Midweek: Moskvada tahqirlangan migrantlar, Garvardni “bo‘g‘gan” Tramp, Istanbuldagi qotillik

Tahlil

“Xitoylik erkaklar ommaviy tarzda bosqinda ishtirok etmoqchi”

Joriy yilning 4 va 5 aprel kunlari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan asirga olingan Xitoy fuqarolari Van Guanszyun va Chjan Renbo oradan 10 kun o‘tib, 14 aprelda Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida bo‘lgan voqealarni batafsil gapirib berishdi. Ikki xitoylik asir frontga qanday kelib qolganidan tortib, ruslarning ularga qilgan tahdidlari, aldovlari va tarmoqlarda Rossiya armiyasi “kuch-qudrati” haqidagi ko‘pirtirilgan lavhalar haqiqatga mutlaq to‘g‘ri kelmasligigacha bo‘lgan fikrlarni aytib o‘tdi. Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ular front chizig‘iga ongli ravishda kelib qo‘shilgani aytilgandi. Biroq Guanszyun va Renbo bu xabarlarni rad etib, Rossiya armiyasi tarkibida urishmoqchi bo‘lmagani, ular ruslar tomonidan aldanib, frontga yuborilganini ma’lum qildi. Ushbu ikki xitoylik yollanma askar shuningdek, o‘zlarining Pekin hukumati bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi. Biroq o‘tgan hafta “Reuters” suhbatlashgan G‘arb razvedkalaridan birining sobiq xodimi xitoyliklar Pekin tomonidan ma’lum maqsadlar yuzasidan, jumladan, urushda tajriba orttirish uchun bilvosita frontga yuborilganini da’vo qilgandi. Ikki asirdan biri bo‘lgan xitoylik Guanszyunning so‘zlariga ko‘ra, u yuzaga kelgan og‘ir sharoit sabab mamlakatni tark etgan va Rossiyaga kelishga majbur bo‘lgan. Aniqrog‘i, u koronavirus pandemiyasi davrida ishsiz qolganidan so‘ng ish izlay boshlagan. Guanszyun rossiyalik yollovchi bilan yarador harbiylarga reabilitolog sifatida xizmat qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Biroq Rossiyaga yetib borganidan so‘ng u to‘g‘ridan to‘g‘ri armiya tarkibiga tushib qolgan va boshqa tanlovi qolmagan. Uch kundan so‘ng esa front chizig‘iga yuborilgan. Eng xavfli tomoni shundaki, xitoylik asirning aytishicha, hozirda TikTok platformasida rus harbiylarning obrazi ideallashtirilmoqda va shu bois Xitoyda ko‘plab erkaklar urushga borishga intilyapti. Bu esa avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ta’kidlaganidek, Rossiya armiyasida kamida 155 nafar xitoylik yollangani haqidagi raqamlar hali holva bo‘lishi mumkinligi yaqin kelajakda ularning soni ancha ko‘payishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Shu o‘rinda prezident Zelenskiyning xitoyliklar qay tarzda bosqinga jalb qilinayotgani to‘g‘risidagi so‘zlariga to‘xtalish o‘rinli. U o‘tgan hafta yollangan xitoyliklar avval Moskvaga borishi, 3-4 kunlik tibbiy ko‘rikdan o‘tib, keyinchalik 1-2 oy davomida o‘quv markazlarida tayyorgarlik ko‘rishi haqida aytib o‘tgandi. Ukraina rahbariga ko‘ra, ularga migratsion va “Mir” to‘lov tizimi kartalari beriladi va shu kartalarga pul o‘tkaziladi. Yollanma xitoylik askarlar qancha summaga bu bosqinga ko‘ndirilayotgani haqida esa “Guardian” nashri o‘z versiyalarini taqdim qilgandi. Unda aytilishicha, yollanma askar sifatida xitoyliklar 27 ming dollargacha bir martalik mukofot va har oy 2,5 ming dollar maosh olayotgan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi ma’lumotlar jamlanmasi esa ko‘pchilikni o‘yga solishi tabiiy. Masalan, Guanszyunning pandemiya sabab ishsiz qolib, Rossiyaga kelgani, xorij nashrlarining esa ularga 2.5 ming dollargacha maosh to‘lanayotgan degan da’volari ba’zi tahlillarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Shu o‘rinda bugungi kunda Xitoydagi o‘rtacha maosh va mamlakatdagi ishsizlik darajalariga to‘xtalib o‘tish zarurdir. Masalan, Xitoyda o‘rtacha oylik ish haqi shahar va qishloqlarga qarab bir-biridan keskin farq qilishiga guvoh bo‘lish mumkin. 2025 yil hisobiga ko‘ra, Xitoy shaharlaridagi o‘rtacha ish haqi 1385 dollarni tashkil qiladi. Biroq qishloq hududlarida bu ko‘rsatkich juda past bo‘lib, oylik maoshlar 235 dollardan 375 dollargacha xolos. Guansi provinsiyasidagi holat bunga yaqqol misol bo‘loladi. Ishsizlik darajasi esa alohida masala bo‘lib, Xitoyda ayni damda bir necha o‘n millionlab odam ishsizdir. Masalan, Jahon bankining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat aholisining 5.4 foizi ishsiz. Bugungi kunda Xitoyning jami aholisi 1.4 milliardni tashkil qiladi. Uning 5.4 foizi ishsiz ekani hisobga olinsa, mamlakatda umumiy hisobda 75.6 million aholi daromad masalasida jiddiy muammosi borligini ko‘rish mumkin. 75 milliondan ortiq ishsiz xitoyliklarning aksar qismini erkaklar tashkil qilishi Kreml uchun o‘n millionlab potensial “bosqin bozori” mavjudligini anglatadi. TikTok’da avj olgan bosqinga jalb qilish targ‘ibotlari aynan xitoyliklarga qaratilgani ham bejiz emas chog‘i.

Endi esa ikki xitoylik asir nimalarni boshdan kechirganiga ularning o‘zi ma’lum qilgan voqealar ketma-ketligiga tayangan holda to‘xtalsak. Birinchi navbatda Guanszyun uni yollaganlar bilan dastlab, til barrier tufayli faqat imo-ishoralar orqali muloqot qilishga majbur bo‘lgan. Unga shartnoma shartlari yoki to‘lovlar haqida to‘liq ma’lumot berilmagan. Hujjatlar ham xitoy tilida taqdim etilmagan. Guanszyun asirga tushganidan so‘ng, Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida yuqoridagi gaplari qatorida o‘z vatandoshlarini rossiyaliklarga ishonmaslikka ham chaqirdi. U Rossiyani “ko‘ringanidek qudratli emas” deb hisoblashini yashirmadi, Ukrainani esa “kutilganidek zaif emas” degan xulosaga keldi. Ikkinchi yollanma xitoylik asir Chjan Renbo esa o‘z ko‘rsatmalarida dastlab Rossiyaga sayyoh sifatida borganini aytdi. Biroq keyinchalik unda biroz pul topish niyati paydo bo‘lgan. Unga Rossiyada quruvchi bo‘lishni taklif qilishgan, ammo keyinchalik hammasi boshqa yo‘nalishga o‘zgarib ketgan. Renboning aytishicha, urushga borguniga qadar Ukrainaga oid barcha ma’lumotlar faqat Rossiya g‘alabalari haqida bo‘lgan va u ham rus propagandasi qurboniga aylangan. Renboga 80 mingdan 260 ming rublgacha maosh va’da qilingan. Dollarda bu 1000-3000 dollarni tashkil qiladi. Dastlab unga bu pul berilgan ham. Ammo 200 ming rubl, ya’ni 2400 dollar maosh tushirilgan bank kartasini olganidan so‘ng rus harbiylari darhol uning telefonini olib qo‘yishgan va pulni o‘zlashtirishgan. Ular, shuningdek, unga tahdid ham qilishgan. Ikkala asir ham Ukraina harbiylaridan birontasini o‘ldirmaganini, frontdagi ishtiroklari qisqa bo‘lganini aytgan. Asirlarning taxminicha, ular Rossiyaning 7-motostrelkali brigadasi safida bo‘lgan. Guanszyun ham, Renbo ham vatanga mahbuslar almashinuvi orqali qaytish istagini bildirgan. Zelenskiy esa Ukraina asirlariga almashish sharti bilan xitoyliklarni qaytarishga tayyorligini bildirgan.

Bangladesh Isroilga pasport orqali qarshi chiqmoqda

Bangladesh o‘z fuqarolarining pasportlariga “Isroildan tashqari” degan jumlani qayta kiritishni boshladi. Mamlakat rasmiylari 12 aprel kuni 100 mingga yaqin aholi poytaxt Dakkada mustaqil Falastin davlatini qo‘llab-quvvatlab, namoyishlarga chiqqani ortidan shunday qarorga kelgan. Dakka universiteti atrofida G‘azo bilan birdamlik uchun to‘plangan insonlarning ko‘pligi siyosiy elitaga fuqarolarning bu boradagi pozitsiyasi jiddiy ekanini isbotlangan. 

Namoyishchilar Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSH Prezidenti Donald Tramp, yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining suratlarini ko‘tarib, ularga zarar yetkazgan. Norozilik harakatlari chog‘ida G‘azodagi tinch aholi qurbonlarini ifodalovchi ramziy tobutlar va tasvirlar ham olib chiqilgan. Bangladeshning sobiq bosh vaziri Xolida Ziyo boshchiligidagi Bangladesh milliy partiyasi va boshqa islomiy guruhlar va partiyalar namoyishchilar bilan birdamlik e’lon qilgan.

Bangladesh pasportlarida o‘tmishda ham o‘nlab yillar davomida “Isroildan tashqari barcha mamlakatlar uchun amal qiladi” iborasi chop etib kelingan. Ammo bu yozuv 2021 yilda hokimiyatdan ag‘darilgan bosh vazir Shayx Hasina tomonidan olib tashlangan. Hasina hukumati bu qarorni mamlakat pasportlarini dunyo standartlariga moslash harakati sifatida izohlagan. Biroq bu o‘zgarishga qaramay, o‘shanda ham Bangladesh Isroilga nisbatan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan va uni tan olmaslikda davom etgan. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Bangladesh Isroilni tan olmaydigan BMT ga a’zo 29 davlatdan biri hisoblanadi. Bu davlat o‘z fuqarolariga Isroilga borishni taqiqlashi va Isroil pasportiga ega kishilarni mamlakatga qabul qilmasligi bilan tanilgan. Uning bunday yondashuvi aholining aksariyat qismi musulmon ekani bilan izohlanadi. Bugungi kunda Bangladesh 172 milliondan ortiq aholiga ega. Ularning 91 foizdan ko‘prog‘i, aniqrog‘i 150 millioni musulmonlardir.

Turkiyada o‘zbek ayol erini o‘ldirishda gumonlanmoqda

Turkiyadagi o‘zbeklar va Istanbuldagi Bosh konsulxona yana e’tibor markazida. Gap shundaki, joriy hafta boshida ijtimoiy tarmoqlarda Istanbul shahrining Kartal tumanida 28 yoshli o‘zbekistonlik ayol moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelgan janjal chog‘ida erini pichoq bilan yaralab, o‘ldirdi degan mazmundagi xabarlar tarqaldi. Voqea esa bu xabar tarqalishidan bir necha kun oldin 6 aprel sanasida kechki soat 21:30 atrofida Karliktepa mahallasidagi binoning uchinchi qavatidagi xonadonda yuz bergan. Dastlab, O‘zbekiston fuqarosi S.T. va uning 4 yillik turmush o‘rtog‘i Emre Erim o‘rtasida moliyaviy sabablarga ko‘ra janjal kelib chiqqani aytildi. Bu janjal esa tez fursatda mushtlashuvga aylanib ketgan. Bundan g‘azablangan ayol oshxonadagi pichoq bilan turmush o‘rtog‘i Emre Erimga tan jarohati yetkazib, uni o‘ldirgani ta’kidlanayotgandi. Shundan so‘ng, marhumning jasadi ekspertiza uchun Sud tibbiyot institutiga yuborilgan. Kartal tumani IIBga qarashli militsiya guruhlari tomonidan olib borilgan ishlar chog‘ida qochishga uringan S.T. qo‘lga olingan. Keyin esa holat yuzasidan tergov harakatlari olib borildi va voqelikning asl tafsilotlari oydinlasha boshladi. Yangi versiyalar asta-sekin o‘rtaga chiqdi. Unga ko‘ra, marhum ayolni bo‘g‘ayotgan paytda unga orqa tomondan pichoq bilan zarba berilgan. Bu esa Emre ayoli emas, aksincha boshqa shaxs tomonidan pichoqlangan bo‘lish ehtimoli borligini anglatishi ta’kidlandi. Chuni bu paytda uy ichida er-xotindan tashqari boshqa shaxslar ham bor bo‘lgan.

Voqelikning shu ko‘rinishdagi tafsiloti haqida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi. Konsulxonaga gumonlanuvchi ayolning xolasi tomonidan intervyu berilgan. Erini o‘ldirishdan gumon qilinayotgan ayolning xolasi, jiyani haqiqatdan ham voqea yuzasidan gumonlanuvchi sifatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlanganini aytdi. Ammo jiyani bunday ishga qo‘l urishi mumkin emasligini qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, mazkur mazmundagi xabarlar tarqalganda gumonlanuvchining onasi to‘satdan og‘ir ahvolga tushib qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda vafot etgan Turkiya fuqarosi spirtli ichimlik iste’mol qilgan va o‘zbekistonlik turmush o‘rtog‘iga nisbatan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib kelgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda xonada boshqa shaxslar ham bo‘lgan. Ammo hozircha ularning kimligi ommaga ma’lum emas. Hozirda gumonlanuvchi ayolga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda va unga advokat biriktirilgan. Holat O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan.

Tramp AQSH byudjetini “mahkam quchoqlamoqchi”

Tramp ikkinchi rasman AQSH prezidenti sifatida ikkinchi muddatini boshlagandan buyon boshi suddan chiqmayapti. “Ozodlik” va “Amerika ovozi”ning keyslari bilan boshlangan bu ishlar “Associated press” va endilikda dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri hisoblanmish Garvard bilan davom etyapti. Gap shundaki, Donald Tramp ma’muriyati bu universitetni moliyalashtirishni ta’minlaydigan 9 milliard dollar mablag‘ning sarflanishini qayta ko‘rib chiqish rejasini ma’lum qilgandi. Bunga 8,7 milliard dollarlik grantlar va 255,6 million dollar Garvard, uning filiallari va federal hukumat o‘rtasidagi mavjud shartnomalar kiradi. Uning bu harakatlari ustidan Garvard o‘qituvchilari va AQSH universitet professorlari assotsiatsiyasi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritildi. Unga ko‘ra, Tramp ma’muriyati siyosiy qarashlarini oliygohga majburan singdirishga urinmoqda va "moliyalashtirishdan mahrum etish" tahdidini bosim vositasi sifatida qo‘llamoqda. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, Tramp ularning akademik erkinlik va so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqlarini buzgan va ma’muriyat moliyani to‘xtatish tahdidiga asosli izoh bera olmagan. Hukumat kampuslarda Falastin tarafdorlari bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan so‘ng mamlakatning yetakchi ta’lim muassasalarida katta siyosiy o‘zgartirishlar kiritish rejasini e’lon qilganidan keyin universitet qattiq nazorat ostiga olingani aytilmoqda. Garvardga davlat grantlari va shartnomalar ko‘rinishida taqdim etilgan taxminan 9 mlrd dollar mablag‘ qanday sarflanayotganini o‘rganish uchun bir vaqtda uchta idora — Ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQSH Bosh xizmatlar boshqarmasi tekshiruv boshlagan. Joriy yilning aprel oyi boshida Tramp ma’muriyati Garvard universitetidan federal moliyalashtirishni yo‘qotmaslik uchun turli dasturlarini bekor qilishni talab qilgan. Albatta, bu talablar ichida ba’zi jirkanch qarashlar targ‘ibotini yo‘q qilish ham bo‘lgan. Ammo keyinchalik, bundan ko‘zlangan eng asosiy maqsadlardan biri universitet talabalarini Falastinni qo‘llash bo‘yicha qiladigan harakatlarini cheklash ekani oshkor bo‘ldi.

31 mart kuni Vashingtondan Garvardga yuborilgan rasmiy xatda federal qo‘llovni saqlab qolish uchun amalga oshirilishi shart bo‘lgan bir qator talablar ko‘rsatilgan. Ular orasida — namoyishlarda niqob taqishni taqiqlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish talablari bor. Biroq Garvard o‘qituvchilari tomonidan bu talab universitet siyosatini buzish va so‘z erkinligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish, deya baholangan. AP’ning yozishicha, 11 aprel kuni Tramp ma’muriyati yana Garvardga maktub yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatiga o‘zgartirish kiritishni talab qilgan. Garvard mazkur talablarni bajarmagandan so‘ng, 14 aprelga kelib, unga nisbatan dastlabki choralar qo‘llana boshladi. Xususan, shu kuni AQSH Ta’lim vazirligi qoshidagi antisemitizmga qarshi kurash bo‘limi Garvard universitetiga ajratilgan 2,2 mlrd dollarlik grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatdi. Bu qaror yahudiy talabalarni himoya qilish va aksilisroil namoyishlarga chek qo‘yish uchun qilingani aytilmoqda. O‘z navbatida, Garvard universiteti prezidenti Alan Garber 14 aprel kunining o‘zidayoq Tramp ma’muriyatiga javob yo‘llab, universitet hukumatning mazkur talablarini bajarmasligini ochiq-oydin bildirgan.

Federal byudjet taqsimoti masalasida Garvard bir tomon xolos. Moliyalashtirish qisqartirilishi hali juda ko‘p sohalarga tatbiq etilish ehtimoli juda yuqori. Jumladan, “Reuters”ning xabar berishicha, Tramp ma’muriyati Davlat departamenti byudjetini ikki baravarga qisqartirishni, diplomatlar va elchixonalar sonini, xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va NATOni moliyalashtirishni kamaytirishni taklif qilgan. Unga ko‘ra, 2026 yilda bu jabhadagi moliyalashtirish hajmi 50 foizga yoki taxminan 30 milliard dollarga qisqartirilishi rejalashtirilgan. Oq uy bu borada AQSHning xorijdagi, asosan Afrika va Yevropadagi 10 ta elchixonasi va 17 ta konsulligini yopishni taklif qilmoqda.

Qisqartirishlar nafaqat Davlat departamentiga, balki funksiyalari ushbu idoraga o‘tgan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligiga (USAID) ham ta’sir qiladi. Mazkur reja qayd etilgan hujjat matnidan xabardor AP nashrining xabariga ko‘ra, bu BMT va NATOni moliyalashtirishni to‘xtatish, xorijiy yordamni yarmiga qisqartirish va xorijda sog‘liqni saqlashni keng hajmda moliyalashtirishni butkul to‘xtatishni taklif qiladi. Faqatgina OIV, sil va bezgak uchun ajratiladigan kichik mablag‘lar bundan mustasno. Nashrning qayd etishicha, hujjat hozircha dastlabki xususiyatga ega xolos va uni na Davlat departamentining o‘zi, na 2026 yilgi davlat byudjetini tasdiqlashi kerak bo‘lgan AQSH Kongressi ma’qullamaslik ehtimoli katta. “The Washington Post” gazetasi esa xuddi shu hujjatga tayanib, Davlat departamenti byudjetining qisqarishi, Oq uy loyihasiga ko‘ra, 27 milliard dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.

Rossiyadan izoh talab qilgan Bishkek

O‘tgan hafta so‘ngida Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki, ya’ni (OMON) migrantlarga qarshi o‘ta qo‘pol tarzda reyd o‘tkazgandi. U yerda dam olayotgan O‘rta Osiyolik migrantlar Rossiya kuchishlatar tuzilmasi tomonidan doimgidek tahqirlandi. Ular yarim-yalang‘och holatda bir-birining ustiga buyum kabi taxlandi. Yuz tuban yotqizilgan va emaklatib yurishga majbur qilingan migrantlarga nisbatan kuch ishlatilgani va kaltaklangani voqea aks etgan tasvirlarda yaqqol ko‘ringan. “Readovka” manbasiga ko‘ra, u yerda taxminan 40 nafar migrant hibsga olingan. Ular kuch ishlatar xodimlar tomonidan yerga yuztuban yotqizilib, keyinroq olib ketilgan. Manbaga ko‘ra, bir nechta migrantlarga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “mamlakatga kirish va unda bo‘lish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Migrantlarning norasmiy rahbari esa tekshiruv ostida bo‘lib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining “noqonuniy migratsiyani tashkil etish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishi mumkinligi aytildi. Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, mazkur hammomga asosan O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan migrantlar tashrif buyurgan. Mazkur jarayonni tasvirga olgan video mualliflari lavhani tarmoqqa “bu yerga ko‘plab qirg‘izlar keladi”, degan izoh bilan joylashtirishgan. 

Facebook foydalanuvchilaridan biri esa o‘z sahifasida bu voqeaga quyidagicha munosabat bildirgan.

“Odamlar hammomga shunchaki dam olish uchun kelgan edi. Ammo bug‘ va tinchlik o‘rniga OMON reydi, baqir-chaqir, hammani hayvonlardek yerga yotqizish. Ko‘pchilikning badanida katta ko‘kargan joylar, kaltak izlari bor. Bu tekshiruv emas, bu qiynoq”, deya izohlagan u.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, bunday reyd o‘tkazilishiga go‘yoki ko‘plab migrantlarning noqonuniy ravishda hammomni egallab olib, boshqa tashrif buyuruvchilarga foydalanishga to‘sqinlik qilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.

Mahalliy aholi vakillari migrantlar rus millatiga mansub kishilarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan. Rossiya huquq-tartibot idoralarining bu masala yuzasidan sukut saqlashi esa rasmiy Bishkekni jazavaga soldi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki 14 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Moskvadagi hammomda fuqarolar tahqirlangani yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Vazirlik tomonidan voqea bo‘yicha o‘rganish olib borib, kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish so‘ralgan va rasmiy nota topshirilgan. Shuningdek, uchrashuvda Qirg‘iziston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va bundan buyon Qirg‘iziston-Rossiya ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish talab qilingan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan xabarlarga ko‘ra, bu hammomga ko‘proq o‘zbek va qirg‘iz migrantlar kelishi haqida yozilgan. Bu esa kaltaklangan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligini istisno qilmasligi tabiiy. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining voqeaga tezkor munosabat berishi ortidan O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ham harakatga keldi. Ya’ni ularda Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yuborish vakolati borligi esiga tushdi. Tashqi ishlar vaziri B. Saidovga “Xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborildi. Shu o‘rinda esa bir narsani ta’kidlash joizki, ko‘p holatlarda Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning jinoyat qurboni bo‘lishi, o‘ldirib ketilishi yoki baxtsiz hodisa sabab vafot etishi bilan bog‘liq holatlarga munosabat bermaydi, ba’zida ularning jasadi vatanga qanday olib kelinishiga ham to‘xtalmaydi. Ko‘pchilik odamlar yaqinlari vafot etsa, ularning jasadini O‘zbekistonga qanday qaytarish yo‘llarini hamon aniq bilmaydi.

Qolaversa, TIV xorijiy mamlakatlarda, ayniqsa, Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan nomaqbul harakatlar, qo‘pol muomalalarga ham miq etmay keladi. Shuningdek, o‘zbekistonliklarning xorijiy mamlakatlarda jinoyat sodir etishi va jazoga tortilishi bilan bog‘liq vaziyatlar ham TIV nazaridan chetda qoladi. Bunga yaqqol misol BAAda yahudiy ravvinning o‘ldirilishida 3 o‘zbekistonlikning ayblanishi va o‘lim jazosiga hukm qilinishidir. TIV vakillari rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bo‘lmasa-da, jurnalistlarning so‘rovlariga javoban og‘zaki ravishda ushbu jinoyatda o‘zbekistonliklar ayblanayotganini tasdiqlagani rost, biroq odatda TIV voqea va hodisalarga “aniqlik kiritib, batafsil ma’lumot beriladi” qabilidagi bayonotlar bilan cheklanadi. Ammo aniqlik kiritilmagan masalalar anchani tashkil qiladi.

Yuqorida qayd etilgan parlament so‘roviga esa xayriyat tezkor munosabat bildirildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov vazirlik xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo himoya qilib kelgani va bu faoliyat ular uchun ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijiy davlatlarning tegishli idoralari bilan bevosita aloqalar o‘rnatgan.

“Har bir holat atroflicha o‘rganilib, fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘riladi. Tashqi ishlar vazirligi har oylik brifinglari orqali amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilikni muntazam xabardor qilib kelmoqda”, deyiladi xabarda.

Burhonovning qo‘shimcha qilishicha, ushbu sohadagi barcha murojaat va so‘rovlarga vazirlik tomonidan o‘z vaqtida javoblar taqdim etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Istanbul Rossiya Turkiya O'zbekiston pasport Xitoy Tramp Ukraina Bishkek bosqin Bangladesh Isroil OMON Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing