Navalnaya eri sharafiga siyosiy mukofot e’lon qildi
Olam
−
17 fevral
3046Berlinda rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan kechada uning bevasi Yuliya Navalnaya eri sharafiga “siyosatchilar va ommaviy tashabbuslar uchun” yillik mukofot ta’sis etilishini e’lon qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 16 fevral kuni Berlinda Yuliya Navalnaya turmush o‘rtog‘i va siyosatchi Aleksey Navalniy vafotining bir yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasida qatnashgan. Navalnaya Berlindagi Kayzer Vilgelm memorial cherkovida erining xotirasiga bag‘ishlab yillik mukofot ta’sis etilishini aytgan.
“Bu yosh siyosatchilar, ommaviy tashabbuslar uchun mukofot bo‘ladi” , deydi Navalnaya.
Navalniy xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun u yerda 500 ga yaqin odam yig‘ilgan. Shuningdek, 2024 yil avgust oyida Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keng ko‘lamli mahbus almashinuvi doirasida Rossiya qamoqxonalaridan ozod etilgan siyosatchilar Ilya Yashin va Andrey Pivovarov ham mazkur marosimda qatnashgan.
“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ozodlik va uning himoyachilariga qarshi shafqatsiz kurashmoqda, biroq Navalniyning jasorati vaziyatni o‘zgartirdi va uning o‘limidan keyin ham ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda”, deydi Germaniya hukumati kansleri Olaf Shols.
Ma’lumot uchun, 12 fevral kuni Britaniya parlamentida bo‘lib o‘tgan marosimda marhum muxolifat yetakchisining avtobiografik kitobi Vestminster kitob mukofotining 2024 yilgi sovrindori bo‘lganini e’lon qilingan. U “Parlament a’zosi yozmagan eng yaxshi siyosiy kitob” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Vestminster kitob mukofoti 2016 yilda Britaniya kitob sotuvchilar uyushmasi va nashriyotchilar uyushmasi tomonidan ta’sis etilgan. Bu Buyuk Britaniyaning yagona siyosiy yozuvchi mukofoti bo‘lib, kitob sotuvchilar tomonidan tuziladi va parlament a’zolari tomonidan ovoz beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parijda Rossiya elchixonasi yaqinidagi ko‘chaga Navalniy nomi berilishi haqida xabar berilgandi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi