Yangi Andijon shaharchasiga Bobur nomi beriladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 aprel kuni Yangi Andijon shahridagi "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida o‘tayotgan xalq saylida so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

"Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ladi. Nega deganda, hazrati Bobur – jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir, ulug‘ zotki, uning sharafiga nafaqat ko‘cha va maydonlar, bog‘u rog‘lar, balki alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.  

Nega deganda, Bobur Mirzo – Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, iste’dod homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir. 

Uning yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat o‘rnatish uchun olib borgan kurashlari, bu yo‘lda ko‘rsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir. 

Hech shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi bo‘lgan bu mumtoz ajdodimizning birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday go‘zal shaharchani bunyod etsak arziydi", dedi Prezident.

Sherzod Asadovning yozishicha, ushbu tashabbus o‘zbekistonliklar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan.

Qayd etish joiz, Andijon O‘zbekistonda aholi eng zich joylashgan hudud. Mamlakatning 10 foiz aholisi 1 foiz yerda yashaydi. Shu bois davlat rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda yangi shahar qurilishi boshlangan edi. Bu galgi tashrifda Prezident loyihaning ilk natijalarini ko‘rdi.

Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirigan bo‘lib, hozirda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan.

Davlat rahbari hudud bo‘ylab yurib, yangi majmualarni ko‘zdan kechirdi. Bildirilishicha, tayyor xonadonlarning ko‘pchiligiga oilalar ko‘chib kelib, yashamoqda. O‘yin maydonchalaridagi bolakaylarning shodliklari ko‘ngillarga quvonch, halovat bag‘ishlaydi. Bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilib, bu yil mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.

Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi to‘rt ming metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.

19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ Yangi Andijonning ko‘rki bo‘ladi. 

Bu yerdagi “Vatanparvar bog‘i” katta ramziy ma’noga ega. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldiradi.

Loyiha ko‘lami keng. Hududning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy qad rostlaydi. Shuningdek, ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 ming 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘ladi.

Shu yerda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Davlat rahbari yangi bog‘da hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 17 iyun kuni Yangi Andijon shahri qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unda nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirok etgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qurilishni o‘zbek xalqi bunyodkorligini namoyon etadigan tarixiy voqea deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yangi Andijon Bobur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing