Xakerlar Fransiyada supermarketlarga “issiqlik hujumi“ uyushtirdi
Olam
−
08:48 642 3 daqiqa
Fransiyada xakerlar bir necha yuzta supermarketdagi muzlatkichlarning haroratini masofadan turib 50 darajagacha ko‘tardi. Oqibatda katta miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yaroqsiz holga kelib, ayrim do‘konlarda yong‘inlar ham yuz berdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kiberhujum Fransiyadagi bir nechta yirik savdo tarmoqlariga tegishli supermarketlarda sodir bo‘lgan. Parij prokuraturasi kecha, 12 oktyabr kuni hujum internetga ulangan muzlatkichlarni boshqarish tizimlariga ta’sir qilganini ma’lum qilgan. Hozirda hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Intermarché savdo tarmog‘iga egalik qiluvchi Les Mousquetaires kompaniyasi 150 ga yaqin do‘koni hujumdan zarar ko‘rganini bildirgan. Ulardagi muzlatkichlar olti soat davomida 50 darajagacha qizib ketgan. Oziq-ovqat mahsulotlari inson salomatligiga xavf tug‘dirmasligi uchun tashlab yuborilgan.
Coopérative U supermarketlar tarmog‘i rahbari Dominik Shelcher ham o‘z do‘konlari hujumdan zarar ko‘rganini tasdiqlagan.
“Yangi mahsulotlarni saqlash va fransuz aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun muhim bo‘lgan uskunalarni nishonga olish o‘ta jiddiy va misli ko‘rilmagan hodisadir”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Shuningdek, Fransiyaning eng yirik supermarketlar tarmog‘i E.Leclerc ham hujumdan zarar ko‘rgani haqida xabarlar tarqalgan. BFM TV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, xakerlar ko‘plab do‘konlardagi sovitish tizimlarining muzdan tushirish funksiyasini masofadan ishga tushirgan. Carrefour, Monoprix va Auchan savdo tarmoqlari esa bu holat yuzasidan izoh bermagan.
Kiberhujum oqibatlari Fransiyadan tashqarida ham kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Niderlandiyaning Ahold Delhaize kompaniyasi o‘z tarmog‘ida xavfsizlik bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Kompaniya tizimlarni himoya qilish uchun ayrim xizmatlarini vaqtincha o‘chirgan.
Niderlandiyadagi eng yirik supermarketlar tarmog‘i Albert Heijn do‘konlari Niderlandiya va Belgiyada ishlashda davom etgan. Biroq uning internet orqali buyurtma berish ilovasi va yetkazib berish xizmati ishlamay qolgan. Elektron narx yorliqlarida ham noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan. Belgiyadagi Delhaize supermarketlari ham xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. Hozircha Niderlandiya va Belgiyadagi muammolar Fransiyadagi kiberhujum bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi aniqlanmagan.
Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornyu mamlakatning kiberxavfsizlik bo‘yicha milliy agentligi ANSSIdan hodisani tekshirishni so‘ragan. Fransiya boshqa Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Shuningdek, mamlakatdagi boshqa kompaniyalar ham hujum xavfi ostida qolgan-qolmagani tekshirilmoqda.
Tekshiruv davomida muzlatkichlarni boshqarish tizimlarida zaiflik aniqlangan. Bosh vazir idorasiga yaqin manbaning aytishicha, muammo Daniyaning Danfoss kompaniyasi ishlab chiqargan dasturiy ta’minot bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Danfoss Fransiyadagi ayrim sovitish tizimlarida muammolar yuzaga kelganidan xabardor ekanini bildirgan. Kompaniya zarar ko‘rgan uskunalarda dasturiy ta’minotning eskirgan versiyalari ishlatilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xakerlar Pentagonning 3 milliondan ortiq amaldagi va sobiq xodimlarining maxfiy ma’lumotlarini o‘g‘irlagandi.
Live
Barchasi