Navalniy sabab Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilindi

Olam

image

Bugun, 15 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat sabab Rossiya fuqarolariga sanksiya joriy qildi. 

“Qora ro‘yxat”ga Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, Prezidentning ichki siyosat bo‘limi boshlig‘i Andrey Yarin, Mudofaa vazirining o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov va Rossiya Prezidentining Sibir federal okrugidagi vakolatli vakili Sergey Menyailo tushdi.

Davlat organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Tegishli qaror Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilindi.

Buyuk Britaniya hukumati ham xuddi shunday cheklov choralari to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.

Ular Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.

Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.

14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafas oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida

Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.

Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.

Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.

Rossiya zaharlanishni inkor qilib turgan bir vaqtda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti mutaxassislar rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning qonida zaharli modda borligini tasdiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing