“Muzlatilgan mojaro kerak emas”. Zelenskiy Rossiya bilan qanday sulh tuzmoqchi?

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Polsha tomonidan ilgari surilayotgan NATO tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga olib kirish g‘oyasini hali kutmagandi. Bu haqda u urush boshlanganidan keyin rossiyalik jurnalistlarga bergan birinchi intervyusida ta’kidladi.  

“Bosqin endigina boshlanganda, atom elektr stansiyalarimiz, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa korxonalar bilan bog‘liq xavf-xatarlar yuzaga kelganida, biz u yoki bu shaklda tinchlikparvar kuchlarni taklif qilishni aytgan edik. Lekin biz buni kutmagan edik”, deb eslaydi u. 

Shu bilan birga, Zelenskiy Ukrainaga “muzlatilgan mojaro kerak emas”ligini ta’kidlagan.

Ukrainaning hozirgi bosqichdagi harbiy maqsadini qanday shakllantirishi va harbiy g‘alabani qanday tasavvur qilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Zelenskiy “qurbonlar sonini imkon qadar kamaytirish”, shuningdek, “murosa qiladigan hududlardan RF qo‘shinlarini olib chiqib ketish” zarurligini aytgan. 

“Rossiyani hududni to‘liq ozod qilishga majburlab bo‘lmasligini tushunaman, bu uchinchi jahon urushiga olib keladi. Shuning uchun men aytaman: murosa. Hammasi boshlangan joyga qayting, o‘sha yerda Donbass muammosini hal qilishga harakat qilamiz”, degan Ukraina Prezidenti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

48

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing