O‘zbekiston va Tojikiston Bosh vazirlari Xivada uchrashdi
Jamiyat
−
15 aprel
3403Bugun, 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda hamraisligida Xiva shahrida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Tojikiston hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilgani, mamlakatlar o‘rtasidagi ittifoqchilik aloqalari amaliy jihatdan mustahkamlanib borayotgani, bunda ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar hamda ularning siyosiy irodalari muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlangan.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oxirgi besh yilda ikki barobar o‘sgan. Qo‘shma korxonalar soni uch yuzdan oshgan. Bu ko‘rsatkich doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, tovar aylanmasi ko‘rsatkichi mamlakatlar salohiyatiga to‘laqonli mos kelmaydi va hali foydalanmagan barcha imkoniyatlar mavjud.
Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari hukumatlar zimmasiga 2030 yilgacha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Yig‘ilishda buning uchun sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish, transport va kommunikatsiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, suv resurslari va energetika sohasida o‘zaro manfaatli samarali hamkorlikni davom ettirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatlar hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi bildirilgan.
Yakunda O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n ikkinchi yig‘ilishi bayoni imzolandi. Shuningdek, ikki mamlakat Bosh vazirlari birgalikda Xivadagi Ichan qal’aga tashrif buyurgan. “Ochiq osmon ostidagi muzey” deya e’tirof etiladigan mazkur Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan-bir butun boshli shahar Tojikiston delegatsiyasida katta taassurot qoldirgan.
LiveBarchasi