Qirol Charlz 4 yil deganda ilk bor nabiralari bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III va qirolicha Kamilla kecha, 10 iyul kuni Angliyaning g‘arbidagi Xaygrov qarorgohida shahzoda Garri, uning rafiqasi Megan Markl hamda ularning farzandlari 7 yoshli Archi va 5 yoshli Lilibet bilan uchrashdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, bu Charlz III ning nabiralari Archi va Lilibet bilan 2022 yildan buyon ilk uchrashuvi bo‘lgan. Ushbu uchrashuv qirol va shahzoda Garrining ham o‘tgan yil sentyabridan beri ilk yuzma-yuz muloqoti hisoblanadi. Bildirilishicha, uchrashuv shaxsiy oilaviy tadbir bo‘lgani sababli undan foto yoki videolar e’lon qilinmaydi, uning tafsilotlari ham oshkor etilmaydi.

Ma’lumot o‘rnida, shahzoda Garri va Megan Markl 2020 yilda qirollik oilasining faol a’zolari maqomidan voz kechib, AQSHga ko‘chib o‘tgan. Shundan beri Garri Buyuk Britaniyaga asosan xayriya tadbirlari va sud jarayonlari munosabati bilan yiliga bir-ikki marta tashrif buyurib kelmoqda.

77 yoshli qirol Charlz III esa ayni paytda saraton kasalligidan davolanyapti. O‘tgan yili shahzoda Garri otasi bilan yarashishni istashini bildirgan va uning sog‘lig‘i sabab vaqtning qadriga yetayotganini aytgandi.

Biroq Garri va qirollik oilasi o‘rtasidagi ziddiyatlar hanuz davom etmoqda. U shu hafta Britaniyaning “Daily Mail” gazetasi noshiriga qarshi shaxsiy hayot daxlsizligi yuzasidan qo‘zg‘atgan sud ishida mag‘lub bo‘lgandi. Shuningdek, u avvalroq Buyuk Britaniyada o‘z oilasi uchun davlat tomonidan taqdim etiladigan politsiya qo‘riqlovini tiklash bo‘yicha da’vosini ham yutqazgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning kenja o‘g‘li, Sasseks gersogi shahzoda Garrining Londonga tashrifi chog‘ida Bukingem saroyida qolmasligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing