor telefon orqali muloqot o‘tkazgan. Ammo bu qaysi mamlakatlar ekaniga aniqlik kiritmagan. 

Eslatib o‘tamiz, Elboshi Nursulton Nazarboyevning sobiq saroyiga o‘t qo‘yilgan, haykallari qo‘porilgan. U Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini ham vorisi To‘qayevga topshirgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u ayni vaqtda Nur-Sultonda bo‘lib turibdi. Uning oila a’zolari bilan mamlakatni tark etgani haqidagi gaplar tasdig‘ini topmadi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

876

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing