Nyu-Yorkda oila a’zolarini o‘ldirgan o‘zbekistonlik 200 yilga qamalishi mumkin
Olam
−
22 iyul
20177AQSHning Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik oilaning 4 nafar a’zosi o‘ldirib ketilgani, qurbonlar qotilning 56 yoshdagi onasi, akasining 27 yoshli ayoli va 4 va 5 yoshli jiyanlari ekanligi haqida xabar berilgandi.
Bruklinda ushbu qotillikni sodir etgan shaxsning ismi Shahboz Rajabboyev ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “New York Daily News” xabar berdi.
Nyu-York politsiyasi kecha, 21 iyul kuni Bruklindagi qotillikni sodir etgan 24 yoshli erkakka qarshi rasmiy ayblovni e’lon qildi. Nashrning yozishicha, oila qotiliga 4.1 va 4.2-darajali qotillikni amalga oshirganlik ayblovi bilan jami 200 yil qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
“New York Post” nashri oila qo‘shnilariga tayanib bergan ma’lumotida gumonlanuvchining ruhiy nosog‘lom bo‘lishi mumkinligi va giyohvand moddalar iste’mol qilishini keltirib o‘tgan. Biroq sudga Rajabboyevning tarmoqdagi raqamli izlaridan uning ruhiy sog‘lom va giyohvand bo‘lmagan holda jinoyatga qasddan qo‘l urgani ma’lum bo‘ldi. Erkakning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari Rajabboyevning AQSHdagi eng yirik banklardan biri – Bank of America’da ishlaganini ko‘rsatadi.
AQSH qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda qotillik darajalarga qarab turlanadi. Odam o‘ldirishning eng og‘ir turi 1-darajali qotillik bo‘lib, bu qasddan odam o‘ldirishdir. 2-darajali qotillik esa jahl ustida, ya’ni rejalashtirmagan holda odam o‘ldirishga aytiladi. Ba’zi hollarda qotillik tafsilotiga qarab, inson birdaniga bir inson o‘limi uchun 1 va 2-kategoriyada qotillikni amalga oshirishda ayblanishi mumkin. Nyu-York Amerikaning o‘lim jazosi qo‘llamaydigan shtati hisoblanadi. Bu jinoyat uchun Rajabboyev har bir 1-toifa qotilligi uchun 25 yildan umrbod qamoq jazosi hamda 2-toifa qotillikning har biri uchun 25 yilgacha qamoq jazosi, jami 200 yil qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Pensilvaniya shtatida o‘zbekistonlik ayol sobiq eri tomonidan o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi. Ayolning 44 yoshli Al Allaberg ismli sobiq turmush o‘rtog‘i uning xonadoniga bostirib borgan va uning ko‘krak qafasiga bir necha marta o‘q uzgan. Sobiq xotinining o‘lganiga ishonch hosil qilgan Allaberg o‘zining boshiga o‘q otib, joniga qasd qilgan.
LiveBarchasi