Qirol Charlz shahzoda Garriga “o‘rnini” ko‘rsatib qo‘ydi
Olam
−
12:41 2666 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III shahzoda Garri va uning rafiqasi Meganning mamlakatga qaytganidan keyin ham qirollik oilasining rasmiy vazifalarni bajarmaydigan a’zolari bo‘lib qolishini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qirol nomidan hukumatning yuqori lavozimli amaldorlariga yuborilgan maktubda Garri va Megan 2020 yilda qirollik oilasidagi rasmiy vazifalaridan voz kechganidan beri qirollik unvonlaridan foydalanmasligi qayd etilgan.
Shuningdek, er-xotin amalga oshiradigan har qanday xayriya ishlari shaxsiy maqomda olib borilishi, ularning xavfsizligi bilan bog‘liq tezkor qarorlar esa tegishli politsiya idoralari vakolatida bo‘lishi aytilgan.
Maktub qirollik xonadonining eng yuqori martabadagi amaldori – Lord Chemberlen tomonidan hukumat va harbiy idoralarning yuqori lavozimli vakillariga, shuningdek, qirolning mamlakat bo‘ylab shaxsiy vakillari bo‘lgan lord-leytenantlarga yuborilgan.
“Shubha yoki chalkashliklarning oldini olish maqsadida qirol ushbu ma’lumotni yetkazishni buyurdi”, deyiladi maktubda.
Nashrga ko‘ra, maktub Garri va Meganning maqomi o‘zgarmaganini tasdiqlaydi. Biroq maktubning yuborilishi va ommaga e’lon qilinishi saroy kuzatuvchilarida Garri va Megan qirollik oilasining amaldagi a’zolari bilan raqobatlashuvchi “parallel qirollik saroyi”ga aylanishi mumkin, degan xavotirlar borligini ko‘rsatgan.
Garri va Meganning xavfsizligi masalasi ham alohida ahamiyatga ega. Shahzoda Garri davlat tomonidan moliyalashtiriladigan politsiya qo‘riqlovini qayta tiklash uchun hukumat bilan uzoq vaqtdan beri kurashib kelmoqda. Mazkur qo‘riqlov er-xotin 2020 yilda qirollikdagi rasmiy vazifalaridan voz kechgach, bekor qilingan.
Er-xotinga tun-u kun politsiya qo‘riqlovini qayta tiklash yoki tiklamaslik masalasini RAVEC – Qirollik va yuqori martabadagi shaxslar bo‘yicha ijroiya qo‘mitasi hal qiladi. Qirol nomidan yuborilgan maktubda xavfsizlik bo‘yicha tezkor qarorlar tegishli politsiya idoralari vakolatida ekani ham qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda shahzoda Garri rasman qirollik oilasi vakili vazifalarini bajarishdan voz kechgan. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya hukumati uni davlat himoyasidan mahrum qilgan. Garri bunga qarshi chiqib, oilasi xavfsizligini o‘z hisobidan ta’minlay olmasligini aytgan va qirollik oilasi bilan bo‘lgan nizolar tufayli xavfsizlik xatarlari borligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shahzoda Garri turmush o‘rtog‘i Megan Markl va farzandlari bilan Buyuk Britaniyaga yetib kelgani haqida xabar berilgan edi.