NATO Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda
Olam
−
27 Sentabr 2020
8741Shimoliy Atlantika alyansi Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatdan qattiq xavotirda va mojaro tomonlarini harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirmoqda. Bu haqda NATO Bosh kotibining Markaziy Osiyo va Kavkazdagi maxsus vakili Jeyms Appaturayning bayonotida aytilgan.
"NATO Tog‘li Qorabog‘ mojaro zonasidagi aloqa chizig‘i bo‘ylab keng miqyosli harbiy harakatlar to‘g‘risida xabarlardan juda xavotirda. Tomonlar zudlik bilan tinchlik aholining qurbon bo‘lishiga olib kelgan harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak”, deyiladi bayonotda
Bayonotda "ushbu mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilishning imkoni yo‘qligi" ta’kidlangan.
"Tomonlar tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashlari kerak. NATO EXHT Minsk guruhining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi", deyiladi hujjatda.
Shuningdek, Eron ham Baku va Yerevanni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan avval Rossiya ham ikki mamlakatdan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni so‘ragan edi. Turkiya esa, aksincha, bu to‘qnashuvda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Armanistonni provakatsiyada, Minsk guruhini esa 30 yildan beri bu masalaga ko‘z yumib kelishda aybladi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari bugun, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi.
Eslatib o‘tamiz, bugunning o‘zida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, zudlik bilan sulh tuzishni taklif qildi.
LiveBarchasi