Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi

Madaniyat-san’at

image

Yoshlar jamiyat uchun parda ortidagi voqelik, ko‘p ham ommaviy muhokama qilinmaydigan munosabatlar sirli, sehrli tuyuladi, ularni ko‘rishga intilish kuchli bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi. 

Nazarbekov bugun kun tartibiga chiqqan masala – seriallardagi axlov mavzusiga to‘xtalarkan, soha vakillarini ogohlantirdi. 

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama etilgan, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan teleseriallarga nisbatan keskin norozilik kayfiyati kuchaydi. Ta’kidlash joizki, bundan ikki yilcha avval ham seriallar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgandi. Ayni paytda ham bu holat takrorlandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, soha vakillari kelgusida yana shunday kayfiyatdagi tomoshabin bilan yuzlashmaslik uchun bu borada aniq va to‘g‘ri yondashuvni topishi kerak. Yo‘qsa, ularning yurt taqdiriga daxldor shaxs sifatida birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davri yangilanishlarini yaratgan ajdodlarimizning ma’naviy orzulari davomchilari bo‘lgan Uchinchi Renessans vakillarini munosib tarbiyalash uchun nima qildik, degan savolga arzirli javoblari bo‘lmasligi mumkin.

Aslida bu borada mushohada yuritish har birimizning ma’naviy burchimizdir. Ayniqsa, televideniye xodimlarining oldida "Oynai jahon orqali efirga uzatayotgan har bir telemahsulot yoshlar tarbiyasiga qanday ta’sir qiladi, bu bilan jamiyatga qanday nafimiz tegyapti?" degan savol ko‘ndalang turishi kerak”, deydi Ozodbek Nazarbekov.

Vazirning ta’kidlashicha, voyaga yetmagan bolalar parda ortidagi voqealarga, sirli oilaviy munosabatlarga qiziqadi va ularni ko‘rishga intiladi. Bugungi seriallar esa bunga yo‘l ochmoqda. 

“Ayniqsa, yoshlar jamiyat uchun parda ortidagi voqelik, ko‘p ham ommaviy muhokama qilinmaydigan munosabatlar sirli, sehrli tuyuladi, ularni ko‘rishga intilish kuchli bo‘ladi. Chunki murg‘ak ongu qalb oq va qora mohiyatini to‘la anglamaydi. Mana shunday ojizlikdan foydalanib, o‘z mahsulotlarini o‘tkazishga harakat qilish ma’naviyatsizlik, madaniyatsizlikka olib kelmaydimi? Bu millatga, xalqqa, davlatga xiyonatning bir ko‘rinishi emasmi?”, deydi Nazarbekov. 

Eslatib o‘tamiz, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

361

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing