Zelenskiy “Drujba” quvurini ta’mirlashga va’da berdi
Olam
−
14 aprel 2732 2 daqiqa
“Drujba” neft quvurini ta’mirlash ishlari aprel oyi oxirigacha neft haydash imkonini beradigan darajada yakunlanadi. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ta’mirlash “to‘liq emas, lekin faoliyat ko‘rsatish uchun yetarli darajada” amalga oshiriladi.
“Barcha rezervuarlar ta’mirlanmaydi, bu uzoq davom etadigan jarayon, ammo masala boshqa narsada. U [quvur – tahr.] ishlay oladimi? Ha”, deydi Prezident.
U Ukrainaning Vengriya bilan hamkorligiga ishonishini qo‘shimcha qilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Vengriyaning yangi rahbariyati bilan pragmatik yoki do‘stona munosabatlarni “kelishuvlar, hamkorlik va o‘zaro hurmat asosida” qurish mumkin va bu ikkala mamlakatni ham faqat kuchaytiradi.
Zelenskiy Ukraina uchun Vengriyadagi saylov kuni “zulmat ustidan nur g‘alaba qozongan” kun bo‘lganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yangi bosh vazir Peter Madyar bilan uchrashishga “har doim tayyor”.
Ma’lumot uchun, “Drujba” neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali Vengriya va Slovakiyaga neft yetkazib berish joriy yil yanvar oyi oxirida to‘xtagan edi. Kiyev Ukraina hududidagi quvurda nosozlik yuz berganini ma’lum qilgan. Biroq Budapesht va Bratislava Ukrainani “energetik shantaj” va yetkazib berishni ataylab to‘xtatishda ayblagan. Zelenskiy ta’mirlash ishlarini bir necha bor kechiktirgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra Vengriya parlamentida konstitutsiyaviy ko‘pchilikni (uchdan ikki qism o‘rinni) qo‘lga kiritgan Peter Madyar va uning partiyasi Ukrainaning Yevropa Ittifoqidan kredit olishiga to‘sqinlik qilmasligini ma’lum qilgan edi. Bungacha Viktor Orban mazkur masalada veto qo‘ygandi.
Live
Barchasi