Qirg‘iziston Prezidenti Ozodbek Nazarbekovni taqdirladi
Madaniyat-san’at
−
16:46
2475Bugun, 13 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirladi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xabar berdi.
“Xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turadi. 1992 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi va bu hamkorlikni mustahkamlashda madaniyat muhim o‘rin tutadi”, degan Japarov.
Shuningdek, Sadir Japarov 2025 yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea bo‘lishiga ishonch bildirgan.
Qirg‘iziston Prezidenti Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, uning mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlagan.
“Ijodiy yo‘lingiz ko‘pchilikni ilhomlantiradi. 15 dekabr kuni To‘qto‘g‘ul Satilganov nomidagi Qirg‘iziston milliy filarmoniyasida bo‘lib o‘tadigan sizlar ishtirokingizdagi musiqiy kecha umumiy madaniy hamjihatligimizning yana bir yorqin namunasi bo‘ladi”, degan Qirg‘iziston rahbari.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida Ozodbek Nazarbekov Tojikiston xalq hofizi faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 2020 yilda esa o‘sha paytdagi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlagan. Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Qozog‘iston Respublikasining ikkinchi darajali “Dostiq” (“Do‘stlik”) ordeni bilan taqdirlangan. Mukofotni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev nomidan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov topshirgan.
LiveBarchasi