Prezident ishdan olgan sobiq hokim yangi lavozimni egalladi
Jamiyat
−
15:56
8870Sayyor qabulda fuqarolarga poygakdan joy berganidan keyin internetda mashhur bo‘lgan Andijon tumani sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyat Kengashi raisi lavozimiga saylandi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Andijon viloyat kengashi xabar berdi.
Abdujabbor Husanovich Egamberdiyev bugunga qadar Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi vazifasida ishlab kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, Egamberdiyev Abdujabbor Xusanovich 1974 yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati davomida davlat soliq xizmatida, Andijon viloyati hokimligida va 2021-2022 yillarda Andijon tumani hokimi bo‘lib ishlagan. U Prezident topshirig‘iga binoan 2022 yilning 27 sentyabr kuni davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun Andijon tumani hokimi lavozimidan ozod etilgandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yanvar oyida Abdujabbor Egamberdiyev va uning himoyachisi tomonidan sudga o‘talmay qolgan mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi arizasi taqdim etilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudining 2024 yil 18 yanvardagi ajrimi bilan Abdujabbor Egamberdiyevning arizasi qanoatlantirilib, u faqatgina o‘talmay qolgan 1 yil 3 oy 16 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar