Shahzoda Garri xotini Meganga suiqasd uyushtirilishidan qo‘rqmoqda
Olam
−
27 iyul
4705Britaniya qiroli Charlz III ning kenja o‘g‘li shahzoda Garri agar uning rafiqasi, Sasseks gersoginyasi Megan Markl Buyuk Britaniyaga qaytib kelsa, unga nisbatan suiqasd uyushtirilishidan cho‘chimoqda. Bu haqda u ITV’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Shahzodaning aytishicha, Britaniya tabloidlari amerikalik aktrisaning salbiy obrazini yaratishi, bu ruhiy jihatdan nosog‘lom odamni ham jinoyat sodir etishga undashi mumkin.
Shahzoda Garri bir necha yildan buyon qirollik sudlarida Britaniya tabloidlariga qarshi urush olib bormoqda. Garri hattoki onasi malika Diananing o‘limida bir qator jurnalistlar hamda OAV nashrlarini ayblagan. 2023 yilning dekabr oyida Angliya va Uels Oliy sudi “Mirror Group Newspapers”ni qirollik oilasi, xususan, shahzoda haqida ma’lumot to‘plashda noqonuniy metodlarni qo‘llaganini isbotladi.
“Nima bo‘lishidan qat’i nazar, noto‘g‘ri ma’lumotlar hamda tabloidlar meni chin dildan tashvishga soladi. Va bu xotinimni mamlakatga qaytarishni istamasligimning sabablaridan biri”, degan shahzoda Garri.
Qayd etish joizki, 2022 yilda Yelizaveta II vafot etganida istalmagan kelin Megan Markldan qirolicha bilan vidolashishga kelmaslik so‘ralgan. O‘shanda shahzoda Garri otasining iltimosiga binoan qirolicha bilan xayrlashish uchun Shotlandiyaning Balmoral qasriga amerikalik rafiqasi Megan Marklsiz yolg‘iz o‘zi kelgandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida Sasseks gersoginyasi Megan Markl Nigeriyada “Vindzor” libosida ko‘rinish bergani uchun ikkiyuzlamachilikda ayblandi. Gersoginya 2018 yilgi “Vindzor” kolleksiyasidan joy olgan, dizayner Xaydi Merrik tomonidan zeb berilgan libosini kiygani uchun tanqidga uchragan. Meganning xeyterlariga ko‘ra, shahzoda Garrining xotini qirollik vakolatlaridan voz kechgani uchun bunday kiyimlarni kiya olmaydi.
Netflix 2022 yilda shahzoda Garri va Megan Markl haqida hujjatli film olgandi. Ushbu filmdan shahzoda Garri va Megan Marklning shaxsiy fotosuratlari, ularning to‘y tantanalari, Megan homilador bo‘lgan vaqtda juftlikning Afrikaga amalga oshirgan safari namoyish etiladi. Qolaversa, Buyuk Britaniya Qirollik oilasi bilan ular birgalikda o‘tkazgan so‘nggi oilaviy tadbir va ularning yuqori lavozimni tark etgan kunlari ham hujjatli filmdan o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shahzoda Garri va Megan Markl ikkinchi bor ota-ona bo‘lgani haqida xabar berilgandi.