NATO davlatlari Ukrainaga xorijliklarni yollashga yordam beryapti – Rossiya TIV

Olam 5437
image

NATOning bir qator davlatlari Kiyevning Donbassdagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun chet el fuqarolarini yollash bo‘yicha harakatlarini yashirincha qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda RIA Novostiga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yangi chaqiriq va tahdidlar departamenti direktori Vladimir Tarabrin ma’lum qildi.

“Rossiya Federatsiyasi Ukraina sharqida Kiyev rejimi tomonida harbiy amaliyotlarda qatnashish uchun NATOga a’zo ayrim davlatlarning yashirin ko‘magida Ukraina hukumatining xorijiy fuqarolarni jalb qilishini diqqat bilan kuzatib boradi”, deydi diplomat.

Shuningdek, u ishga qabul qilish jarayonida nafaqat nodavlat tashkilotlar, balki Ukrainaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ham ishtirok etayotganini va bu xalqaro shartnomalarga, xususan, Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi 1961 yildagi Vena konvensiyasiga zid ekanini ta’kidlagan.

Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkovning ta’kidlashicha, Ukrainaga kelgan yollanma askarlarni jangchilar deb hisoblash mumkin emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ularni kutayotgan eng yaxshi narsa uzoq muddatli qamoqxonadir”. Shunga qaramay, iyun oyida DXR rahbari Denis Pushilin Donbassda noqonuniy jang qilayotgan xorijliklar soni kamayib borayotgani, ular Ukrainani tark etishga urinayotgani haqida xabar bergan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 13
Reyting: 3.3
t
×