Mudofaa vazirligi: Ozarbayjon Armanistonni so‘nggi bor ogohlantirdi

Olam

image

Bugun, 28 sentyabr kuni Armaniston Qurolli Kuchlari harbiylari Ozarbayjonning Terter shahrini o‘qqa tutdi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Vazirlik qarshi tomonni so‘nggi bor ogohlantirib, ularga javob sifatida tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

"Mudofaa vazirligi rahbariyati raqibni ularga nisbatan kerakli choralarni ko‘rishimiz haqida so‘nggi marta ogohlantiradi", deyiladi xabarda.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvlarga turli davlatva xalqaro tashkilotlar munosabat bildirishni boshladi. Rossiya har ikki mamlakatdan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni so‘ragan edi. Turkiya esa, aksincha, bu to‘qnashuvda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Armanistonni provakatsiyada, Minsk guruhini esa 30 yildan beri bu masalaga ko‘z yumib kelishda aybladi. Shuningdek, rasmiy Tehron va NATO ham tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirgandi. O‘zbekiston esa MDHga rais mamlakat sifatida taraflarning harakatlaridan tashvishdaligini bildirib, ularni vazminlikka chaqirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp tilga kirib, holatni kuzatayotganini va unga biror ta’sir o‘tkaza olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi.

Eslatib o‘tamiz, bugunning o‘zida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, zudlik bilan sulh tuzishni taklif qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

642

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing