NATO Ukrainaga qanday yordam berishi ma’lum qilindi
Olam
−
23 mart 2022
22379NATO Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, biroq alyans Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgardir. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ertaga, 24 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Shimoliy Atlantika alyansi davlat va hukumat rahbarlarining favqulodda sammiti arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“O‘tgan bir oy ichida ittifoqchilar harbiy yordamni kuchaytirib, [Ukrainaga] tankka va havo hujumiga qarshi tizimlar, uchuvchisiz samolyotlar, yoqilg‘i va o‘q-dorilar, shuningdek, moliyaviy yordam ko‘rsatishdi va millionlab qochqinlarni qabul qilishdi”, deydi Stoltenberg.
U ittifoqchilar ertaga bo‘lib o‘tadigan sammitda qo‘shimcha yordam berishga rozilik bildirishlaridan umidvor ekanini urg‘uladi.
“Ammo biz jangovar harakatlar Ukraina chegarasidan tashqariga chiqmasligi va NATO va Rossiya o‘rtasidagi mojaroga aylanib qolmasligi uchun javobgarmiz. Bu yanada ko‘proq o‘lim va vayronagarchilikka olib keladi”, deydi alyans Bosh kotibi.
U, shuningdek, “NATO ittifoqchilari 2014 yildan beri o‘n minglab ukrainalik askarlarni o‘qitgan va hozir ular oldingi safda”, deb qo‘shimcha qildi.
NATO Ukrainaga kiberxavfsizlik va kimyoviy va biologik hujumlardan himoya qilish sohasida ham yordam beradi.
“Men yetakchilar Ukrainaga biologik, kimyoviy, yadroviy va kiber tahdidlardan himoya qilish uchun qo‘shimcha yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishib olishlarini kutaman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Bryusselda NATOga a’zo davlatlar rahbarlarining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha favqulodda sammiti bo‘lib o‘tadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sammitda videoformatda qatnashadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi