Qo‘chqorovning to‘yi, deputat bo‘lmagan Nazarbekov – Hafta tahlili
Tahlil
−
02 noyabr
15080Bu hafta qaysi davraga kirmay, kim bilan suhbatlashmay, faqat ikki savolning qarshisidan chiqdim? Allamjonovga nima bo‘ldi, qayerda, kim qilibdi? Ikkinchi savol esa Nazarbekov vazirlikdan ketdimi yo qoldimi? Ochig‘i, ochiq axborotlar kundan kunga tanqis bo‘lib borayotgan O‘zbekistonda bu savollarga javob topish siz kabi biz jurnalistlarga ham mushkul. Ha, darvoqe, menga berilgan savollar orasida to‘yga bordingmi, degani ham bor. Qaysi to‘y deyapsizmi? To‘ymisan to‘y. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qizining dabdabali to‘yi.
Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd fonida qolib ketgan saylov
O‘zbekistonda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan saylov bir kun avval Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd fonida qolib ketdi. O‘sha kuni odamlarning tiliga tushgan bu voqea ortidan ijtimoiy tarmoqlarda turli farazlar va o‘zini bu ishni amalga oshirgan shaxslar deb tanishtirgan yigitlarning videosi tarqaldi.
Allamjonovning o‘zi hozircha voqealarga biror izoh bergani yo‘q. Hozir uning qayerda va nima bilan bandligi ham noma’lum. Faqat ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ovoz berish uchun saylov uchastkasiga borganini dalillovchi suratni bo‘lishdi.
O‘sha kuni esa Bosh prokuratura O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirganlardan biri ushlangani va gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olinganini xabar qildi. Oradan bir kun o‘tib, yana uch gumonlanuvchi qo‘lga olingani aytildi va shu bilan Allamjonovga suiqasdda gumonlanayotganlar 4 nafarga yetdi.
Bildirilishicha, Bosh prokuratura tomonidan Qibraydagi qotillikka suiqasd holati bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Biz Bosh prokuratura berayotgan rasmiy bayonotlarni Allamjonov shaxsi bilan bog‘lasak-da, prokuraturaning o‘zi biror xabarda Allamjonov nomini tilga olmagan va suiqasdga urinish kimga nisbatan amalga oshirilganiga aniqlik kiritmay, voqeaga faqat “Qibraydagi holat” deya shartli nom berib kelmoqda.
Shuningdek, Bosh prokuratura mazkur ish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali tasdiqlanmagan va asossiz, shuningdek, ishonchli rasmiy manbalarga tayanilmagan ma’lumotlar keng tarqalayotganiga e’tibor qaratib, aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini eslatgan.
Katta ehtimol bilan bu ogohlantirishda Bosh prokuratura ikki yigitning Allamjonovga suiqasdni amalga oshirish bo‘yicha buyurtma olgani haqidagi videosini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Yigitlarning videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganiga, odamlar orasida shov-shuv ko‘tarilganiga qaramay, huquq-tartibot organlari, xususan, Bosh prokuratura bu videoga munosabat bildirmadi. Yigitlarning hozir qayerdaligi va kimligi noma’lumligicha qolmoqda. Ommaviy axborot vositalarida esa ularning aytganlarini tekshirish imkoni yo‘q.
Saylovda nomzodi bor vazirlar deputat bo‘lmadi
Nazarbekov deputat bo‘lmadi. Lekin vazirlikda qolishi ham dargumondek. Bilmaymiz, ochig‘i. Bilolmayapsiz. Na gapiradigan, na savollarga javob beradigan odamlar bor. Siz kabi eshitganlarimizga asoslansak, Nazarbekov ham senatorlikka ketadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va asoslanmagan gaplarga qaraganda Nazarbekovdan qolgan vazirlik kursisini O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev egallashi mumkin ekan. Agar bu gaplar rost bo‘lsa, hukumatning eng muhim bo‘g‘inidan bir san’atkor ketib, boshqasi keladi.
Xabaringiz bor, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovida hukumatdan naq 7 kishining – O‘zLiDePdan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, “Adolat” SDPdan Adliya vaziri Akbar Toshqulov, XDPdan Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Ekologik partiyadan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nomzodi ko‘rsatilgan edi.
Saylov natijalariga ko‘ra, ularning hech biri deputatlikka o‘tmaydigan bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ro‘yxatida ularning ism-sharifi ko‘rsatilmagan.
Senatimiz Raisi Tanzila Norboyeva esa shu hafta Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatligiga saylandi. Bu uning Senat raisligidan ketdi degani emas, hali hammasi oldinda. Avval ham Norboyeva taomilga ko‘ra avval deputatlikka saylangan, so‘ng Senat Raisi etib tayinlangan.
Shuningdek, bu galgi saylovda deputatlikka saylangan san’atkorlar va sportchilar avvalgilardan ancha ko‘p. O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diyev, Muhammadali Abduqunduzov, Gavhar Zokirova, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, bastakorlar Rustam Abdullayev, Oydin Abdullayeva, aktrisalar Ra’no Zokirova, Ra’no Shodiyeva, Dilnoza Kubayeva, Mahliyo Asqaraliyeva, futbolchi Odil Ahmedov, gimnastikachi Oksana Chusovitina, futbol hakami Ravshan Ermatov Oliy Majlis va mahalliy kengashlar deputatligiga saylandi.
Ma’lumki, ko‘plab xalqaro tashkilotlar qatori Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Saylovlarni kuzatish missiyasi ham O‘zbekistondagi saylovni kuzatdi va xulosalari bo‘yicha hisobot e’lon qildi. Yevropa tashqi harakatlar xizmatining bayon qilishicha, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston parlamentiga saylovda saylovchilarning “haqiqiy tanlovi qolmagan”.
Hisobotda qayd etilishicha, saylov tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib, saylovlarga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, siyosiy muhit saylovchilarga haqiqiy tanlov imkoniyatini bermay, cheklanganligicha qolmoqda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ushbu saylovlar davomida qayta ko‘rib chiqilgan qonunchilik bazasida erishilgan yutuqlarni, xususan, nogironlarning ovoz berishini osonlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni va yangi parlamentdagi o‘rinlarning kamida 40 foizini ayollar egallashini olqishlagan va O‘zbekiston hukumatini ushbu saylovlarda erishilgan texnik standartlar bilan tabriklagan. Lekin so‘nggi natijalarga ko‘ra deputatlik o‘rinlarining 38 foizini ayollar egalladi. Shunday bo‘lsa-da, bu O‘zbekiston parlamenti tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi davom etayotgan kamchiliklarni, ya’ni faqat hukumat tomonidan rasman ma’qullangan partiyalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lganini, bu esa muxolif partiyalarning tanlovda qatnashmasligiga olib kelganini urg‘ulagan.
“Yevropa Ittifoqi, shuningdek, YeXHT tomonidan saylov kunida aniqlangan qonunbuzarliklar, huquqbuzarliklar, protsessual va texnik muammolar hamda jarayonning yaxlitligini shubha ostiga qo‘yuvchi va shaffoflikka putur yetkazuvchi kafolatlarga hurmatsizlik bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlanganini ham e’tiborga oldi. Yevropa Ittifoqi saylovlarni haqiqatdan ham adolatli va erkin deb ta’riflashdan oldin O‘zbekistondagi demokratik jarayonlarga qo‘shimcha sarmoya kiritish zarur, deb hisoblaydi. Bo‘lajak parlament saylovlari mustaqil nomzodlar uchun ochiq bo‘lishi kerak. Islohotlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan barqaror muhitni o‘rnatish uchun mazmunli jamoatchilik muhokamasi, shu jumladan muxolifat ovozlari uchun maydon yaratish va himoya qilish juda muhim”.
Parlament saylovida mamlakatda ko‘p yillik hukmron Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) g‘olib deb e’lon qilindi. O‘zLiDeP Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rinlaridan 64 tasini, “Milliy tiklanish” – 29, “Adolat” – 21, XDP – 20, Ekologik partiya – 16 o‘rinni egalladi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda saylovchilarning 74,72 foizi ishtirok etgan.
Vazir Jamshid Qo‘chqorov qizining to‘yi. Qog‘ozlarda qolib ketgan qarorlar
To‘yga bormadim. Qaysi to‘yga bo‘lardi, o‘sha dastur avvalida gap boshlaganim vazir Jamshid Qo‘chqorovning to‘yiga. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda to‘y videolarini ko‘rib, borgandek bo‘ldim.
Keling, tushuntiribroq gapiray. Shu hafta ijtimoiy tarmoqda Jamshid Qo‘chqorov qizi Sevinchni turmushga berayotgani aks etgan video tarqaldi. To‘y qachon va qayerda bo‘lgani aniq emas, ammo videoda bo‘yniga oq kapalak galstuk taqib olgan vazir Qo‘chqorov xuddi Yevropa to‘ylaridagidek kuyovning qo‘liga qizini topshirayotgani aks etgan. Linkedin va Facebook’dagi ma’lumotlarga ishonilsa, kuyov bo‘lmish Saidali Ubaydullayev Vestminster universiteti va dunyoning eng yaxshi biznes maktablaridan biri Bayes Business School’da tahsil olgan. Hozirda “Amirsoy” dam olish maskanining rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
To‘y qayerda bo‘lgani aniq bo‘lmasa-da, uning hashamatidan va dekoratsiyalaridan oddiy joyda bo‘lmaganini payqash qiyin emas. Katta ehtimol bilan marosim ayni vaqtda o‘zbekistonlik ko‘plab puldorlarning to‘ylari o‘tkazilayotgan “ZO‘R TV” telekanalining pavilonida o‘tgan bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonliklar mamlakatda to‘y va ma’rakalarni qisqartirishga oid qarorlarning qabul qilinishi va uni birinchilardan bo‘lib davlat xizmatchilarining o‘zi buzib berishiga o‘rganib qolgan. Bu O‘zbekistonda amaldorlar qilayotgan birinchi dabdabali to‘y emas. Vazirlar Behzod Musayev, Ozodbek Nazarbekov, sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev, ko‘plab senator va mulozimlarning farzandlari to‘ylari dabdaba bilan o‘tkazilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Hatto, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qizining to‘yi munosabati bilan yozgan dasturxoni tillarda doston bo‘lgandi. Qolaversa, kazo-kazolarni aytib, to‘y qilgan amaldorlar orasida to‘ylariga xorijdan san’atkorlar olib kelganlari ham yo‘q emas.
Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan to‘ylar masalasida vazirlar, hokimlar, amaldorlarni qattiq tanqid qilib, ogohlantirgandi bir necha yil avval.
“To‘y eng ko‘pi 150 kishiga bo‘ladi, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham o‘tkazmaydi. Bo‘ldi, u zamonlar tugadi. Odamlarning g‘ashini keltiryapti. Marosimlar ham, to‘ylar ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi, g‘o‘dayib, hamma muovinlari bilan, hamma turadi. O‘sha 20 kilogramm go‘shtingni puliga biror kambag‘alning uyini ta’mirlab ber, televizor olib ber!
Qaror chiqadi! Qaror! Prezident qarori emas, Senat qarori chiqadi! To‘y qilishning ham me’yorini yozib beramiz. Toshkentda to‘rtta qizi bor odam to‘y qilishi uchun o‘zini osishi kerak. Oddiy, byudjetdan maosh olib yashaydigan odam to‘rt qizini erga berishi uchun o‘zini ossa ham bo‘laveradi. Hech qanday imkoniyat yo‘q. Birovdan qolmay, deb qarz oladi, o‘ziga qaramaydi, doktorga bormay, faqat shu to‘yga yig‘adi. Kimga kerak bu to‘y?
Avvaliga biz tashviqot qilib ko‘rdik, foyda bo‘lmadi. Xiyonat qilyapmiz xalqimizga! To‘ylarni joy-joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi. Adolat o‘rnatiladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar – prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi – me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman.
Qaysi vazir yo Bosh vazir o‘rinbosari 500 kishiga to‘y qilishga yetadigan maoshni qayerdan oladi? Hammasi o‘g‘rilik bu, agar buning tagini surishtirsak. O‘g‘rilik! Bu ham adolatsizlikning bir oqibati. 110 kishi, 120 kishi. Tamom! Juda bo‘lmasa, maxsus komissiyadan ruxsat olib, 150 kishilik to‘y qiladi. Bundan ortig‘i hech qayerdan bo‘lmaydi. Juda yaxshi bo‘ladi, faqat yoshlar bo‘ladi. Qariyalar non sindirishga, to‘yga yoshlar boradi.
Men shuning hammasini yozib, qaror chiqarishga majburman. U zamon o‘tib bo‘ldi endi. Avvalambor ertalabki to‘ylar yo‘q bo‘ladi. Bo‘ldi endi. Marosim tushlik vaqti 13:00 dan 14:00 gacha bo‘ladi. Qaysi restoran kechqurun o‘shani qilsa, o‘sha restoranni o‘sha kuniyoq yopamiz. Adolatsizlikni o‘zimiz boshlab beryapmiz”.
Mayli, to‘y har kimning shaxsiy ishi, oilaviy masalasi, deylik. Shunday ekan, nega Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat kengashi “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilgan? Nega ushbu qaror bilan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan? Nega ushbu nizomda to‘ylarda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik alohida urg‘ulangan? Nega Nizomda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb yozib qo‘yilgan? Yo bu qaror faqat amaldor bo‘lmagan, orzu-havas dardida ro‘zg‘or tebratayotganlar uchunmi? Hamon bunday qarorlarni amaldorlarning o‘zi chiqarib, o‘zi buzib tursa, Oliy Majlis va Senat deganlari o‘zi chiqargan qarorning ijrosi bilan shug‘ullanmasa, bunday qarorlarni qabul qilgandan nima naf? Qog‘ozlarda qolib ketadigan gaplardan charchamadikmi?
Dabdabali to‘ylar qilinayotgan O‘zbekistonning davlat qarzi 2024 yilning I yarmida 37 milliard dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich joriy yilning dastlabki yarmida yalpi ichki mahsulotning 33,2 foizini tashkil qilgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston nomidan davlat kafolati ostida jami 2,8 milliard dollarlik tashqi qarz shartnomalari imzolangan. Xullas, byudjet haqida aytadiganlarimiz ko‘p, bularga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Boyovut tumanining so‘kong‘ich ayol hokimi qanday jazolandi
G‘arblik siyosatshunoslar ham, o‘zimizning Gender huquqlari faollari ham Hukumat va mahalliy boshqaruv organlarida ayollarning rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi o‘sha tizim yoki tashkilotda vijdon ishlashi, tartib bo‘lishi, etika, madaniyat rivojlanishi, so‘kong‘ichlik, majburiy mehnatga jalb qilish kabi holatlar yo‘qolishiga sabab bo‘lishini aytib keladi. Lekin hamisha ham bunday bo‘lmasligi bu safar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan navbatdagi shov-shuvli audio bilan isbotlandi.
Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolovaning ovozi ekani aytilgan audioyozuv keng tarqalib, unda hokim fermerlardan birini keskin haqoratlab, qo‘l-oyog‘ini bog‘latib, ichki ishlar xodimlariga topshirib yuborgani qayd etilgan.
Aytilishicha, O‘zbekistondagi kamsonli ayol hokimlardan bo‘lgan O‘rolova joriy yilning 25 oktyabr kuni tuman fermerlari bilan dalashiyponlarning birida majlis o‘tkazib, ushbu yig‘ilishda “Abdumandat ota farzandlari” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Hojiyevni haqoratlab, unga nisbatan hatto, kuch ishlatgan.
Hokim fermerga e’tiroz bildirar ekan, undan nega paxtani terdirmaganini so‘ragan. Fermer esa bunga javoban g‘alla ekish boshlanganini va shu ish bilan shug‘ullanganini aytgan.
O‘rolova Hojiyevga qarata gapirar ekan, haddidan oshgan holda uning otasini la’natlagan, yuziga tarsaki tushirgan, fermerning esa bu tahqirlardan ko‘zi yoshlangan, g‘ururi toptalgan. U hokimdan vafot etgan otasini haqoratlamaslikni so‘ragan.
Jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘layotgan hodisa bo‘yicha QALAMPIR.UZ Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Hokimlikning bildirishicha, audioyozuvning haqqoniyligi, holat qachon, qayerda va qanday vaziyatda yuz berganiga oydinlik kiritilib, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida ushbu holat keskin tanqidiy muhokama etilgan.
Komissiya tomonidan ushbu xatti-harakatlar davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini buzish, deb baholangan va o‘z navbatida, tuman hokimi holat bo‘yicha tushuntirish berib, yuzaga kelgan vaziyatdan pushaymonligini aytgan.
Hozirda yig‘ilish bayonnomasi asosida Dilfuza O‘rolovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.
Yaqindagina O‘zbekiston jamoatchiligi InBazar do‘koni rahbari tomonidan xodimning haqoratlanishi va do‘pposlanishini keskin tanqid qilgandi. O‘shanda aytgan gapimni yana aytaman: Toki O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining xodimlariga nisbatan hurmatsizligi, ularni haqorat qilishi, urishi va huquqlarining buzilishi uchun qattiq jazo berilmasdan, lavozimidan ozod etilmasdan bitta uzr bilan qutulib ketar ekan, mehnat huquqlariga oid qonunchilik ishlamas ekan, bundan battarlarini ko‘raveramiz.
Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovlarni tiklash taklif qilindi
Boya Qo‘chqorovning tillarda doston bo‘lgan to‘yi haqida gaplasha turib, byudjet masalasiga to‘xtalib, gapni chala qoldirgan edik. Ana endi o‘sha gapning navbati keldi. Tugayotgan haftada “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va Byudjetnoma ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, 2025 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari, byudjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda, 66,5 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 117,2 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 54,4 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan.
Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln so‘mni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 18,5 trln so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, kelasi yil qancha qarz olishimiz hozirdan ma’lum. 2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining yuqori chegarasi 3 foiz etib belgilanishi sababli tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSH dollari, shundan Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun – 3 mlrd AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.
Shu bilan O‘zbekistonning kelgusi yildagi tashqi qarzi 45 milliardga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasida yana maktab o‘quvchilarining darsliklariga changal solindi. Unda maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovlarni tiklash taklif qilindi.
Byudjetnomaga ko‘ra, bu maktablarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalarning faolligini oshirishga qaratilgan. 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab 2-11 sinf o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari – 100-150 ming so‘m) tashkil etgan.
Hujjatni ishlab chiqqanlar bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni uning narxining 16−18 foizini tashkil etadigan miqdorda to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda.
Qayd etilishicha, yig‘ilgan 376,6 milliard so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
AQSH O‘zbekistondagi ikkita kompaniyani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi
AQSH O‘zbekistondagi ikkita kompaniya – Uzstanex va The Elite Investment Group’ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi xabar berdi.
Boshqarma Rossiya harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish bilan bog‘liq 275 ga yaqin shaxs va tashkilotga sanksiya kiritgan. Cheklovlar Xitoy, Shveysariya, Turkiya, BAA va Hindistondan kelgan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslarga ham tegishli hisoblanadi.
Savdo tashkilotlarining yagona davlat reyestriga ko‘ra, AQSH sanksiyasiga uchragan Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan va mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan kompaniyaning ustav fondi 65 million so‘mni tashkil etadi. Firmaning yagona ta’sischisi – Vasiliy Vitalevich Abramov, uning direktori – Dmitriy Aleksandrovich Boysov.
The Elite Investment Group 2024 yil yanvar oyida ulgurji nomutaxassis savdo uchun tashkil etilgan. Ustav fondi 3 million so‘m bo‘lgan kompaniya Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan. Uning asoschisi va direktori – Nodira Abdusattorovna Qozoqboyeva.
AQSH Davlat departamentiga ko‘ra, The Elite Investment Group 2024 yilning mart oyidan may oyiga qadar Rossiya kompaniyalariga, shu jumladan, AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan va Rossiyada joylashgan GTS Group kompaniyasiga yuqori ustuvorlikdagi tovarlarning umumiy ro‘yxatidan taxminan 190 ming dollarlik mahsulotlar, shu jumladan, Turkiyaning Guclu Global kompaniyasidan agent-tashuvchi sifatida foydalangan holda elektr transformatorlarini yetkazib bergan.
Andijonda 24 yoshli shaxs o‘zini yoqib yubordi
Andijon shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan R.F.(erkak) kecha, 31 oktyabr kuni soat taxminan 22:40 atrofida o‘ziga benzin sepgan holda “Ilg‘or” MFY Janubiy Paxtakor-1 ko‘chasida joylashgan uyali aloqa kompaniyalariga to‘lov qilish shoxobchasiga kirib, o‘zini yoqib, joniga qasd qilgan. U kuygan jarohatlari bilan shifoxonaga keltirilgan.
Yigit o‘zini yoqib yuborgani videokameralarda qayd qilingan. Yigit tirik va shifoxonada zarur tibbiy muolajalarni olmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv davomida yigitga olgan tan jarohatlari bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
“Tolibon” ayollarga bir-biri bilan gaplashishni taqiqladi
Afg‘oniston inson huquqlarini cheklash borasida dunyoda birinchilikni bermay kelmoqda. mamlakatdagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollarga nafaqat erkaklar, balki ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashishni taqiqladi. Bu haqda muvaqqat hukumatning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish bo‘yicha vaziri vazifasini bajaruvchi Xolid Hanafiy ma’lum qildi.
Vazirning bayonotiga ko‘ra, ayollar o‘z ovozini boshqa ayollar eshitishga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu boisdan Afg‘onistondagi ayollar Qur’onni ayollar bor joyda ovoz chiqarib o‘qishdan ham tiyilishi lozim.
2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri bu mamlakatda ayollarga ta’lim olish, erkak hamrohligisiz sayohat qilish va jamoat joylarida, ayniqsa, erkaklar bilan gaplashish hatto savdolashish ham taqiqlangan. Shuningdek, ularga parklarga tashrif buyurish, suzish yoki sport bilan shug‘ullanish man etiladi. Go‘zallik salonlari ham taqiqlangan. Ayollar paranjilarsiz ko‘chada yura olmaydi. Ammo shu bilan birga, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun bekor qilingan. Bungacha ayollar ko‘pincha ommaviy ravishda kaltaklanardi va g‘ayriislomiy xatti-harakatlar uchun qamoqqa tashlanardi.
LiveBarchasi