O‘zbekiston qachon Gollivud darajasida kino oladi?

Jamiyat

O‘zbek kinematografiyasida qachon Gollivud kinolari darajasida kino suratga olinadi? Bu savol kecha, 24 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan Madaniyat vaziriga yo‘llandi. Vazir esa bu savolga javoban, kutilgan natijaga erishish uchun o‘zbek kinematografiyasi kino suratga olishni to‘xtatishi kerakligini aytdi.

“Kino sizlar kutgan darajada rivojlanishi uchun o‘zbek kinematografiyasi kino ishlab chiqarishni to‘xtatishi kerak. Kinolar nima uchun yashamayotgani va rivojlanib ketmayotganining sababi shundaki, davlat kino olsa, bunday bo‘lmaydi. Davlat hech qachon faqat pul topish uchun kino olmaydi. Agar biz pul topish uchun kino oladigan bo‘lsak, uni har xil jozibador narsalar bilan bezash kerak bo‘ladi. Gollivud darajasida kino olishimiz uchun esa bitta filmga 20 million pul tikishga to‘g‘ri keladi”, dedi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, 2024 yilda O‘zbek kinematografiyasini rivojlantirish uchun davlat byudjetidan naq 105 milliard so‘m ajratilgan. Bu mablag‘ni esa vazirlik 123 ta kino loyihasini yakuniga yetkazish uchun ishlatgan.

“Umuman, yil davomida kino ishlab chiqarish uchun ajratilgan mablag‘lar 105 milliard so‘mni tashkil etadi. Ushbu mablag‘ doirasida 123 ta kino loyihasi yakuniga yetkazilib, 18 ta badiiy film, 54 ta hujjatli film, 32 ta qisqa metrajli film, 9 ta serial, 8 ta animatsion film va 2 ta dolzarb mavzudagi rolik suratga olindi”, deydi Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayev.

Butun dunyoda kinematografiya sohasi eng daromadli sohalardan biri hisoblanadi. Ko‘plab davlatlar aynan kino orqali milliardlab dollar daromad oladi. O‘zbekiston-chi? Davlat byudjetidan milliardlab mablag‘ evaziga suratga olinayotgan kinolar orqali daromad kelyaptimi? QALAMPIR.UZ ushbu savollar bilan Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayevga murojaat qildi. Uning aytishicha, 2024 yilda suratga olingan kinolardan qancha mablag‘ kelib tushgani hali hisoblanmagan, ammo katta ehtimol bilan ushbu mablag‘lar kinolarni suratga olish jarayonida sarflangan xarajatlarni ham qoplashga yetmaydi.

Shuningdek, shu yilning noyabr oyida Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov endilikda O‘zbekistonda mediamahsulotlari axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Markazning bu tashabbusi esa Madaniyat vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda “ma’naviy ekspertiza” loyihasi yo‘lga qo‘yilayotgani faol jamoatchilik vakillari tomonidan muhokama qilinib, katta e’tirozlarga sabab bo‘lgani uchun 14 dekabr kuni Adliya vazirligi “ma’naviy ekspertiza” to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgan edi.

Matbuot anjumani davomida o‘zbek kinosidagi ayrim filmlarning odob-axloq qoidalariga zid ekanligi tanqid qilinib, “ma’naviy ekspertiza” jamiyatga kerak, degan fikr yana tilga olindi.

“Biz o‘zimizning axloqiy me’yorlarimizni aniq belgilab olishimiz kerak. Hozirda davlat telekanallari va xususiy kanallar o‘rtasida raqobat kuchaygan. Faqatgina ko‘ngilxushlik uchun namoyish qilinayotgan seriallarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Shu bilan birga, biz demokratik davlatmiz, senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi degan yondashuv sabab bunday holatlar yuzaga kelmoqda. “Ma’naviy ekspertiza” masalasi osmondan tushmagan – bu chuqur o‘ylangan va maqsadli ravishda joriy etilgan edi. Hozirda ushbu masala muhokamaga qo‘yilgan. Muhokama davomida biz mazkur jarayonni yaxshilash va boshqa yondashuvlarni ko‘rib chiqyapmiz. Kelgusi yil seriallar masalasida amalga oshiriladigan rejalarimiz dunyoqarashimizni va tasavvurimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladi”, dedi Shuhrat Rizayev.

Bundan tashqari, Madaniyat vaziri san’atkorlarni ogohlikka chaqirdi. Vazir Ozodbek Nazarbekovning aytishicha, ko‘plab san’atkorlarning xorijda konsert berishi ortidan Madaniyat vazirligiga notalar kelib tushmoqda. Bu esa xorijda O‘zbekiston imijining tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

“Bir-ikkita shunday holat ro‘y berdiki, hatto Madaniyat vazirligiga notalar kelib tushish darajasiga yetdi. Ayrim san’atkorlar boshqa davlatlarga borib, har xil noqonuniy xatti-harakatlar yoki konsert qo‘yib, umuman soliq to‘lamasdan ketish holatlari kuzatilmoqda. Bunga javobni esa Madaniyat vazirligi berishiga to‘g‘ri kelyapti. Shuning uchun Madaniyat vazirligining xorijda O‘zbekiston imijini oshirish siyosatiga ular xalaqit bermasliklari kerak. Maqsadimiz mushtarak bo‘lmog‘i lozim”, dedi Nazarbekov.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Gollivud Ozodbek Nazarbekov Shuhrat Rizaev kinematografiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing