Britaniya shahzodasi Garri ilk bor Kiyevga bordi
Olam
−
12 Sentabr 2704 2 daqiqa
Britaniya shahzodasi Garri bugun, 12 sentyabr kuni ertalab Ukraina hukumati taklifiga binoan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga bordi.
Sasseks gersogi urush paytida yaralangan askarlarni tiklashga yordam berish niyatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, uni Kiyevga “Superhumans” reabilitatsiya markazi rahbari Olga Rudneva taklif qilgan, u aprel oyida Lvovda tanishgan.
“Taxminan ikki oy oldin men tasodifan AQSHda Rudneva bilan uchrashib qoldim va qanday yordam berishimni so‘radim. U meni kelishga taklif qildi”, deydi Garri.
Superhumans tibbiyot markazi Lvov viloyatida 2023 yilning bahorida ochilgan. Muassasa protezlash, rekonstruktiv jarrohlik, travmadan keyingi stressni davolash, urushdan jabrlangan Ukraina harbiylari va fuqarolarini reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan. Loyiha xususiy xayriya va xalqaro yordam hisobidan moliyalashtiriladi.
Bu gersogning Ukraina poytaxtiga birinchi tashrifi.
“Lvovda urushni deyarli ko‘rmaysiz. Bu juda uzoq g‘arbda. Urush keltirgan haqiqiy vayronagarchilikni birinchi marta ko‘ramiz”, deydi shahzoda.
Shahzoda Garri Ukrainaning Ikkinchi jahon urushi tarixi muzeyiga tashrif buyurishi, faxriylar bilan uchrashishi va Bosh vazir Yuliya Sviridenko bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.
Garri va uning rafiqasi Megan Markl 2020 yilda qirollik lavozimini tark etib, Buyuk Britaniyadan Kaliforniyaga ko‘chib o‘tdi, ammo u xayriya ishlarida faol bo‘lishda davom etmoqda. Shahzoda Garri tashabbusi bilan 2014 yildan buyon imkoniyati cheklangan harbiy xizmatchilar o‘rtasida Invictus Games xalqaro sport musobaqasi o‘tkazib kelinmoqda. Invictus Games fondi harbiy xizmatchilarni reabilitatsiya qilish uchun sport anjomlari bilan ta’minlash orqali Ukrainaga yordam beradi.
Live
Barchasi