Berlinda supermarket kassiri 11 soat garovda ushlab turildi
Olam
−
11 iyul 1824 2 daqiqa
Germaniyaning Berlin shahridagi supermarketlardan birida sodir bo‘lgan garovga olish holati politsiya amaliyoti orqali yakunlandi. Huquq-tartibot idoralari qariyb 11 soat davom etgan operatsiya davomida kassir ayolni qutqarib, gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 10 iyul kuni soat 22:00 atrofida boshlangan. Guvohlarning aytishicha, erkak supermarketga kirib, kassada ishlayotgan ayolni pichoq bilan qo‘rqitgan va uni garovga olgan.
Gumonlanuvchi ayolni 11 soat 20 daqiqa davomida ushlab turgan. Shu vaqt davomida supermarket hududi politsiya tomonidan o‘rab olingan. Voqea joyiga maxsus kuchlar, tez yordam xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar hamda ko‘plab politsiya ekipajlari jalb qilingan.
Politsiya muzokarachilari garovga oluvchi bilan aloqa o‘rnatib, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga uringan. Bugun, 11 iyul kuni soat 9:20 atrofida maxsus kuchlar supermarket ichiga kirib, operatsiyani yakunlagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchini qo‘lga olish vaqtida elektroshok qurilmasidan foydalanilgan.
Hodisa vaqtida supermarketda bo‘lgan boshqa xodimlar binodan sog‘-salomat chiqarilgan va ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Guvohlardan biri Germaniyaning “Bild” nashriga bergan intervyusida gumonlanuvchi avval kassada bo‘lganini, keyin esa to‘satdan pichoq chiqarganini aytgan. Biroq politsiya ushbu ma’lumotni hozircha rasman tasdiqlamagan.
Hozirda gumonlanuvchi va garovga olingan ayol o‘rtasida avvaldan aloqa bo‘lgan yoki bo‘lmaganiga aniqlik kiritilmagan. Politsiya voqea yuzasidan tergov ishlarini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyun kuni Turkiyaning Anqara shahrida ota o‘zining 3 yoshli qizini garovga olib, darazadan uloqtirmoqchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi