Navbatdagi mojaro: shahzoda Garri qiziga qirolicha bilan maslahatlashmay ism qo‘ydimi?

Olam 3548
image
-

Buyuk Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl qiziga ism tanlashda qirolicha Yelizaveta II bilan maslahatlashmagan. Bu haqda qirollik oilasiga yaqin manbaga asoslanib BBC xabar bermoqda.  

Manba suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, qiz tug‘ilishidan oldin ism tanlash borasida o‘zaro hech qanday suhbat bo‘lmagan. Shundan so‘ng, Sasseks gersogi va gersoginyasining advokatlari qonuniy ogohlantirish berib, ularning bolaning ismi to‘g‘risida monarx bilan maslahatlashmagani haqidagi ma’lumot tuhmat ekanini ta’kidlagan. 

“Agar qirolicha ularni qo‘llab-quvvatlamaganda, er-xotin Lilibet ismini tanlamagan bo‘lardi”, degan Sasseks gersogi va gersoginyasi vakili. 

Uning ta’kidlashicha, monarx shahzoda Garri xushxabarni baham ko‘rgan birinchi odam bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl joriy yilning 4 iyun kuni ikkinchi marta ota-ona bo‘lishdi. Qizaloqqa Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va shahzoda Garrining onasi — malika Diana sharafiga Lilibet Diana deya ism qo‘yilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Yelizaveta II ni tor oilaviy doirada Lilibet deya chaqirishadi.  

Ma’lumot o‘rnida, hozirda shahzoda Garri va uning rafiqasi Santa-Barbara shahrida yashaydi. Ularning ilk farzandi Archi 2019 yil 6 mayda dunyoga kelgan. 

Avvalroq, Buyuk Britaniya shahzodasi Garri qirollik hayotini hayvonot bog‘i va asosiy qahramoni televizion ko‘rsatuvda yashovchi “Trumen shousi” filmi bilan taqqoslagandi.

Shuningdek, shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Markl Opra Uinfriga bergan mojaroli intervyusida to‘ylarining rasmiy marosimidan uch kun oldin yashirincha turmush qurishgani, qirollik oilasining ba’zi a’zolari ularning o‘g‘li Archining qoramag‘iz bo‘lib tug‘ilishidan xavotirda bo‘lgani, bolaga shahzoda unvoni berilmagani, Britaniya tabloidlari Meganni ta’qib qilgani, Megan o‘z joniga qasd qilishni o‘ylagani haqida gapirib bergandi.

2020 yilda Garri va uning rafiqasi Megan Markl qirollik oilasi bilan kelishgan holda “Zoti oliylari” unvoniga va SussexRoyal brendiga bo‘lgan huquqlaridan mahrum bo‘lib, rasmiy qirollik vazifalaridan voz kechganliklarini e’lon qildi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 94
Reyting: 3
t
×