“Kiydiradi” Anjanchasiga
Tahlil
−
06 avgust
25431Xorazmda “Lazgi”, Samarqandda “Sharq taronalari”, Surxondaryoda “Baxshichilik”, Andijonda esa “Dunyo sadolari” festivali. Bu festivallarning dovrug‘i qayergacha yetganini bilmaymiz-u, ammo yaxshigina mablag‘ sarflanganidan xabarimiz bor. Pullar esa siz va biz to‘lagan soliqlardan ajratiladi, albatta.
Andijonda festival bo‘ldimi, deyayotganlarga ma’lumot. Ha bo‘ldi. 29-30-31 iyul kunlari Andijon viloyatining Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” nomli festival bo‘lib o‘tdi. Festival haqida eshitmaganlar bordir, lekin O‘zbekistonga Inna, Joni, Megan, Daniella va Jah Khalib kabi jahon yulduzlari kelganini ko‘pchilik eshitdi. Ularning o‘zidan oldin gonorari qanchaga tushgani tarmoqlarni portlatdi.
Odamlar orasida nafaqat festivalga qancha pul sarflangani, balki o‘sha ma’lum-u mashhur Andijon hokimining jurnalistlarga qarata “Qo‘llaringdan baloyam kelmaydi” degan so‘zlari muhokama bo‘ldi.
Keling, bu festivalga kimlar kelgan, qancha pul sarflangan, yuqoridagi qo‘pol so‘zlar haqiqatdan ham jurnalistlarga aytilganmi shu va boshqalarga sal keyinroq to‘xtalamiz. Birinchi festival haqida ma’lumot bersam.
Andijonning Xonobodida tashkil etilgan “Dunyo sadolari” festivali birinchi marta 2023 yilda o‘tkazilgan. Hokimlik festival “Prezidentimiz tashabbusi bilan” o‘tkazilyapti, demoqda. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, aslida bu festivalni o‘tkazish shaxsan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning tashabbusi. Prezident esa uni qo‘llab-quvvatlagan. Bu festivalni o‘tkazish uchun alohida hujjat topilmadi. Ammo, “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” va “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” Prezident qarorlari bor.
Hujjatlarning birida 2023 yilda turizm sohasida o‘tkaziladigan madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bor. Unda Respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalini tashkil etish va o‘tkazish yozilgan. Birida esa 2023 yilda bu festival o‘tkazilishi aytiladi. Unga mas’ul esa Madaniyat va turizm vazirligi va Andijon viloyati hokimligi ekani yozilgan. QALAMPIR.UZ Madaniyat vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik vakillariga ko‘ra, bu festivalni o‘tkazishda vazirlik ham ishtirokchi emas. Ular festival tashkilotchilari tomonidan qaysidir san’atkor ishtiroki so‘ralsagina san’atkor va tashkilotchilarni bog‘lab beradi, xolos. Xonandalarning gonorar masalasi ham ularning o‘zi bilan hal etiladi.
Boshqa viloyatlardagi festivallarda doim bosh qo‘shadigan vazirliklar Andijonga kelganda chetda qolgandek. Kimdan so‘ramang “bu hokim tashabbusi, hamma ishni hokimlik qilyapti, hech kim aralashmaydi”, demoqda.
Andijon viloyati hokimligi 2023 yildagi kabi bu yilgi festival uchun ancha tayyorgarlik ko‘rgani aniq. Bundan tashqari, “piar” kompaniyasi ham juda yaxshi ishladi. Shaxsan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov festivalga tayyorgarlik jarayonlarini bir necha marta ko‘zdan kechirgan.
Turizmni rivojlantirish, Andijon xalqining vaqtini chog‘ o‘tkazish va yana bir qancha maqsadlarda tashkil qilingan bu festivalga Inna, Joni, Megan, Daniella va Jah Khalib kabi jahon yulduzlari hamda mamlakatimizning taniqli xonandalari Yulduz Usmonova, Hamdam Sobirov, Rayhon taklif etilgan.
Yuqorida nomini sanaganimiz yulduzlar tanish-bilishchilik qilib, “tom suvoqqa” kelmaydi. Ularga oldindan “zaklat” berish, kelganda esa pulni “shtir” sanash kerak.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Innaga 130 ming AQSH dollari, Joni va Jah Khalibga 60 ming, Yulduz Usmonovaga 12 ming, Hamdam Sobirov va Rayhon G‘aniyevaga 7 ming AQSH dollari atrofida pul to‘langan. Bundan tashqari, chet ellik DJlar ham yaxshigina gonorar olgan. Albatta, bu rasman tasdiqlangan ma’lumotlar emas. Ya’ni hokimlik shu san’atkorni shunchaga olib keldik, deganicha yo‘q hali.
“Dunyo sadolari” festivalini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar haqida Andijon viloyati hokimligi rasmiy axborot berdi. Hokimlikka ko‘ra, festival davomida Xonobod shahriga mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar soni 2,5 barobarga (2 mln nafar) ortgan. 2 mln odam festival uchun Xonabodga borgan, tasavvur qilyapsizmi? Tadbirkorlik sub’ektlarida tushum keskin oshib, 8,5 milliard so‘mga yetgan. Aytilishicha, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘p.
Hokimlik bergan rasmiy bayonotga ishonadigan bo‘lsak, Andijonga ancha turist tadbirkorlarga yaxshi daromad olib kelgan bu festivalga 6 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Albatta, hokimlik nimaga qancha sarflanganini ochiq aytmagan, oldimizga smeta hujjatini tashlamagan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hokimlik festivalga 6 milliard ketdi, deb sal yanglishgan.
Endi tahririyatda mavjud hujjatlarga yuzlansak. 2024 yilning 21 iyun kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Respublika byudjetidan viloyat byudjetiga ajratilgan ssuda mablag‘lari hisobidan Xonabod shahar mahalliy byudjetiga “Dunyo sadolari” xalqaro festivaliga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq xarajatlarga 7 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar ajratgan.
Oradan bir necha kun o‘tib, 24 iyun kuni esa yana Respublika byudjetidan viloyat byudjetiga ajratilgan ssuda mablag‘lari hisobidan Xonabod shahar mahalliy byudjetiga mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Unga ko‘ra, Xonobod shahar mahalliy byudjetiga 2024 yil iyul oyida o‘tkaziladigan “Dunyo sadolari” xalqaro festivaliga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida biohojatxonalar sotib olish va o‘rnatish xarajatlariga 86 million so‘m ajratilgan.
Yana 25 iyul kuni Respublika byudjetidan viloyat byudjetiga ajratilgan ssuda mablag‘lari hisobidan tadbirga kelgan mehmonlarni olib yurish uchun zamonaviy elektromobil sotib olish va obodonlashtirish hamda tadbir davomidagi boshqa xarajatlarga 113 mln 200 ming so‘m ajratilgan.
Shuningdek, “Dunyo sadolari” xalqaro festivaliga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida: Xonobod shahar ko‘chalarini chiroqlar bilan yoritish va bezak o‘rnatish xarajatlariga 315 million so‘m, tadbir davomida tashrif buyuruvchi mehmonlarni olib yurish uchun zamonaviy elektromobil sotib olish xarajatlariga 260 million so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
“Kino”dan parcha
Xullas, hokimiyat bayonotiga ishonsak, umumiy summa 6 mlrd. Qo‘limizdagi hujjatlarda esa bu raqam 7 mlrd 774 mln ni ko‘rsatmoqda. O‘zi O‘zbekistonning qarzi 35 mlrd dan oshgan bir vaqtda shuncha pulni festivalga sarflash to‘g‘rimi? Bu savol sizga. Fikringizni, albatta, izohlarda yozib qoldiring.
Ana endi yuqorida aytganimiz, jurnalistlarga aytilgan aytilmagani noaniq bo‘lib turgan haqoratga kelsak. Biz suhbatlashgan bir nechta jurnalistlarning aytishicha, hokim jurnalistlar uchun tashkil etilgan kechki ovqat vaqtida so‘zga chiqqan. O‘shanda hokimbuva haqiqatdan ham jurnalistlarga qarata “ovora bo‘lib, mening gaplarimdan kavak qidirmalaring qo‘llaringdan balo ham kelmaydi”, deb aytgan. Yaxshisi videoni o‘zingiz ko‘ring.
Bu video tarmoqlarda tarqalganidan keyin hokimlik matbuot kotibi QALAMPIR.UZ bilan bog‘lanib, videodagi so‘zlar jurnalistlarga qarata aytilmagan, dedi. Hokimlik voizi hokimning bu gapi boshqa davrada, boshqa insonlarga qaratilganini aytmoqda. Lekin qaysi davrada va kimga bunday do‘q qilingani esa ochiqlanmadi. Agar hokimlik videoyozuv taqdim etib, bu so‘zlar haqiqatdan ham jurnalistlarga aytilmagani tasdiqlansa, boshqa gap.
Bu holatga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi favqulodda munosabat bildirdi.
“Andijon viloyati hokimi jurnalistlarga qarata aytgan yuqoridagi so‘zlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Viloyat hokimligi axborot xizmati vakili taqdim etgan materialda hokim yuqoridagi so‘zlarni jurnalistlarga emas, boshqalarga aytgani ma’lum qilingan. Andijon viloyati hokimi ishtirokidagi ayni muloqotda qatnashgan bir qator markaziy OAV vakillari esa Shuhrat Abdurahmonov yuqorida keltirilgan so‘zlarni jurnalistlarga qarata aytganini tasdiqlashmoqda”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, uyushma O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi 82-moddasida Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanganini eslatadi. Barcha mutasaddi rahbarlarni Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan ushbu normaga ham qat’iy amal qilishga chaqiradi.
“Uyushma Andijon viloyati hokimi bilan bog‘liq yuqoridagi holatni qoralaydi. O‘z navbatida, ushbu holat bo‘yicha tegishli organlardan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq munosabat bildirishini so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Ammo uyushmaning bu talabi bajariladimi yo‘qmi, bu bizga qorong‘i. Har holda shu kungacha qanchadan qancha hokimbuvalarning xurmacha qiliqlariga ko‘z yumilgan. Bunisi ham o‘tib ketadi.
Xullas, shu tariqa Andijonning Xonobodidagi festival o‘z nihoyasiga yetdi. Bu festivalni o‘tkazib kim nima topdi, biz bilmaymiz-ku. Ammo xalqning shuncha puli sarflandi. Bir nechta andijonlik do‘stlarimiz bilan suhbatlashdim. Ularning aytishicha, bugun Andijon viloyatida kutubxona juda kam, transport masalasi ham yaxshigina muammo, yo‘llarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari, svetoforlar yetishmovchiligi. Ta’mirlanmagan maktablar, kompyutersiz informatika xonalari. Xullas, shunaqa gaplar. Yuqorida aytganimiz gap – qarzi 35 milliardga yetgan O‘zbekistonga bunday festival kerakmi o‘zi?
LiveBarchasi